Rossiya Premer-ligasining o‘ninchi turiga kelib, SSKA futbolchilari beshta o‘yin davom etgan g‘alabasiz seriyasiga barham berdi.
Moskvalik “armiyachi”lar o‘z maydonida autsayder jamoalaridan biri “Baltika”ni qabul qilgan bo‘lsa-da, raqibdan jiddiy qarshilikka uchradi.
Uch ochkoli bahsni to‘liq maydonda o‘tkazgan legionerimiz Abbosbek Fayzullayev bu gal ham juda faol o‘yin ko‘rsatib, muxlisu mutaxassislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fetodov jurnalistlar bilan suhbatda o‘zbek futbolchisi haqidagi savollarga ham javob berdi.
— Uzoq kutilgan g‘alaba. Himoyada ishonchli o‘ynadik. Birinchi bo‘limda sovuqqonlik yetishmagan bo‘lishi mumkin. Aniqroq o‘ynash mumkin bo‘lgan holatlar ham kuzatildi. Raqibni ham olqishlash kerak. Bu jamoa Premer-ligaga moslashib oldi. “Baltika”da shijoat bor, pressing uyushtiradi, oldinga intiladi, yaxshi himoyalanadi.
— Nega Zabolotniy o‘yinga ancha kech tushirildi?
— Antonga so‘nggi uchrashuvlarda bosim katta bo‘ldi. Har bir odam ozgina hordiq chiqarishi kerak. Biz uni ehtiyot qilishga va vaziyatga qarab ish ko‘rishga harakat qildik. Anton har qanday vaqtda ham maydonga tushishi mumkin edi.
— Fayzullayev o‘yindan o‘yinga faolroq o‘ynayapti, bu gal uzoq masofalardan zarba bera boshladi...
— Bu yomon emas, albatta. Lekin masofani his qilish kerak. Abbos to‘pni uzatishga harakai qilgan vaziyatlar bo‘ldi, biroq bir soniya shoshilgani uchun to‘p yetib bormadi. Uzoqdan zarba bergan bir vaziyatda Fyodor Chalov ochilgan edi, to‘pni unga yetkazib berganida hujumchi bunday holatda nima qilishni yaxshi bilardi.
Fayzullayevni zarba berishga ixtisoslashtiryapmiz. Lekin zarbalar gol ursa bo‘ladigan masofadan yo‘llanishi kerak.
— Davila va Fayzullayev qanotlarni ko‘p almashtirdi. Bu sizning ko‘rsatmangizmi?
— Uchrashuv davomida bo‘sh hudud ochilsa, ikkalasi markazga qarab intildi, to‘pni olishga harakat qildi. Hujum tashkil qilishda ham shunday bo‘ldi. Pozitsiyalarni almashtirib o‘ynash, hozir normal holat hisoblanadi.
SSKA qiyin g‘alabadan keyin ochkolari sonini 16 taga yetkazib oldi. Navbatdagi turda “armiyachilar” yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi asosiy raqiblaridan biri – “Spartak” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring