Rossiya Premer-ligasiga yozda kelgan futbolchilar orasida Abbosbek Fayzullayev haqiqiy kashfiyot bo‘ldi.
Moskvaning SSKA klubi “Paxtakor” tarbiyalanuvchisini avgustning boshida o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Muxlisu mutaxassislar ilk marotaba xorij chempionatiga yo‘l olgan yosh futbolchining faoliyati qanday davom etishi bo‘yicha turlicha taxminlarni ilgari surdi.
Rossiya futboli jismoniy kuchga asoslangani bois, ayrim mutaxassislar ixchamgina Abbosbekning o‘z o‘rnini topa olishiga shubha bilan qaragani ham sir emas.
Fayzullayevga nimalarga qodirligini ko‘rsatib qo‘yish uchun bir necha uchrashuv kifoya qildi xolos. Ayni paytda 20 yoshli futbolchi “armiyachilar”ning hujumlarini tashkil qilishga mas’ul. Standart vaziyatlarda ham bosh rolda Abbosning o‘zi.
Keyingi paytda rossiyalik ekspertlar, murabbiylar, futbol jamoatchiligi o‘zbek legionerining o‘ziga xos ustun tomonlari haqida juda ko‘p mulohazalarni bildirdi.
O‘z davrida SSKA, "Espanol", "Barselona", "Xerenven" va "Feyenoord" kabi jamoalarda o‘ynagan Igor Korneyev Abbosbek Fayzullayevning Rossiya Premer-ligasiga to‘g‘ri kelmaydigan asosiy kamchiligini va futbolchi bu vaziyatdan qanday chiqib ketayotgani haqida gapirdi.
— Fayzullayevning yaxshi shakllangan texnikasi o‘yinni tashkil qilish, maydonda o‘zi o‘ylagan va istagan ishlarni amalga oshirishini ta’minlab beryapti. Kamchiliklaridan biri jisomnan baquvvat emasligidir. Lekin tezkorligi, chaqqon va yengil harakatlari bilan hamda dribling ishlatib, murakkab vaziyatlardan chiqib keta oladi, - dedi Igor Korneyev.
Darhaqiqat, SSKA o‘yinlarini tahlil qilayotgan mutaxassislar Abbosbek Fayzullayevning kreativ o‘yin uslubi, kutilmagan qarorlarni qabul qila olishi, tezkorligi, driblingi, maydonni yaxshi ko‘ra olishi, aniq va hal qiluvchi paslarga ustaligi, o‘zi ham turli masofalardan kuchli zarba berishga qodirligini alohida ta’kidlab kelmoqda.
Bundan tashqari, o‘zbek futbolchisi SSKA muxlislari mehrini ham qozondi. Fayzullayev jamoasining sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisi, deb e’tirof etildi.
Rossiya Premer-ligasida SSKAning “Krilya Sovetov”, “Spartak” va “Rubin”ga qarshi o‘tkazgan bellashuvlarida uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi sovrini ham aynan legonerimizga nasib qildi.
Ta’kidlash lozimki, yaqinda Abbosbey Fayzullayev kelajakda Ispaniya grandi "Barselona"da o‘ynash istagi borligini ma’lum qilgandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!