Rossiya Premer-ligasining 10-turi yakunlariga ko‘ra, mutaxassislar turli statistik ma’lumotlarni tahlil qilmoqda.
Ekspertlar mazkur turda eng tez yugurgan futbolchilarni aniqlandi. Kuchli beshlikdan SSKAda o‘ynayotgan legionerimiz Abbosbek Fayzullayev ham o‘rin oldi.
Moskva “armiyachilari” o‘ninchi turda o‘z maydonida “Baltika” futbolchilarini qabul qildi. Bu bahsda legionerimiz to‘liq o‘ynadi. Abbos har galgidek, ancha faollik ko‘rsatdi. SSKA beshta g‘alabasiz o‘yinidan keyin, nihoyat uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
Ushbu bellashuvda Abbos Fayzullayev tezligini ham namoyish etdi va bu ko‘rsatkich bo‘yicha ligada ikkinchi o‘rinni oldi.
O‘ninchi turning eng tezkor futbolchisi sifatida “Axmat” futbolchisi Kamilo e’tirof etildi. U soatiga 33,97 kilometr tezlikda yugurdi.
Kamilodan keyingi o‘rinda qayd etilgan Abbosbek Fayzullayevning tezligi soatiga 33,87 kilometrni tashkil qildi.
Kuchli beshlikdan “Orenburg” futbolchisi Brayan Mansilya, “Dinamo Moskva” himoyachisi Roberto Fernandes va “Zenit” himoyachisi Duglas Santos o‘rin oldi.
Qizig‘i shundaki, tezkorligini namoyish etgan futbolchilarning hammasi legionerlardir. Kamilo va Duglas Saton Braziliya, Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston, Brayan Mansilya Argentina, Roberto Fernandes Paragvay vakillaridir.
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari va shaxsan Abbosbek Fayzullayevning muxlislari uchun yana bir qiziqarli ma’lumotni taqdim etamiz.
SSKA klubi ijtimoiy tarmoqdagi telegramm sahifasida sentyabr oyining eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun so‘rovnoma o‘tkazdi. Unda qatnashgan 30 ming nafarga yaqin muxlis olti nafar o‘yinchiga ovoz berdi.
Eng ko‘p – 81 foiz ovozni Abbosbek Fayzullayev to‘pladi. So‘rovnomada qatnashganlarning 7 foizi Fyodor Chalovga, 4 foizi Anton Zabolotniyga, 3 foizi Viktor Davila hamda Kellvenga, 2 foizi Ivan Oblyakovga ovoz bergan.
Avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tgan Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasida jami beshta uchrashuvda qatnashib, bittadan gol va assist qayd etdi.
Sentyabr oyida Abbos uchta uchrashuvda maydonga tushdi. “Krilya Sovetov” bilan bahsda golli pas uzatib, jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi, “Rostov”ga qarshi bellashuvda gol urib, hisobni tenglashtirdi hamda “Baltika” bilan g‘alabali o‘yinda tezligini namoyish qila oldi.
- SSKAdagi Fayzullayev kabi tana tuzulishiga ega o‘yinchilarning bizning ligamizda muvaffaqiyatli o‘ynay olishiga ko‘pinchi shubha bilan qarashga odatlanganmiz. Rossiya Premer-ligasi futbolchidan jismoniy quvvat va atletizmni talab qiladi, degan tushuncha paydo bo‘lib qolgan.
Mana hozir bo‘yi baland bo‘lmagan, jismonan ixcham, biroq tezkor, muvozanatni yaxshi saqlay oladigan texnikasi zo‘r yigit paydo bo‘ldi. Abbos kurashdan mutlaqo qochmayapti, qo‘rqmay yakkama-yakka kurashlarga kirishyapti, gavdasi kichikligiga qaramay, o‘zini kurashga uryapti va ularda yutib chiqyapti.
Fayzullayev qo‘rqmas va texnikasi zo‘r o‘yinchi ekani uning yutug‘i va bu omillar uni chempionatimizning yorqin futbolchisiga aylantirdi.
Abbosning yoshi va futbolchilik sifatlari, shuningdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi ekanidan kelib chiqib, kelajakda mahorati va transfer summasi yanada oshishiga salohiyati va imkoniyatlari yetarlidir.
Shu o‘rinda, SSKA bu o‘yinchini olib, katta tavakkal qilishdan qo‘rqmaganini ta’kidlash kerak. Bugungi kunda Fayzullayev o‘z o‘yini bilan bu transferni ortig‘i bilan oqlayapti, - dedi rossiyalik futbol eksperti Aleksandr Tilman.
Endi SSKA futbolchilari Premer-liga 11-turining markaziy uchrashuvida “Spartak” jamoasi mehmoni bo‘ladi. Poytaxt derbisi 8 oktyabr kuni o‘tkaziladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring