09:50 / 24.10.2023
252

Samvel Babayan: "Gol o‘tkazish - rejamizda bor edi"

Samvel Babayan: "Gol o‘tkazish - rejamizda bor edi"

"Navbahor" hamda "Nassaji" o‘rtasidagi OCHLning 3-tur o‘yinidan (2:1) so‘ng mezbon jamoa ustozi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Bugun "yangi Navbahor" tug‘ildi deb o‘ylayman. Bu jamoa kurashishni va g‘alaba qozonishni xohlaydi. Birinchi navbatda yigitlarni tabriklamoqchiman, ular bugun iroda, g‘alabaga bo‘lgan chanqoqlikni ko‘rsatishdi. Qaytaraman, bugun "yangi Navbahor" dunyoga keldi. Chempionlar ligasida oddiy o‘yinlar bo‘lmaydi. Har bir jamoa ochko ishlash uchun maydonga tushadi. Bugun g‘alabaga munosib edik va bu mehnatlarimiz samarasi.

- Birinchi bo‘limdan so‘ng yigitlarga nima dedingiz. Ikkinchi savol: Yaxshiboyev bugun ko‘rinmadi, unga nima bo‘ldi?

- Maydonga tushmaganlarda jarohat bor. Navbatdagi savolga to‘xtaladigan bo‘lsam, birinchi bo‘limni yaxshi boshladik, biroq hujumlarni yakunlashda muammolarga duch keldik. Keyin kutilmagan gol sodir bo‘ldi. Shoshganimizdan 20-daqiqadan so‘ng to‘pni nazorat qilmay qo‘ydik. Ikkinchi bo‘limda O‘runov va Sobirjonov orqali o‘yinni kuchaytirdik. Bugungi kunda tarkibingizda o‘yinni kuchaytira oladiganlar bo‘lgani juda muhim. Umuman olganda durang ham adolatsizlik bo‘lardi. Bu daqiqalar uchun futbolchilar bor kuchini ishga solishdi. Jamoamizga nafaqat Namanganda, balki butun O‘zbekistonda muxlislik qilishmoqda.

- Birinchi gol o‘tkazib, keyin kambek amalga oshirish rejasi bormidi. Oston O‘runov nega zaxiradan maydonga tushdi?

- Gol o‘tkazish - rejamizda bor edi (kulib). Oston nega asosiy tarkibda maydonga tushmadi? Unda jarohat borligi tufayli bahsni zaxirada boshladi. O‘zbekiston Kubogidagi yarim finaldan so‘ng biror marta mashg‘ulotda ishtirok etmadi. U jarohati bo‘lishiga qaramasdan borini berib o‘ynadi.

- Doniyor Abdumannopov O‘zbekiston Kubogi yarim finali penaltilar seriyasidagi xatosi tufayli tushkunlikka tushib qolganmidi. Nega bugun o‘zini ko‘rsata olmadi?

- Doniyor ikkinchi davrada bizga o‘tganidan so‘ng jamoaga ko‘p yordam berdi. U bugun ko‘p harakat qildi, biroz hayajon ta’sir qilgan bo‘lsa kerak. Unga e’tiroz yo‘q.

- Toma Tabatadze va Yovan Jokich kelasi bahslarda ishtirok eta oladimi? Temurxo‘ja Abduholiqov bugun yaxshi o‘ynay olmagandek. Ba’zi vaziyatlarda uning o‘rniga maydonga tushishga uringandek bo‘ldingiz.

- Temurxo‘ja biz uchun muhim, tajribali futbolchi. U yaxshi o‘yin o‘tkazdi, kamida 13 km. masofa bosib o‘tgan bo‘lsa kerak.

Davron Hoshimov haqida unutdingiz, u bu mavsum boshqa maydonga tushmaydi. U Turkiyada operatsiya qilindi. Tabatadze va Jokich tiklanish jarayonida, ular bu mavsumda bizga yordam bera olishadi deb o‘ylayman.

- Raqib jamoa ustozi Mehdi Rahmati matbuot anjumanida hakamning xatosi haqida ko‘p gapirdi.

- Men hakamlik haqida gapirishga o‘rganmaganman. Hakam o‘yinni juda yaxshi boshqardi. Simulyatsiya va vaqt cho‘zishlarni joyida jazoladi. Ular har bir to‘xtatilish uchun kerakli vaqt qo‘shishadi. Esingizda bo‘lsa, "Al Hilol" bilan bahsda referi 14 daqiqa qo‘shib bergan edi. Hamma o‘z ishini qilgani yaxshi. Menimcha, aybni o‘zidan izlash kerak. To‘g‘ri, ba’zida biz ham e’tiroz bildirdik.

Aytgancha, zaxiradagi hakam O‘zbekiston terma jamoasi taqdirini hal qilgan. Xitoydagi uchrashuvda penalti qo‘yib, bizni JCHdan mahrum qilgan. U oldimga kelib, to‘xtatilgan vaqt uchun keragicha daqiqa qo‘shilishini aytdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: "Gol o‘tkazish - rejamizda bor edi"