Ma’lumki, 19 oktyabr sanasida O‘zbkiston Kubogi yarim final bahslari bo‘lib o‘tadi. Final ostonasidagi uchrashuvlar uchun 4 ta klub kurashyapti va ularning orasida pro liga vakili “Dinamo” ham bor.
Vadim Abarmov jamoasi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Kubok yo‘lida esa ular “Paxtakor”ni yengib o‘tdilar. Oldinda safarda “Nasaf”ga qarshi juda muhim o‘yin turibdi.
Shu bois Sports.uz jurnalisti Vadim Abramovga bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- 19 oktyabr kuni jamoangiz “Nasaf”ga qarshi O‘zbekiston Kubogi yarim finalida o‘ynaydi va bo‘lajak muhim uchrashuvga tayyorgarlik qanday olib borilyapti?
- Nima ham deyishim mumkin? Biz oldimizga qo‘yilgan dastlabki vazifani bajardik va Superligaga qaytdik. Aytishim kerakki, bu bizning joriy yildagi asosiy vazifamiz edi. Albatta, yarim final uchrashuviga yaxshi tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Aytishadi-ku, ishtaha ovqat paytida keladi. Shunday ekan, asosiy vazifa bajarilganidan so‘ng yaxshi kayfiyatda Kubok yarim finaliga ham tayyorlanyapmiz.
- Menimcha, “Dinamo”ning yarim finalgacha yetib kelishini hech kim kutmagandi. Murabbiy sifatida o‘zingiz bunday natijani kutganmidingiz?
- Har bir jamoa yaxshi natija ko‘rsatish va yuqori o‘rinlarni ko‘zlab maydonga tushadi. Biz ham mavsum boshida yaxshi rejalarni tuzib ish boshlagandik. Albatta, “Nasaf”ni tajribasi ancha baland. Biz mehmonda o‘ynaymiz. Shunga yarasha harakat qilamiz. Bitta o‘yindan iborat va biz imkon qadar natijaga erishishga intilamiz. Bizga muxlislik qilish uchun keladigan barcha muxlislarimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
- Aslida “Dinamo”ning O‘zbekiston Kubogidagi vazifasi qanday edi?
- Axir qanday vazifa bo‘lishi mumkin? Kubokda qatnashayotgan har qanday klubning asosiy maqsadi Kubokni yutish. Shu jumladan bizning ham vazifamiz Kubokni qo‘lga kiritish.
- “Dinamo” pro liga chempionatida hali yutqazmadi. O‘zbekiston Kubogida ham mag‘lubiyatsiz ketmoqda. Hali mavsumda mag‘lub bo‘lmagan jamoangiz uchun “Nasaf”ga qarshi o‘yinda bu motivatsiya berishi mumkinmi?
- Albatta, bunday omillar yordam beradi. Mavsumni mag‘lubiyatsiz yakunlashni istaymiz. Albatta, “Nasaf” ham bu borada tajribaga ega. Ular ham g‘alaba qozonishni xohlaydi. Ko‘ramiz, barchasini maydondagi harakatlarimiz ko‘rsatadi. Kurashamiz, balki o‘yin to‘rt taymgacha cho‘zilar. Lekin yigitlarimizda motivatsiya bor. Ular g‘alaba qozonishni juda ham xohlashyapti. Axir har doim ham yarim finalda o‘ynamaymiz-ku! Ko‘plab futbolchilarimizda birinchi bor bunday imkoniyat paydo bo‘lyapti. Shuning uchun jamoamiz borini berib o‘ynaydi. 19 oktyabr kuni soat 18:00 da boshlanadigan uchrashuvda hammasini ko‘ramiz. Lekin meni o‘ylantirgan narsa, nima sababdan yarim finaldagi ikkala uchrashuv bir kunda bo‘ladi?
- “Dinamo” Kubok doirasida “Paxtakor”dek raqibini musobaqadan chiqarib yubordi. Shunday ekan, “Nasaf”ga qarshi bahsda futbolchilaringizda qo‘rquv yo‘qmi?
- Bu o‘yin avgustda bo‘lib o‘tgandi. Hozir esa oktyabr oyi. Har xil vaqt va hamma narsa bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, nima uchun “Nasaf”dan cho‘chishimiz kerak? Axir shu yergacha yetib kelish ham oson bo‘lmadi. Biz bu mavsumdagi Kubokda “Qizilqum”, “Paxtakor”, “Olimpik” kabi jamoalar bilan bellashdik, endi “Nasaf” bilan kuch sinashamiz. O‘ylaymanki, jamoamizda ruhiy tarafdan hech qanaqa oqsash bo‘lmayapti. Kubok yarim finalidan oldin pro ligadagi asosiy vazifamizni bajarganimiz sababli futbolchilarimizda kayfiyat a’lo darajada.
- “Nasaf”ning kuchli va kuchsiz tomonlari nimada?
- “Nasaf” shunday klubki, ularda jamoaviy o‘yin yaxshi shakllangan. Shuningdek, ularda mahoratli o‘yinchilar ham yetarli darajada. Buni “Nasaf”ning kuchli tomonlari deb o‘ylayman.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring