Legionerlarimiz orasida faoliyati eng yorqin chiqayotgani Abbosbek Fayzullayev ekani shubhasiz. Bir necha pozitsiyada o‘ynay oladigan futbolchimiz avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin, qisqa fursat ichida “armiyachilar”ning hujumlarini tashkil qilayotgan muhim figuraga aylandi.
Abbos muntazam asosiy tarkibda maydonga tushmoqda va jamoasiga hujum uyushtirishda ham, himoyalanishda ham yordam beryapti.
Aynan Fayzullayevning superpasi tufayli SSKA futbolchilari mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan peshqadam “Krasnodar”ni to‘xtatib qoldi.
Rossiyalik mutaxassislar o‘zbek legionerining imkoniyatlarini tahlil qilyapti. “Rubin” jamoasining sobiq bosh murabbiyi Rinat Bilyaletdinov “Sport Ekspress” nashri vakillariga bergan intervyusida hamyurtimiz haqida ham iliq fikrlarini bildirdi.
— Sizningcha, “Krasnodar”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda SSKAning eng yaxshi o‘yinchisi kim bo‘ldi?
— Igor Akinfeyevni ko‘rsatish mumkin, u bir necha bor jamoasini goldan qutqardi. Kordobani yopib tashlagan va unga umuman o‘yin bermagan Moyzesni ham aytish mumkin. Bunaqa g‘alabadan keyin butun jamoani maqtasa arziydi. Fyodor Chalov qanday zo‘r gol urdi. Abbosbek Fayzullayevdan to‘pni qabul qilib olib, Alonsoni ojiz qoldirdi va raqib darvozaboni Safonov to‘pga yetolmaydigan tarzda zarba yo‘lladi. Ana mahorat.
— Yosh o‘zbek futbolchisi ko‘z o‘ngimizda porlayapti...
— Ha, juda iste’dodli yigit ekan. Kreativ, chaqqon, chidamli. Jismonan baquvvat emas, lekin rosa harakatchan.
Shuningdek, bu futbolchi to‘pni qabul qilib olish uchun joy tanlashni va o‘z vaqtida jamoadoshlariga to‘p uzatishni juda yaxshi o‘zlashtirgan.
“Krasnodar” bilan o‘yindagi yagona golli kombinatsiya ham xuddi shunday vaziyatdan keyin yuzaga keldi. To‘g‘risi, endi Fayzullayev uchun asosiy qiyinchiliklar boshlanadi.
— Qanaqasiga?
— Hali yangi o‘yinchi bo‘lganingda hammasini tez uddalaysan. Lekin Fayzullayev shuni tushunishi kerakki, endi raqiblar unga qarshi alohida e’tibor bilan o‘ynaydi va uni yopishga harakat qiladi.
Agar Fayzullayev hozirgi darajasini ushlab qola olsa, kelajakda buyuk futbolchi bo‘lib yetishadi.
Eslatib o‘tamiz, Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasida sakkizta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring