SSKAning asosiy o‘yinchisiga aylanib olgan Abbosbek Fayzullayev Rossiyada ko‘plab muxlisu mutaxassislar e’tiborini o‘ziga torta boshladi.
Moskva klubi matbuot xizmati O‘zbekiston milliy terma jamoasining 20 yoshli hujumkor futbolchisidan intervyu oldi.
Sports.uz sayti o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga ushbu intervyuni havola etadi.
— Bolaligingda kumiring kim edi?
— Leo Messi. Men nafaqat futbolchi, balki inson sifatida ham qattiq hurmat qilaman. Tashqaridan qaraganda, juda bosiq va kamtar ko‘rinadi. Men unga o‘xshashni istayman.
Klublar masalasida “Barselona” muxlisiman, ularning har bir uchrashuvini tomosha qilaman. Ularga o‘xshashni xohlayman. Mening pozitsiyamda o‘ynaydigan o‘yinchilardan nimalarnidir o‘rganib olishga harakat qilaman.
— O‘zbekistonda mashhurligingni his qilasanmi?
— Osiyo chempionatidan keyin taniy boshlashdi va uyga keladigan bo‘lishdi. To‘g‘risi, uyda kam bo‘laman. Taqvim juda tig‘iz.
— Sen kelganingdan keyin klubimiz ijtimoiy tarmoqlarini O‘zbekistondagilar yondirib tashlayapti. Sen haqingdagi postlarga minglab hamyurtlaring fikrini yozadi. Nega shunday ekanini tushuntirib bera olasanmi?
— Bizda doim shunaqa bo‘lgan. Ular xalqaro miqyosda o‘ynayotgan hammani kuzatib borishadi, ijtimoiy tarmoqlar va shaxsiy sahifalarga yozishadi. Bu qonimizda bor.
— Sening murabbiying Dmitriy An shunday ta’rif berdi: “Agar unga qattiq baqirsangiz, arazlab qolishi mumkin, shuning uchun unga boshqacha yondashish kerak. U baqirganingdan keyin maydonga chiqib, hammasini ostin-ustun qilib tashlaydigan o‘yinchi emas”. Vaqt o‘tishi bilan bu o‘zgarmadimi?
— Bolaligimda shunaqa edim, lekin vaqt o‘tishi bilan o‘zgardim. Dmitriy Mixaylovichning o‘zi ham menga baqirib turardi. Bir marta undan arazlab qolgandim, bu o‘yinimga ta’sir qildi. Yaxshiyam buni darrov angladim va munosabatimni o‘zgartirdim. Xafa bo‘lsam, yomon o‘ynayman. Hozir tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman, ranjimayman.
— O‘zbekiston va Rossiya chempionatlarining asosiy farqlarini nimalarda ko‘rasan?
— O‘ylashimcha, vatanimda futbol texnik jihatdan kuchliroq. Ko‘p jamoalar o‘yinini qisqa paslar orqali tashkil qiladi. Rossiya chempionati kuchga asoslangan, bu yerda maydonning har bir burchagida kurash ko‘p kuzatiladi. Umuman olib qaraganda, Rossiya chempionati kuchliroq.
— Bizda jismoniy kuchga asoslangan kurashlar ko‘pligini to‘g‘ri payqabsan. Sening gavdangni inobatga olganda bu yerda qanchalik qiyin bo‘lyapti?
— Dastlabki uchrashuvlar g‘ayrioddiy tuyuldi, hozir ko‘nikib ketdim. Men to‘qnashuvdan qo‘rqmayman.
— SSKAga kelganingda nimadan hayratlanding?
— Klubdagilarni ishga professional munosabatidan. Xuddi “Paxtakor”da bo‘lgani kabi xodimlardan ham.
— Jamoada kim bilan do‘stlashib olding?
— Ko‘p vaqtimni Davila, Sasha Zdelar va yosh o‘yinchilar bilan o‘tkazaman. Jamoaga tezroq qo‘shilib ketish uchun hamma bilan muloqot qilishga urinaman. Yigitlarning hammasi zo‘r, meni yaxshi qabul qilishdi.
Baxtiyor Zaynutdinovga alohida rahmat aytishim kerak. Dastlabki kunlari menga katta yordam berdi, hamma bilan tanishtirdi. Biz hali ham gaplashib turamiz, u Turkiyaga moslashyapti.
— Davila bilan qaysi tilda gaplashyapsan?
— Ingliz tilida muloqot qilyapmiz, u shu tilni o‘rganyapti. Ko‘proq tarjimon orqali gaplashamiz.
— To‘rtta tilni bilishingni yozishdi. Shu to‘g‘rimi?
— Yo‘q, hozircha uchta – o‘zbek, rus va ingliz tilini bilaman. Sekin-asta ispancha o‘rganyapman. Ayrim so‘zlarni Daviladan so‘rayman. Hozir repetitorsiz shug‘ullanyapman. Yaqinda jiddiyroq kirishaman.
— O‘zingni ustun tomonlaring qaysi?
— Qat’iyat va kirishuvchanlik.
— Qaysi sifatingni yaxshilash yoki o‘zgartirishni istarding?
— Jismonan kuchayishni va ko‘p tillarni o‘rganishni.
— SSKAdagi dastlabki oylar qanday o‘tganidan mamnunmisan?
— Ha, lekin o‘z gollarim va paslarim bilan jamoaga yanada ko‘proq foyda keltirishni istayman. Jamoadoshlarimiz bilan maydonda ham bir-birimizni tushunishimiz yaxshilanib borayotganini his qilyapman.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring