Hamidov: Bugun “Nasaf”, “Navbahor” va “Neftchi” muxlislari ham “Andijon”ga ishqibozchilik qilishadi
Bugun Andijonda Superligada 21-turdan o‘rin olgan “Andijon” - “Paxtakor” uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu bahs ahamiyatga molik sanaladi. Chunki mezbonlar toshkentliklardan ochko olsa yoki g‘alaba qozonsa, chempionatda intriga yana-da qizib ketadi. Aksi bo‘lsa, “sherlar” chempionlik sari yana bir qadam tashlagan bo‘ladi.
Ushbu muhim bellashuvni Xayrulla Hamidov sharhlab boradi. O‘yin oldidan sharhlovchi telegramdagi sahifasida o‘z fikrlarini bildirdi.
- “Andijon” lider jamoalarga bu mavsum haqiqiy bosh og‘riq klub bo‘layotganini bilasiz. Vodiy muxlislari ham jamoasi o‘yinlaridan mamnun.
Bugungi raqib chempionlikka yaqin “Paxtakor”... Bugun andijonliklarga qo‘shilib “Nasaf”, “Navbahor” va “Neftchi” muxlislari ham “Andijon”ga ishqibozchilik qilishadi, “Paxtakor” qoqilsin deya…
Oxirga vaqtlar ishlari yurishmayotgan “Paxtakor”ning taʼqibchilar bilan oradagi farqi ham tobora qisqarib bormoqda, kamiga OCHLdagi ketma-ket omadsizliklari yana-da bosim yuklayapti. Ushbu bosimdan chiqib olish uchun ham bugun “Andijon”ni mag‘lub etishga urinadi.
Ko‘ramiz “Andijon” qarshilik, farg‘onalik va namanganlik muxlislarini xursand qiladimi yoki “Paxtakor”ning yana bir chempionligi uchun katta qadamiga imkon beradimi?
O‘yin translyatsiyasi “AndijonTV”da jonli, “Sport” kanalida takroriy ketadi, - dedi Xayrulla Hamidov.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring