00:24 / 28.10.2023
272

"Surxon" bosh murabbiyi: Men hech qachon penaltini lotereya deb hisoblamaganman

"Surxon" bosh murabbiyi: Men hech qachon penaltini lotereya deb hisoblamaganman

Superliga 23-turi doirasida "Navbahor"dan uchralgan mag‘lubiyatdan keyin "Surxon" bosh murabbiyi Sergey Arslanov fikrlarini bildirib o‘tdi.

- Barchaga hayrli kech. Alamli mag‘lubiyatga uchradik. Barchasi o‘z qo‘limizda edi. So‘nggi daqiqagacha hisobni ushlab turishimiz mumkin bo‘lgandi. Biroq buni uddalashning iloji bo‘lmadi. "Navbahor"ni navbatdagi g‘alabasi bilan tabriklayman, ular o‘z maqsadlari yo‘lida oldinga yana bir qadam tashlashdi.

- Oston O‘runov maydonga tushganidan keyin "Surxon" himoyachilarida u va Jamshid Iskanderovga qarshilik ko‘rsatish koyeffitsiyenti tushib ketdi yoki boshqacha qilib aytganda himoyachilar ushbu futbolchilarga erkin hududlarni berib qo‘ydi. Bu himoyachilarning tajribasizligidan dalolatmi yoki hali birorta jamoa Iskanderov-O‘runov bog‘lamiga davo topa olmayaptimi?

- Qiziqarli savol uchun rahmat. Aytishim kerakki, O‘runov va Iskanderov ayni damda O‘zbekistondagi eng yaxshi ijrochilar bo‘lib turishibdi. Shunday futbolchilar doimo jamoasini o‘z ortidan ergashtirishadi. Shuningdek, ushbu futbolchilarga qarshi o‘ynash ham juda qiyin. Ha, ba’zida shunday futbolchilardan masofa saqlash talab qilinadi. Masalan, Oston juda yaxshi texnika sohibi ekanligini yaxshi bilamiz. Iskanderov esa hududlarni ko‘ra olishi va undan foydalanishi, maydonni yaxshi ko‘rishi va har bir vaziyatga yaxshi baho bera olishi kabi sifatlari bor. Terma jamoa futbolchilari ekanligini inobatga olsak, ularga qarshi o‘ynash juda qiyin bo‘ladi. Ular maydonga tushishdi va buni isbotlashdi. Oston ikkinchi marta zaxiradan maydonga tushib, jamoasini qiyin vaziyatdan olib chiqib ketdi. Bu esa Ostonda tajriba juda katta ekanligini bildiradi.

- Ushbu futbolchiga qarshi personal kimnidir biriktirsa bo‘lmasmidi?

- Hozirgi futbolda personal futbol o‘ynash juda qiyin. Aralash uslubda himoyalansa bo‘ladi. Bunday holatda esa shunchaki ulardan to‘pni olib, futbol o‘ynashiga imkoniyat bermaslik kerak deb hisoblayman. Afsuski, biz shunday imkoniyat berdik. Hudud bormi, demak, futbolchida qaror chiqarish uchun imkoniyat bor. Bu yerda futbolchining hududlarini yopib qo‘yish kerak edi holos.

- So‘nggi daqiqadagi penaltini tepgan futbolchi bunga ruhan tayyor bo‘lmaganmidi?

- Savol yo‘lida o‘zingiz javobini berdingiz. Bu o‘yinning eng e’tiborli vaziyati, bunday pallada futbolchining ruhiy holati asosiy o‘ringa chiqadi. So‘nggi daqiqa bo‘lgani uchun uncha-muncha futbolchi mas’uliyatni bo‘yniga olmaydi. Men hech qachon penaltini lotereya deb hisoblamaganman. Lotereyada yutuqning chiqishi Sizga bog‘liq bo‘lmaydi. Penaltini o‘zim tepaman, to‘pni o‘zim ushlayman va biror yo‘nalishga zarba beraman. Shuningdek, buning gol bo‘lishi qarama-qarshi tomonga ham bog‘liq. Bunday holat bo‘lib turadi, hech qisi yo‘q. Bu davrdan o‘tib olish kerak.

- "Surxon"da penalti tepadigan asosiy futbolchi bormi yoki murabbiylar aytgan futbolchi tepadimi?

- U ishonch bilan o‘zim tepaman dedi. Murabbiylar shtabi esa bu holatga yo‘q demaydi. Bo‘lgan ish uchun uni ham, jamoani ham ayblab o‘tirmaymiz.

- Balki darvozabon faktori ham sabab bo‘lgandir?

- Albatta, albatta! Darvozabon O‘zbekiston milliy termasining asosiy posboni. U uchrashuvning asosiy qahramonlaridan biri, so‘nggi daqiqada penaltini qaytardi. U bunday holatda ruhan ustun bo‘lib chiqdi.

- Ushbu mavsumda "Surxon" anchagina yaxshi o‘ynamoqda va nomdor jamoalarga qarshi qarshilik ko‘rsata olmoqda. Biroq shu yili jamoa uch marta "Navbahor"ga qarshi o‘ynagan bo‘lsa, barchasida mag‘lub bo‘ldi. G‘alaba uchun jamoaga nima yetishmadi?

- Fikringiz to‘g‘ri. Hech bo‘lmasa uchinchi o‘yinda raqibga jang taklif qilish uchun yigitlar ham bugungi kunni kutishdi. Jang taklif qila oldik, biroq vaziyatlardan foydalanish qiyin bo‘ldi. Umuman olganda barchasi qo‘limizda bo‘lib turganida, so‘nggi daqiqadagi penalti to‘siqlarni olib tashlashi mumkin bo‘lgandi. Jamoaning yoshligini hisobga olsak, tajriba va tajribali futbolchilar ham yetishmagan paytlar bo‘ldi. Futbolchilar o‘yindan-o‘yinga qo‘shib, rivojlanib borishmoqda. Lekin shunday kunlardan ham o‘tishni bilish kerak.

- Jamoaning birinchi va ikkinchi bo‘limdagi o‘yinlarida balans yo‘qolib qolmaganmi?

- To‘g‘ri sezibsiz. Bugun shunday holat bo‘ldi. Ayniqsa, raqib jarima maydonchasida vaziyat yaratishga kelganimizda qiyinchiliklar tug‘ilishni boshladi, hujumchilarimizga boshqa tomondan yordam yetishmagandek bo‘ldi. Istalgan joyda himoyadan hujumga chiqishda raqib hujumchilaridan o‘tish kerak bo‘ladi. Bugungi holatda raqiblarning shunday paslaridan keyin hujumchilarimiz to‘pni olib qo‘ya olishmadi. Ikkinchi bo‘limda esa o‘zgarishlar hisobiga biz to‘pga ko‘proq ega bo‘la boshladik va o‘yinni raqib yarim maydoniga ko‘chirishni uddaladik. Shu boisdan bizda ham vaziyatlar yaralishni boshladi. Birinchi bo‘limda biz aynan oldinda himoyachilardan to‘pni olib qo‘ya olmagandik. Aynan shu holatda o‘yinimizda disbalans yuzaga keldi va bu juda yomon holat bo‘ldi deb aytishim mumkin.

- "Surxon"da ham individual futbolchilarning o‘rni qanchalik?

- Zamonaviy futbolda alohida ijrochilarning roli beqiyos. Aynan shunday futbolchilar o‘yinning borishini o‘zgartirishi yoki hal qilib qo‘yishi ham mumkin. Masalan bugun shunday holatni Oston O‘runovda ko‘rdik. Bizda ham mas’uliyatni bo‘yniga oladigan, 2-3 raqibiga qarshi bir o‘zi turib beradigan futbolchilar bor. Biroq ularga hali vaqt kerak. Jumayev, Karimov kabi futbolchilarga e’tibor qaratish kerak. Ular hali yosh bo‘lishlariga qaramasdan xavfli nuqtalarga kirib borishga cho‘chishmayapti. Nima uchun to‘pni o‘zlarida ushlab turmasliklari, raqiblarini aldamasliklari kerak? Biz shunga imkoniyat beryapmiz. Agarda shu yoshida o‘rgatib olmasak, katta bo‘lsa juda qiyin bo‘ladi. Bolalar futbolida barchasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, o‘zimizni aldamasligimiz kerak. Hozirgi bolalar murabbiylari, umuman olganda o‘zimiz ham bolalardan raqiblarini aldamasligini, pas o‘ynashi kerakligini talab qilamiz. Ammo unday bo‘lmasligi kerak. Aynan shunday yo‘l orqali bizda ham ijrochilar rivojlanadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Surxon" bosh murabbiyi: Men hech qachon penaltini lotereya deb hisoblamaganman