13:50 / 04.10.2023
511

Yaxshiboyev Ronaldu qilgan ishni uddaladi!

Yaxshiboyev Ronaldu qilgan ishni uddaladi!

Bu galgi Osiyo chempionlar ligasi o‘zgacha o‘tmoqda. Bunga arab klublari o‘z safiga Yevropada nom taratgan futbolchilarni qo‘shib olgani sabab. Jahon va Yevropa miqyosidagi nufuzli musobaqalarda porlagan Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema, Neymar, Ngolo Kante kabi bir necha yulduzlar Osiyo klublarining eng zo‘r turniri sifatida e’tirof etiladigan Chempionlar ligasida to‘p tepishi muxlislarni xushnud etmoqda.

UYEFA Chempionlar ligasida eng ko‘p – 183 ta o‘yin o‘tkazib, eng ko‘p – 140 gol urgan Krishtianu Ronaldu qit’amizning eng nufuzli turnirida ham gollari hisobini ochib ulgurdi. 38 yoshli yulduz "An-Nasr" hujumchisi sifatida yon qo‘shnimiz – Tojikistonning “Istiqlol” jamoasi darvozasiga musobaqadagi birinchi golini urdi.

Qiziq holat yuzaga kelmoqda. Qit’amizda faoliyat yuritayotgan charm to‘p ustalari orasida Yevropa va Osiyoning eng katta musobaqasida gol urgan futbolchilar safi kengayib boryapti.

Endi ular orasiga o‘zbek hujumchisi ham qo‘shildi.

Namanganning “Navbahor” jamoasi o‘z tarixida ilk bor Osiyo Chempionlar ligasining  guruh bosqichida qatnashmoqda.

Samvel Babayan shogirdlari birinchi turda Neymar yetakchiligidagi “Al-Hilol”dan bir ochko olib kelgani shov-shuvli natija sifatida qayd etilgandi. Aslida o‘sha bahsda saudiyaliklar mag‘lubiyatdan bazo‘r qutilib qolgan.

“Navbahor” ikkinchi turda o‘z maydonida Hindistonning “Mumbay Siti” jamoasini qabul qilib, yirik hisobda g‘alaba qozondi. O‘yinda hisobni ochish imkoniyatiga birinchi hindistonliklar ega bo‘ldi. Biroq Styuartning 11 metrlik belgidan bergan zarbasini O‘tkir Yusupov mahorat bilan qaytardi.

Bellashuvning ikkinchi yarmida mezbonlar uchta to‘p kiritdi. Gollarga Jamshid Iskandarov, Jasur Yaxshiboyev va Doniyor Abdumannopov  mualliflik qildi.

Osiyo chempionlar ligasida debyut golini urgan Jasurbek Yaxshiboyev xuddi Ronaldu singari Yevropada ham to‘p kiritgan o‘yinchiga aylandi. Hamyurtimiz portugaliyalik yulduzdan farqli ravishda UYEFA turnirida faqat bittagina gol urgan.

Lekin u qanday zo‘r va qadrli gol edi?

Jasur Yaxshiboyev 2021 yilning sentyabrida Moldovaning “Sherif” jamoasi tarkibida UYEFA Chempionlar ligasining guruh bahslarida “Santyago Bernabeu” arenasida “Real” mehmoni bo‘lib, turnirda eng ko‘p bosh sovrinni qo‘lga kiritgan jamoani 2:1 hisobida yer tishlatgan.

Tarixiy o‘yindagi birinchi golni aynan Jasurbek Yaxshiboyev mashhur darvozabon Tibo Kurtua darvozasiga yo‘llagan edi.

Ta’kidlash joizki, o‘zbekistonlik futbolchilar orasida UYEFA Chempionlar ligasida eng ko‘p o‘yin o‘tkazgan va eng ko‘p gol urgan hujumchi Maksim Shatskix hisoblanadi. Hozir “Paxtakor”ga bosh murabbiylik qilayotgan Shatskix Kiyevning “Dinamo” jamoa safida muntazam xalqaro maydonda to‘p tepib kelgan.

Futbol olamidagi nufuzli manba - https://www.transfermarkt.world  portalida qayd etilishicha, Maksim Shatskix Yevropa Chempionlar ligasining saralash musobaqasida 24 ta o‘yinda raqiblar darvozasini 12 marta nishonga olgan.

Chempionlar ligasining asosiy turnirida 45 marotaba maydonga tushib, o‘z hisobiga 11 ta gol hamda bir juft assist yozdirib qo‘ygan.

Bir so‘z bilan aytganda, qit’amiz futbol ishqibozlari yaqindagina Yevropaning eng nufuzli musobaqasi qahramonlari bo‘lgan yulduzlarning Osiyodagi sarguzashtlarini tomosha qilish imkoniga ega bo‘lmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaxshiboyev Ronaldu qilgan ishni uddaladi!