Rossiya Premyer-ligasi 11-turining markaziy uchrashuvi poytaxt klublari – “Spartak” va SSKA o‘rtasida kechdi.
Keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan to‘qnashuvda 2:2 hisobida kuchlar teng keldi. Poytaxt derbisida ilk marotaba ishtirok etgan Abbosbek Fayzullayev uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sifatida eʼtirof etildi.
Bu legionerimizning uchinchi individual sovrinidir. Bungacha Abbosbek avvalgi turlarning birida ham uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgandi. Bundan tashqari, Fayzullayev SSKAning sentyabr oyidagi eng zo‘r futbolchisi, deb topilgan.
SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov uchrashuvdan keyin jurnalistlarga intervyu berdi. “Armiyachilar” ustozi o‘zbek futbolchisi haqidagi savolga javob berdi va Abbosning alohida xislatlari haqida ham gapirdi.
– Murabbiy sifatida jamoangiz 96-daqiqada to‘p o‘tkazib yuborganini qanday tushuntirasiz?
– Diqqatni yo‘qotish, juda oddiy gol bo‘ldi. 40-daqiqada Kvinsi Promes zarba berish uchun imkon topdi va birinchi zarbadayoq raqib gol urdi. Buni mahorat deyishadi.
Biz ustunlikni taʼminlash uchun juda ko‘p qulay vaziyatlarga ega bo‘lgandik. Lekin hal qiluvchi zarba beradigani topilmadi. O‘yinni g‘alaba bilan yakunlashga juda yaxshi imkoniyatlar bo‘lgan edi.
– Jamoangiz gol urgan vaziyatda, qarshi hujumda Rosha yarim himoya markaziga ko‘chib o‘tdi. Bu mashg‘ulotlarda ishlangan taktikami?
– Vaziyatga qarab. Bo‘sh hudud ochildi va Rosha o‘sha tomonga yugurdi va pas berdi. Joy olmashib o‘ynashni hech kim taʼqiqlamagan. Tayanch yarim himoyachisi yoki himoyachilar ham o‘z mahoratiga tayanib hujum uyushtirishi va kombinatsiyalarni tashkil qilishi mumkin.
– Fayzullayev ikkinchi marotaba eng yaxshi o‘yinchi bo‘lyapti. Uning o‘ziga xos jihati nimada?
– Abbos bizning talablarimizni juda tez qabul qildi. Jamoada o‘sishga erishdi. Terma jamoasiga borib keldi, o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata oldi, o‘yinini rivojlantira boshladi. Biz bundan faqat xursandmiz.
Lekin Fayzullayev haqida ko‘p gapirmaymiz. U hali yana o‘sishi, rivojlanishi kerak. Lekin unga yuqori saviyada o‘ynash imkonini berayotgan jihatlar haqida to‘xtalib o‘tish zarur. Abbos yuqori darajada funksional va texnik imkoniyatlarga ega. Yana bir muhim tomoni – futbolni yaxshi tushunishi, uni yaxshi ko‘rishi va jarayonga o‘zini to‘liq bag‘ishlashida.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev avgust oyining boshida SSKAga transfer qilingan edi. Boshida muxlisu mutaxassislar orasida ixchamgina o‘zbek yigitining jismoniy kuch-quvvat ustun turadigan Rossiya futbolida o‘z o‘rnini topishiga shubha bilan qaraganlar ham bo‘ldi.
Biroq Fayzullayev qisqa muddat va uchta uchrashuvda salohiyati va mahoratini namoyish eta oldi. Bugungi kunda SSKA hujum chizig‘ini Abbossiz tasavvur etib bo‘lmasligini aksariyat mutaxassislar alohida eʼtirof etmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring