Fayzullayev: "RPLdagi bir jamoada ham sun’iy maydon bor, ammo uniki Turkmanistonnikidan ancha yaxshiroq"
O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev bugun saytimizga kechagi Turkmaniston bilan o‘yin va bo‘lajak Eron bilan bahs haqida o‘z fikrlarini bildirdi.
— Kechagi o‘yin haqidagi fikrlaringiz? Adashmasam, faoliyatingizda bunday tajriba ilk bor bo‘ldi.
— Avvalambor, butun o‘zbek xalqini g‘alaba bilan tabriklayman. Juda muhim bo‘lgan o‘yinda g‘alaba qozondik. Birinchi bahsda g‘alaba qozonish muhim, sababi bu jamoaga ishonch beradi. Sun’iy maydonda o‘ynash professional futbolchilar uchun juda qiyin, chunki u jarohat xavfini oshiradi. Shunga qaramasdan, kecha iroda ko‘rsatib g‘alaba qozondik va asosiysi uch ochko.
— Faoliyatingizni Rossiyada davom ettirmoqdasiz. U yerda infratuzilma yaxshi bo‘lishiga qaramay havo juda ham sovuq. Qishda o‘ynash qiyin va maydonlarning holati ham yomonlashadi. Turkmanistondagi maydon bilan Rossiyaning qishida maydonda futbol o‘ynashning farki bormi, qaysi biri qiyinroq?
— Hali Rossiyaning qishida o‘ynab ko‘rmadim (kuladi). U yerda faqatgina "Orenburg"da sun’iy maydon bor, ammo uning holati kechagi Turkmanistonnikidan anchagina yaxshi va o‘ynashga qulayroq.
— Keyingi bahs 5 kundan so‘ng Eronga qarshi bo‘lib o‘tadi. O‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘ryapsizlar?
— Kecha uchib keldik va bugun tiklanish jarayonini boshladik. Kuchni qaytarib olish kerak va shundan so‘ng Eronga qarshi tayyorgarlikni boshlaymiz.
— Bilamizki, Eron gavdali himoyachilarga ega. Ularga qarshi qandaydir taktika ishlab chiqilyaptimi?
— Sekin-asta Eronga qarshi tayyorgarlikni boshlaymiz va o‘yinlarni o‘rganib chiqamiz. Bu borada jamoamiz murabbiyi ko‘rsatmalarini beradi va shunga qarab taktika qo‘llaymiz.
Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring