Ulug‘bek Bakayev: "Raqobatbardosh, medallar uchun kurashadigan jamoani qisqa vaqt ichida qurib bo‘lmaydi"
“Buxoro” hamda “Navahor” o‘rtasidagi Superliganing 21-tur o‘yinidan (0:3) so‘ng mezbon jamoa ustozi Ulug‘bek Bakayev matbuot anjumanida ishtirok etdi.
"Hisob hammasini aytib turibdi. Barcha jabhalarda mag‘lub bo‘ldik. Xatolarimizni tahlil qilib, keyingi o‘yinlarga yaxshiroq tayyorgarlik ko‘ramiz. Namanganliklarni tabriklayman".
- “Buxoro” oxirgi 5 daqiqada 2ta gol o‘tkazib yubordi...
- Vaziyatni o‘nglash uchun oldinga chiqdik. Raqib safida kuchli ijrochilar bor va ular bizni jazolashdi. Bunaqasi futbolda bo‘lib turadi.
- Iminov o‘zini ko‘rsata olmagani uchun almashtirildimi?
- Nafaqat Iminov, balki butun jamoa o‘z darajasida o‘ynay olmadi. Shu sababli o‘zgarishlar amalga oshirdik.
- Birinchi davrada g‘alaba uchun jamoaga mahoratli futbolchilar yetishmayapti degan edingiz, ikkinchi davrada bir necha tajribali futbolchilarni tarkibga qo‘shib oldingiz. Ammo qoniqarsiz natijalar davom etmoqda, bularga nimani sabab qilib ko‘rsata olasiz?
- Reglament bo‘yicha 5 nafar futbolchini o‘z safimizga qo‘sha olardik. Imkoniyatimiz boricha yigitlarni chaqirdik. Tajribalilarning katta qismida shartnoma bor. Bir ikki nafar tajribalilarni jalb qila oldik, biroq maydonda 11 nafar futbolchi o‘ynaydi. Kelasi bahslarda yuqori daraja ko‘rsatib, g‘alaba qozonamiz deb o‘ylaymiz.
- Ligada jon saqlab qolish uchun imkoniyat bormi?
- Doimo imkoniyat bo‘ladi.
- Muxlislarga aytadigan so‘zlaringiz bormi?
- Bunday og‘ir damlarda bizni qo‘llab-quvvatlayotganingiz uchun rahmat. Imkoni boricha harakat qilyapmiz. Raqobatbardosh, medallar uchun kurashadigan jamoani qisqa vaqt ichida qurib bo‘lmaydi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring