A Seriyada o‘zini ko‘rsata olmayotgan jamoalardan biri “Kalyari” bo‘lib qolmoqda. Muxlisu mutaxassislar bu jamoani chempion murabbiy – Klaudio Raneri boshqarayotganini inobatga olib, sardiniyaliklardan A Seriyadagi debyut mavsumida mazmunli va sermahsul o‘yin kutgandi.
Amalda bunday bo‘lib chiqmadi. Sardiniyaliklar dastlabki sakkiz turda atigi ikkita durang va oltita mag‘lubiyat bilan so‘nggi pog‘onada bormoqda. “Kalyari” kam gol urishda (3 ta gol) ham, ko‘p gol o‘tkazishda (16 ta gol) ham eng yomon ko‘rsatgichga ega ikki jamoadan biri.
Ko‘pchilik “Kalyari”ning eng muammoli nuqtasi sifatida hujum chizig‘ini ko‘rsatmoqda. Mana endi sakkizta o‘yinda maydonga tushib, hali gollar hisobini ochmagan Eldor Shomurodov ham tanqid ostiga olinmoqda.
Ayrim manbalarda Sardiniya klubi o‘zbek hujumchisini qishki transferlar vaqtida Rimga qaytarib yuborishi mumkinligini yoza boshladi.
O‘tgan asrning oxirlarida “Kalyari” sharafini uch yil davomida himoya qilgan sobiq futbolchi Tiziano de Patre Klaudio Raneri jamoasini qiynayotgan muammolarni tahlil qilib berdi.
- Avvalo, “Kalyari” uchun taqvim omadsiz bo‘lganini aytish kerak. Lekin hamma narsani o‘z nomi bilan atagan ma’qul. Ayni paytda “Kaleri”ga sifatli yarim himoyachilar yetishmayapti. Qolaversa, tarkibda raqib o‘yinchilarini birga bir vaziyatda aldab o‘ta olmaydigan o‘yinchilar borligini ko‘ryapman. Birga bir vaziyatdan foydalana oladigan futbolchilarning zamonaviy futbolda qadri baland.
Klaudio Raneri jamoada balansni saqlash, to‘g‘ri chora-tadbirlarni qo‘llash, chiziqlarni bog‘lashda usta ekanini bilamiz. Ammo jamoaning texnik darajasini ko‘tarish uchun o‘rta chiziqqa yangi ijrochilarni olmasa bo‘lmaydi.
Qishki transferlar oynasi ochilishiga ancha bor. Shu bois, muammodan chiqib ketish juda qiyin. Bugungi kunda jamoaning imkoniyatlari cheklangan va bu A Seriyadek raqobat kuchli turnirda yaxshi ishtirok etishga to‘sqinlik qilyapti.
Hozirgi yarim himoyachilar sodda o‘ynayapti, ularga fantaziya va hujumchilarga o‘tkir pas berish qobiliyati yetishmayapti.
Eldor Shomurodov “Jenoa”da shubhasiz zo‘r o‘ynadi. “Roma”da unga kam imkon berildi va shu sabab raqobat kuchli joyda o‘zini yetarli darajada ko‘rsata olmadi. Oqibatda o‘ziga ishonchni yo‘qotdi.
Biz unga imkon berishimiz, yana o‘z darajasiga chiqib olishiga ishonch bildirishimiz zarur. Qaytariq bo‘lsa ham aytaman, yarim himoyachilar va pleymeykerlar oldingi chiziq vakillarini to‘p va pas bilan ta’minlamas ekan, hujumchilar hech narsa qila olmaydi.
Menimcha, Klaudio Raneri yanvarda jamoani kuchaytirish uchun A Seriyada katta tajriba to‘plagan futbolchilarni olib kelish imkoniyatlarini qidirayotgan bo‘lsa kerak. Chunki ligada raqobat oshib boryapti. “Frozinone”, “Empoli”, “Jenoa” va “Verona” kabi yuqori divizionda jon saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar ham zo‘r futbol namoyish qilishga e’tibor qaratmoqda, - dedi Titsiano De Patre.
Ta’kidlab o‘tamiz, Eldor Shomurodov ham bo‘ynida qanday mas’uliyat borligini chuqur his qilib turibdi. Legionerimiz jismoniy formasini tiklab olish maqsadida O‘zbekiston milliy terma jamoasining Xitoydagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini va o‘rtoqlik uchrashuvlarini o‘tkazib yubordi.
Shomurodov FIFA kunlari munosabati bilan ligalarda e’lon qilingan qisqa tanaffus vaqtida ham Klaudio Raneri qo‘l ostida shug‘ullandi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring