Kilianu Mbappe “Real” futbolchisiga aylanishi uchun onasi Fayza Lamari xonimning agentlik xizmatidan voz kechishi kerak. Bu haqda Marca nashri xabar tarqatdi.
PSJ va Fransiya terma jamoasining eng yorqin yulduzining transfer ishlarini uning oila a’zolari yuritadi. Agar futbolchi Ispaniyaga ko‘chib o‘tadigan bo‘lsa, bu holat muammo keltirib chiqaradi.
Bu FIFAning yangi qoidasi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, transfer va shartnomalar bo‘yicha faqat litsenziyaga ega agentlar ish olib borishi shart.
FIFA agentlari platformasida Lamari xonim agent sifatida qayd etilmagan va shu bois rasman biror bir o‘yinchiga xizmat ko‘rsata olmaydi.
Lamari xonim Kilianning manfaatlarini rasman himoya qilish uchun 2024 yilning may oyigacha rasmiy sertifikat olishi talab etiladi.
Mutaxassislar bu holat bo‘yicha bir yechim borligini ham ta’kidlamoqda. Unga ko‘ra, Germaniya va Angliya klublari FIFAning yangi qoidasini hali amaliyotga tadbiq qilmagan. Lamari xonim o‘g‘lini Premer-liga yoki Bundesliga jo‘natish orqali, uning manfaatlari uchun ishlashni davom ettirishi mumkin.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring