Vadim Abramov: "Nasaf"ni g‘alaba bilan tabriklayman. Bugun Superliga va Pro-liga klublari o‘rtasidagi farq sezilmadi"
O‘zbekiston kubogi musobaqasining yarim final bosqichidan o‘rin olgan "Nasaf" - "Dinamo" (2:1) uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
O‘yin haqida
- Qiziqarli o‘yin guvohiga aylandik. "Nasaf" jamoasini g‘alaba bilan tabriklayman. Ko‘rdinglar, bugun Superliga va Pro-liga klublari o‘rtasidagi farq unchalik ham sezilmadi.
Jamoamiz muxlislari uzoq yo‘l bosib, Qarshiga bizni qo‘llab-quvvatlash uchun yetib kelishdi. Albbata, barcha muxlislarimizga jamoamiz nomidan minnatdorchilik bildiraman. Bugun kuchli raqibga qarshi muxlislarga ma’qul keladigan o‘yin ko‘rsata oldik deb o‘ylayman.
- "Dinamo" haqiqatdan ham yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. "Nasaf"ga qarshi himoyaviy uslubda o‘ynash rejangiz bor edimi?
- "Nasaf" qarshi hujumlarda juda yaxshi harakat qiladi. Biz o‘yinning borishidan kelib chiqib uslublarimizni o‘zgartirib bordik. Hujum vaqtida jamoa oldinga chiqdi, raqib hujumi vaqtida himoyaga qaytdik. "Nasaf" ikkinchi qavatda ham yaxshi o‘yin namoyish etadi.
- "Dinamo" Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Odatda, jamoalar bunday vaqtda ko‘p futbolchilarga javob berishadi. Sizning jamoangizda qanday o‘zgarishlar ko‘ramiz?
- Hozir yaxshi o‘ynaganimizni aytayapsizlar. Yaxshi jamoada katta o‘zgarishlar bo‘lmaydi, tarkibimizda umidli yosh futbolchilar yetarlicha.
- Sizningcha, bugungi o‘yinda VAR ko‘rishi kerak bo‘lgan bahsli vaziyatlar bo‘ldimi?
- Pro-ligada VAR yo‘q. Biz bunga qarab, o‘rganib qolmaganmiz. Nazarimda, bugungi o‘yin hakamlari juda yaxshi ishlashdi, e’tirozlarga sabab bo‘ladigan vaziyatlar bo‘lmadi.
- Finalda qaysi jamoa g‘olib chiqadi deb o‘ylaysiz?
- Qaysi jamoa jismonan yaxshi xolatda yetib kelsa, o‘sha jamoa yutadi. Albatta "Nasaf" o‘z muxlislari qarshisida o‘ynashi ularning imkoniyatlarini oshiradi.
“Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring