O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionati Osiyo qit’asi saralash guruhida Eron futbolchilari bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Toshkentdagi uchrashuvda Srechko Katanes shogirdlari birinchi bo‘limda ikkita to‘p o‘tkazib yubordi. Biroq tanaffusdan keyin terma jamoamiz raqibni bosim ostida ushladi va mag‘lubiyatdan qutilib qoldi.
Dunyo mamlakatlarida futbolni yoritayotgan manbalar Osiyo futbolidagi eng shiddatli qarama-qarshiliklardan biri – O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi uchrashuvga ham e’tibor qaratdi.
Sports.uz portali ushbu bellashuv natijasini yoritgan manbalar ma’lumotlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Italiya: TUTTOCAGLIARI.NET
2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo qit’asidagi saralash turnirida “Kalyari” hujumchisi Eldor Shomurodov yetakchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi kuchli raqib – Eron futbolchilarini to‘xtatib qoldi. Eldor Shomurodov uchrashuvni hujum markazida boshladi. O‘yinda “Inter”ning transfer nishoni bo‘lgan Taremi ham gol urdi. Gonkong va Turkmaniston terma jamoalari ham o‘ynayotgan ushbu guruhda Eron va O‘zbekiston yetakchilik qilmoqda. Guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar keyingi bosqichga chiqadi.
Fransiya: LE11HDF.FR:
Jahon chempionatining Osiyo mintaqasidagi saralash turnirida “Lans” himoyachisi Abduqodir Husanov Eron bilan bo‘lgan uchrashuvda juda kam o‘ynadi. O‘zbekiston terma jamoa murabbiylar shtabi uni o‘yinning so‘nggi daqiqalarida maydonga tushirdi. Himoyachi 2:2 hisobini ushlab qolishga yordam berdi.
Eron: MEHRNEWS.COM
Eron terma jamoasi 2026 yilgi jahon chempionatining saralash musobaqasida O‘zbekiston bilan safarda 2:2 hisobida durang o‘ynadi.
Birinchi bo‘limda mezbonlar darvozaboni O‘tkir Yusupov Ramin Rizoyon zarbasini qaytara olmadi. 38-daqiqada Mehdi Taremi hisobni 2:0 qildi.
Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston milliy terma jamoasi raqibdan ancha yaxshi o‘ynadi va hisobni tenglashtirdi. 52-daqiqada Oston O‘runov va o‘yin yakunlanishiga yetti daqiqa qolganida Igor Sergeyev to‘p kiritdi.
Bu natija tufayli har ikki jamoa 2024 yilning mart oyiga belgilangan keyingi tur uchrashuvlariga guruh peshqadami sifatida kirib borishini ta’minladi.
Rossiya: EURO-FOOTBALL.RU
Toshkentdagi uchrashuvda guruh favoritlari o‘zaro to‘qnash keldi. O‘zbekiston ham, Eron ham 2026 yilgi jahon chempionati saralashini g‘alaba bilan boshlagan edi. Bu guruhdan keyingi bosqichga Eron va O‘zbekiston chiqishiga hech kim shubha qilmaydi. Ular qay birlari birinchi o‘rinni egallashini asosan o‘zaro uchrashuvda hal qilib olishi lozim.
O‘zbekiston milliy terma jamoasida ko‘pchilikning e’tibori Rossiya Premer-ligasida o‘ynagan Eldor Shomurodov va Oston O‘runovga qaratildi. Eron o‘zining eng mashhur yulduzlari – Mehdi Taremi va Sardor Azmunga tayanib o‘ynadi.
Dastlab eronliklar ikkita gol urgan uchrashuvning ikkinchi yarmida o‘zbeklar hammasini o‘zgartira oldi. Mehmonlar g‘alabani ushlab qolish harakatlarini ancha erta boshlab yubordi. Bu ularga qimmatga tushdi. Oston O‘runov Eldor Shomurodovning pasidan keyin hisobdagi farqni qisqartirdi. Keyin Igor Sergeyevga golli pas uzatdi.
Guruh yetakchilari to‘qnashuvida jangovar durang qayd etildi. Har ikki jamoa o‘yinning ayrim pallalarida yorqin futbol ko‘rsatdi. Ular bir biriga munosib raqib ekanini yana bir karra isbotladi.
Qozog‘iston: SPORTS.KZ
O‘zbekiston jahon chempionati saralash uchrashuvida sensatsion kambekni amalga oshirdi. “Ye” guruhining Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvida O‘zbekiston milliy terma jamoasi eronliklarni qabul qildi. O‘yin 2:2 hisobida yakunlandi.
Maydon egalari birinchi bo‘limdan keyin 0:2 hisobida ortda qolayotgan edi. Keyin Oston O‘runov 52-daqiqada hisobni qisqartirdi. “Tobol” va “Aktobe” jamoalarining sobiq hujumchisi Igor Sergeyev zaxiradan maydonga tushib, 83-daqiqada hisobni tenglashtirdi.
Ta’kidlash joizki, Eron terma jamoasi o‘yindan oldin fovarit sifatida e’tirof etilgandi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring