Samvel Babayan: "FIFA kunlaridan so‘ng futbolchilarning avvalgi darajasiga qaytishi qiyin bo‘lmoqda"
O‘zbekiston kubogi musobaqasining yarim final bosqichidan o‘rin olgan OKMK - "Navbahor" uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O‘yin haqida fikringiz...
- Qiyin o‘yin o‘tkazdik. Kubokda boshqa o‘tish o‘yini yo‘qligini bilardik. Bugun ikki kuchli jamoa maydonga tushdi. Afsuski, omad raqibga kulib boqdi. Birinchi bo‘limdan so‘ng o‘zgarishlar amalga oshirdik va bu o‘yinga ta’sir o‘tkaza oldi. Ammo tashkil etilgan hujumlarni yakunlay olmadik. Albatta, alamli mag‘lubiyatga uchradik. Finalda o‘ynash imkoniyatimiz bor edi. Final — futbol bayrami degani. OKMKga hal qiluvchi bahsda muvaffaqiyatga erishib, kubokni qo‘lga kiritishini tilab qolaman.
- "Navbahor" himoyasi Osiyo Chempionlar ligasidagi ikki o‘yinda ham tartibli o‘yin ko‘rsatdi. Ushbu turnirdagi tartibli himoyani Superliga va kubokda ham qo‘llashga nima xalal beryapti?
- Afsuski, FIFA kunlaridan so‘ng futbolchilarning avvalgi darajasiga qaytishi qiyin bo‘lmoqda. Uchta o‘yindagi natijani ko‘rdingiz: 11-0. Farq yuqori sifatli o‘yinda. Bizning yigitlar terma jamoada ajralib turishadi.
Ikkinchi golda xatoga yo‘l qo‘ygan Milovich tunda terma jamoa ixtiyoridan uchib keldi. Bu fakt, biroq bundan qutulib bo‘lmaydi. Bir tomondan, terma jamoada futbolchilarimiz borligidan faxrlanamiz. Boshqa tomondan, ular terma jamoa ixtiyoridan qaytgach, qaytadan tiklanish va psixologiyani ko‘tarish ustida bosh qotiramiz. Bizni tark etayotgandagi holatda qaytish oson emas. Buning choralarini ko‘rishimiz kerak.
Yana bir jihat, Tabatadzening jarohati. Biz uni maydonga tushirishga majbur bo‘ldik. Afsuski, u jarohatini chigallashtirdi. Shunday bo‘lsa-da, u faol harakat qildi va hisobni tenglashtirishda yordam berdi.
Endigi vaziyatda yana-da qiynalamiz. Biz uchun Boxing Day boshlanmoqda. Himoya va hujumdagi sifatni qaytaramiz.
- 120 daqiqalik o‘yindan so‘ng Osiyo Chempionlar ligasi o‘yiniga tiklanish jarayoni qay tartibda o‘tadi? Bundan xavotiringiz yo‘qmi?
- Xavotir yo‘q. Ular professional. Hozir, asosiysi, yigitlarning tiklanib olishida. Shu maqsadda vitaminizatsiya va boshqa usullarda ish olib borishadi.
Biz ikki yo‘nalishda kurashyapmiz. Keyingi o‘yinlargacha tiklanishga harakat qilamiz.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring