10:30 / 05.11.2023
400

Qisqa vaqt ichida jamoasini chempionlikka etaklagan Islom Ahmedov bilan suhbat

Qisqa vaqt ichida jamoasini chempionlikka etaklagan Islom Ahmedov bilan suhbat

Tajribali mutaxassis, hamyurtimiz Islom Ahmedov kuni kecha o‘z jamoasi – “Abdish-Ota” bosh murabbiyi sifatida Qirg‘iziston chempionligini yutganligi haqida Sports.uz sayti orqali xabar berib o‘tgandek.

Tabiiyki, uni ajoyib muvaffaqiyat bilan tabrikladik va murabbiy saytimiz uchun intervyu berdi.

- Islom aka, chempionlik muborak bo‘lsin. Hissiyotlar qanday?

  • Tabrik uchun katta rahmat. O‘tgan yili ham jamoa chempion bo‘lgan. Bu yil OFK o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rgandi. Shunga qarab selektsiya bo‘lgan. Chempionatda vaziyat unchalik engil bo‘lmagandi. Bu yil da’vogarlar ko‘payib ketdi. “Alay”, “Dordoy”, “Olg‘a Bishkek”, “Muras Yunayted” – mana shu to‘rtta jamoa chempionlikka da’vogarlik qilgan. Ular oxirigacha kurashishdi. Meni kelishimning sababiga kelsak, “Abdish-Ota”dan taklif kutilmaganda bo‘ldi.
  • 17 sentyabr kuni OFK o‘yinlariga uch kun qolganida jamoa bosh murabbiyi niderlandiyalik mutaxassis kutilmaganda rahbariyatga ketayotganini aytgan. Jamoa bilan uchrashmasdan, xayrlashmasdan ketib qoldi. Klub qiyin ahvolga tushib qoldi. Bir oy ichida 5 ta o‘yin va “Abdish-Ota” yutolmayotgandi. 16 sentyabrda Qirg‘iziston Kubogi finalida “Muras Yunayted”ga mag‘lub bo‘lishgandi. Shundan keyin xorijlik murabbiy o‘z xohishi bilan ketdi. 
  • 17 sentyabr kuni kechki payt menga taklif tushdi. Ular qisqa vaqt ichida yangi bosh murabbiy qidirishga tushishdi va mendan yordam berishimni iltimos qilishdi. 18 sentyabrda ish boshladim. Shu vaqtdan bugungacha OFK Kubogi guruh bosqichida uchta o‘yin o‘ynadik. Dastlab Bishkekda “Oltin Asr”ni 3:0 hisobida yutdik. Keyin Ashxobodda “Merv”ga qarshi 1:1 o‘ynadik. Uchinchi bellashuvda Tojikistonning Dushanbe shahrida “Ravshan”ni 1:0 hisobida yutib keldik. Chempionatda 6 ta uchrashuvda yutdik va 1 ta bahsda durang bo‘ldi. Chempionat tugashiga bir tur qolganida chempionlikni qo‘lga kiritdik. 
  • Jamoani qabul qilib olganimda 3-o‘rinda edi. Sizga OFK va chempionatdagi o‘yinlarimiz taqvimini yubordim, ko‘rsangiz juda qiyin. Qisqa kunlar oralig‘ida o‘yinlarimizni o‘tkazib keldik. Oxirgi oyda 13 kun ichida 5 ta uchrashuvda maydonga tushdik. Futbolchilarimdan juda minnatdorman. Nimaga deganda, qiyin grafikka chidash, har uchrashuvda maydonga g‘alaba uchun tushish – bu ruhiy tomondan qiyin. Lekin jamoamiz buni uddaladi. Agar chempionatda biror uchrashuvda durang o‘ynasak yoki yutqazsak chempionlik uchun imkoniyatimizni yo‘qotardik. 
  • Shu bois har bir bahs biz uchun juda muhim edi. Futbolchilarni mahorati, ularning xarakteri va o‘yin bo‘yicha eng yaxshi tomonlarini ko‘rsatishdi. Endi barcha e’tiborimizni OFK Kubogiga qaratamiz. Yigitlar biroz dam oladi va bizda 5 kun vaqt bo‘ladi. 9 noyabr kuni “Ravshan” jamoasi bilan o‘z uyimizda o‘ynaymiz. 30 noyabr kuni Ashxobodda “Oltin Asr” bilan va oxirgi bahs 14 dekabr kuni Bishkekda Turkmanistonning “Merv” jamoasi bilan bahs olib boramiz. Guruhda hozircha 7 ochko bilan 1-o‘rindamiz. Guruhdan chiqmoqchi bo‘lsak, hamma uchrashuvlarda natija ko‘rsatishimiz kerak. Rahbariyat oldimizga aynan guruhdan chiqish vazifasini qo‘ygan.

- Qisqa vaqt ichida jamoangizni chempionlikka etkalab keldingiz. Sir bo‘lmasa, u erda nimani o‘zgartira oldingiz? Chunki bunday qisqa vaqt ichida klubni chempionlikka olib kelish qiyin...

  • Bu erda qanaqa sir bo‘lishi mumkin? Birinchidan yaxshi selektsiya olib borilgan. Qirg‘izistonning eng yaxshi va iste’dodli futbolchilari yig‘ilgan. Ularda o‘ziga ishonch yo‘qolgandi. Taqvimga qarasak, ko‘proq mashg‘ulotlar o‘tkazishga ham vaqt yo‘q edi. Qisqa muddat ichida o‘yindan-o‘yinga tayyorlanib kelishdi. 18 sentyabrdan boshlab bugungi kungacha bir jamoa bo‘lib kurashdik. FIFA kunlarida 10 nafar futbolchimiz terma jamoa ixtiyoriga ketishadi.
  • Ularni o‘sha kunlarda ko‘ra olmayman va klubda qolgan o‘yinchilar bilan mashg‘ulot o‘tkazaman. “Merv” bilan o‘ynaganimizdan keyin ertasi kuni Qirg‘iziston futbol federatsiyasidan xabar keldi. 11 nafar futbolchilarimiz terma jamoaga chaqirilgan. Jamoamizdagi turkmanistonlik legioner esa Turkmaniston terma jamoasi a’zosi. OFK Kubogidagi o‘yinmizdan keyin 12 ta futbolchimiz ketadi va ikki hafta mobaynida asosiy o‘yinchilarimizni ko‘ra olmaymiz. Shunaqa qiyin vaziyatda yigitlardagi ishonchni qaytarish muhim edi. Ular men xohlagan futbolni ko‘rsatishga mahorati va aqli etarli. 
  • Jismoniy tomondan ham tayyorgarligi yaxshi. O‘yin paytida ularga yordam berishga harakat qildim. Ruhiy tarafdan o‘ziga ishonib o‘ynashyapti. Jamoamizda o‘yin surati bor. Chetdan qarayapman, ular futbol o‘ynab maza qilishyapti. Eng kerakligi mana shunday paytda jamoa ichida muhit yaxshi bo‘lishi kerak. Bu narsa bizda bor. Bundan tashqari, biz taktika ustida ham ko‘p va xo‘p ishladik. Asosan taktika ustida ishladik. Agar ular ishonmasa va harakatlari noto‘g‘ri bo‘lganida natija bo‘lmasdi. Shuning uchun ularga katta rahmat.

- Adashmasam, bu sizning murabbiylik faoliyatingizda xorijdagi dastlabki chempionligingiz bo‘ldi. Bu o‘ziga yarasha ahamiyatli...

- Ha, murabbiylik faoliyatimda bu xorijdagi birinchi chempionligim bo‘ldi. Oldin Hindiston yoshlar termasi bilan ishlagan paytimda ikkita jamoam – U16 va U20 yoshli jamoalarimiz Osiyo chempionatida chorak finalgacha etib borgandilar va bu eng yaxshi natija bo‘lgandi. Keyin 2012 yilda aynan shu “Abdish-Ota” klubi bilan Qirg‘iziston Kubogini yutgandik. Chempionlik – bu birinchi marta.

- Jamoangiz OFK Kubogi guruh bosqichidagi ishtirokini davom ettiryapti. Chempionlikdan keyin futbolchilarda ruhlanish qanday? OFK Kubogida asosiy vazifa nima? Sizni keyingi qadamlaringiz qanaqa bo‘ladi?

- OFK Kubogi doirasida “Oltin Asr”ga qarshi birinchi o‘yinni yutganimizdan keyin rahbariyat yangi vazifa qo‘ydi. Guruhdan chiqib, iloji boricha finalga etib borishni maqsad qilishdi. Hozircha birinchi qadam guruhdan chiqish. Jamoa rahbarlari o‘yinimizni ko‘rib endi katta vazifa qo‘yishyapti. Menga aytishyaptiki, jamoa chiroyli va sifatli o‘yin ko‘rsatyapti. Niyat qilamizki, “Abdish-Ota” guruhdan chiqib finalgacha etib borishni istashyapti va bunday o‘yinimiz bilan shunday maqsadga erishimizga ishonishyapti. Ishonch juda muhim.

- Natijalar klub rahbariyati va muxlislarini qoniqtiryapti. Endi siz bilan tuzilgan shartnoma uzaytiriladimi?

- Rahbariyat bilan gaplashganman va bu erda 14 dekabrgacha ishlab turaman. O‘sha kuni OFK guruh bosqichidagi oxirgi o‘yinimiz bor. Kelajak to‘g‘risida hali gaplashgandik, bunga vaqt ham bo‘lmadi.

Shuhratbek Jo‘raev.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qisqa vaqt ichida jamoasini chempionlikka etaklagan Islom Ahmedov bilan suhbat