Bekobodning “Metallurg” klubi g‘alabali seriyasini boshlab oldi. Bu jamoa ayniqsa, ikkinchi davrada ancha o‘zgardi, albatta ijobiy tomonga. Natijada raqiblarini birin-ketin mag‘lub etib kelmoqda.
Chernogoriyalik bosh murabbiy Vesko Steshevich o‘zi xohlayotgan jamoani qurayotgani ko‘rinib turibdi. Bu borada klub rahbariyati ham murabbiyga barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Mana shunday muvaffaqiyatlar haqida gap ketar ekan, “Metallurg” klubi boshlig‘i Shavkat Saidov shunday dedi:
"Yana eski mavzuga qaytaman. Rahbar sifatida oldingi natijalarimizni tahlil qildim va o‘zimni fikrimdan qaytmayman. Bir necha yillar “Metallurg” klubi raxbariyati tomonidan shuncha murabbiylarga imkoniyat berildi. Bundan klub nimadir oldi, nimadir yutqazdi. Esingizda bo‘lsa, oldin siz bilan gaplashganimizda nima uchun hozirgi murabbiyga to‘xtaldi, degan savolni bergandingiz. Shunday vaqt kelgandiki, tajribaliroq murabbiyga tayanish, fursati bo‘lgandi. Steshevich kelgach, birgalikda ishni boshladik, nazorat qildik. Bu murabbiyning ishga yondashuvi va bundan tashqari, birinchi davradan keyingi qilingan seleksiya ishlari, asosiysi, ushbu seleksiya uchun kombinat rahbariyati tomonidan ajratilgan mablag‘larni ham aytib o‘tishim kerak. Himoyani mustahkamlash uchun Erondan ikkita futbolchi, markazga tajribali Iskandar Shoyqulov va Sardor Abduraimovning kelishi, oldingi chiziqqa esa o‘zimiz tarbiyalagan mohir hujumchi Shahzod Ubaydullayevning qaytishi bejizga bo‘lmadi. Jamoadagi yaxshi muhit, raqobatbardosh tarkib bo‘lgani ham juda muhim rol o‘ynayapti. Yangi murabbiyning bilimidan tashqari pedagogik va psixologik jihatdan yondashuvlari ham bugungi g‘alabalarimiz omili bo‘lib xizmat qilyapti".
Ma’lumki, “Metallurg” stadioni maydonini yanada yaxshilash uchun Bekoboddagi arena yopildi va klub vaqtincha uy stadioni sifatida OKMKning maydonidan foydalanib turadi.
"Stadionni rekonstruksiya qilish bo‘yicha rejamiz bor edi va buni PFL rahbariyatiga ham taqdim qilganmiz. Hozirgi kunda birinchi bosqich boshlandi, desa ham bo‘laveradi. 3-4 ta kompaniyalardan takliflar bor. Kelasi yili albatta o‘zimizda o‘yinlarni o‘tkazamiz", - deya bu borada munosabat bildirdi, Saidov.
Yuqorida bejizga bosh murabbiyga to‘xtalganimiz yo‘q. Vesko Steshevich endilikda o‘zidan yanada yaxshiroq taassurot qoldirishni boshladi. Seleksiyadan so‘ng uning jamoasi ancha mustahkam va o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan o‘yin ko‘rsatyapti. Klub rahbariyati u bilan hamkorlikni yanada davom ettirmoqchimi? Shavkat Saidov bosh murabbiy masalasiga ham to‘xtaldi.
"Bosh murabbiy Steshevich bilan amaldagi shartnomamiz mavjud. Yaqinda, OKMK bilan o‘yindan oldin rahbariyat bilan birgalikda murabbiylar shtabi va futbolchilar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazdik. Shundan so‘ng rahbariyat bilan kichik davrada bosh murabbiy masalasini ko‘rib chiqdik. Vesko bizga va’da berdiki, u kelasi yili ham jamoamizda o‘z ishini davom ettiradi. Yaqin kunlarda barchasi tasqdilansa OAV orqali xabar beramiz. U bilan yana birgalikda ishlash niyatimiz bor. Uning shartnomasi shu yil oxirigacha va ushbu masala ko‘tarildi. Rahbariyat murabbiy bilan muloqot qildi. Xudo hohlasa, kelasi yilga bundan ham yaxshi sharoitlarda va maqsadlar bo‘yicha ishlash yuzasidan fikrlar bir joydan chiqdi. Bu masalada murabbiylar ham bizga o‘z takliflarini beradi".
Shuningdek, jamoa boshlig‘i “Metallurg”ning g‘alabalari va ayniqsa, Olmaliqda OKMKni 2:4 hisobida mag‘lub etgan o‘yin xususida ham gapirdi.
“Qancha g‘alaba bo‘lsa, shuncha ruhiyat ko‘tariladi. Yangi qirralarni ochishga harakat qilasiz. Buning zamirida katta mehnat, murabbiyning bilimi, tashkiliy ishlarning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, rahbariyat tomonidan qo‘llab-quvvatlovning qoniqarli darajada bo‘layotgani ham o‘zining ijobiy ta’sirini bermoqda. Futbolda mayda-chuyda xatolarga ham o‘rin qoldirmaslikka harakat qilyapmiz. Ha, biz OKMK maydonida ham yutdik. Bu klubni hurmat qilamiz. Kuchli jamoa yig‘ilgan. Zo‘r mutaxassis Mirjalol Qosimov va yaxshi homiy boshchiligida ajoyib jamoa tuzilgan. Lekin nafaqat bizning chempionatda, balki boshqa chempionatlarda ham klublar qaysi o‘rinda bo‘lishidan qat’iy nazar derbilar juda qiziqarli kechadi. Shuni hisobga olgan holda biz OKMKdan kuchli yoki kuchsiz deya olmayman. Balki biz – “Metallurg” OKMK uchun noqulay raqibdirmiz”, - deydi Shavkat Saidov.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring