Bugungi kunda o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Rossiya Premer-ligasida SSKA jamoasiga muxlislik qilmoqda.
Tabiiyki, bu holat “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullayevning Moskva klubi safiga qo‘shilgani bilan bog‘liq. “Armiyachilar”ning musobaqa peshqadami – “Krasnodar”ni mag‘lubiyatsiz seriyasiga chek qo‘ygan uchrashuvda ham legionerimizni qo‘llab-quvvatlash uchun stadionga bir guruh hamyurtilarimizning borgani ham fikrimizga dalil bo‘ladi.
Aslida Premer-ligada yana to‘rt nafar o‘zbek futbolchisi bor. Rustam Ashurmatov va Umarali Rahmonaliyev “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilayotgan bo‘lsa, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev va Ruslanbek Jiyanov “Nijniy Novgorod” o‘yinchilari hisoblanadi.
Biroq bu ikki jamoa hali sovrinli o‘rinlar uchun kurashish tajribasiga ega emasligi va legionerlarimiz muntazam maydonga tushmayotgani bois, muxlislarimizni SSKA va Abbosbek Fayzullayevning o‘yinlarini tomosha qilish ko‘proq qiziqtirmoqda.
Abbosbek Fayzullayev ham hammaning ishonchini oqlashni uddalayapti. 20 yoshli hujumkor futbolchimiz “Krasnodar”ga qarshi o‘tkazilgan bahsda Fyodor Chalovning g‘alaba to‘piga hammuallif bo‘ldi.
Rossiya futbolida katta yutuqlarni qo‘lga kiritgan Valeriy Gazzayev o‘zbek futbolchisi o‘yiniga baho berdi.
- O‘yindan o‘yinga Abbosbekning o‘ziga bo‘lgan ishonchi oshib boryapti. Agar shu taqlid o‘sishda davom etsa, katta usta bo‘lib yetishishiga imkoniyati yetarli. U oyoqlari chaqqon, maydonni ko‘ra olish qobiliyati juda yaxshi va ajoyib o‘tkir paslarni bera oladigan futbolchi.
Chalovga qanday golli pas uzatganini alohida ta’kidlash lozim. O‘sha vaziyatda uning yaqinida SSKAning boshqa o‘yinchisi turgan edi. Lekin Fayzullayev juda aqlli qarorga kelib, Chalovga to‘p uzatdi. Bu Fayzullayevning salohiyati jiddiy ekanidan dalolat beradi, - dedi Valeriy Gazzayev.
SSKA o‘yinlarida Abbosbek Fayzullayev bilan yonma-yon o‘ynayotgan Ivan Oblyakov ham o‘zbek legioneri jamoaga to‘liq moslashib olganini e’tirof etdi va uning jamoada o‘z o‘rni borligini alohida ta’kidladi.
- Abbosbek Fayzullayev – kamtarin, ko‘ngli ochiq yigit. U o‘ta mas’uliyatli va o‘z ustida ko‘p ishlaydi. U jamoamizga kelganida men uni tanimas edim, qanaqa inson ekanini bilmasdim.
Jamoaga tez qo‘shilib ketdi. Rus tilini yaxshi biladi, doim muloqot qilamiz. Uning salohiyatini bilganimiz uchun hech narsadan qo‘rqma, bos, deymiz. Abbosdan o‘yinda mas’uliyatni o‘ziga olishini so‘raymiz, - dedi Ivan Oblyakov.
Shu yilning avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tgan 20 yoshli futbolchimiz Premer-ligada sakkiz marotaba maydonga tushib, bitta gol va ikkita assist muallifi bo‘ldi.
Fayzullayev sentyabr oyida SSKAning eng yaxshi o‘yinchisi, deb topildi. “Krilya Sovetov”, “Spartak” va “Rubin”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvlarning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinlar bilan taqdirlandi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring