19:11 / 23.11.2023
555

Rossiyada o‘zbek futbolchilari soni yanada ko‘payadi

Rossiyada o‘zbek futbolchilari soni yanada ko‘payadi

Rossiya Premer-ligasi o‘zbek futbolchilari uchun Yevropaning kuchli ligalariga o‘tishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini o‘taydi. Xususan, "Rostov"dan Italiyaga yo‘l olgan hujumchi Eldor Shomurodovning tajribasi bunga yorqin misol bo‘la oladi.

Rossiya chempionatida porlayotgan Abbosbek Fayzullayev ham yaqin kelajakda Yevropaning kuchli ligalaridan biriga o‘tishi mumkinligi ko‘p muhokama qilinyapti. Ayni paytda Premer-ligada Abbosdan tashqari yana to‘rt futbolchimiz bor. “Rubin” jamoasi himoyachi Rustam Ashurmatov va yarim himoyachi Umarali Rahmonaliyevni o‘ynatyapti. “Nijniy Novgorod”da Ibrohimxalil Yo‘ldoshev anchadan beri to‘p tepmoqda. Uning yoniga yosh hujumchi Ruslan Jiyanov ham qo‘shildi.

Rossiya futbolidagi taniqli ekspert Yuriy Belous tez orada Rossiya chempionatida o‘zbek futbolchilari soni oshishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Mutaxassis o‘z fikrini O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi Indoneziyada 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida o‘tkazilayotgan jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etayotgani bilan asosladi.

- O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi mundialda zo‘r ishtirok etayotgani men uchun syurpriz bo‘lgani yo‘q. Bu mintaqada talantlar juda ko‘p yetishib chiqyapti. O‘zbekistonda iste’dodli yosh futbolchilar juda ko‘p, ular yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida g‘olib chiqqani ham bejiz emas.

Bugun ana shu yoshlar juda yaxshi natijalarni qayd etmoqda. Eng asosiysi, bu mamlakatda futbolchilarni tarbiyalash yo‘lida yuqori darajada sharoitlar yaratilmoqda.

Sanksiyalar tufayli xorij klublari bilan savdo qilish qiyinlashgan pallada o‘zbek futboli bozorini kengaytirish kerakmi?

Bir bozorga ko‘chib o‘tish kerak emas, balki hamma mintaqadagi vaziyatni kuzatib borish kerak. Agar futbolchi raqobatbardosh bo‘lsa, yevropalik futbolchidan ustunligini ko‘rsatsa, O‘zbekistondan o‘yinchi olishga hech narsa halaqit qilmaydi.

Masalan, SSKAga kelgan Abbosbek Fayzullayev ham noyob iste’dod egasi ekanini namoyish qilyapti. Bunaqa futbolchilar nafaqat O‘zbekistonda, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari, hatto Qirg‘izistonda ham bor.

Agar faqat O‘zbekiston haqida gapirsak, Yevropaning kuchli klublarida o‘ynayotgan Eldor Shomurodov va bosh futbolchilarni misol keltirish mumkin. Hatto, “Paxtakor” yaqin o‘tmishda qanday kuchli bo‘lganini yaxshi eslaymiz. Bu jamoada mahoratli futbolchilar to‘p tepgan va sobiq ittifoq terma jamoasiga ham jalb qilingan, - dedi Yuriy Belaus metaratings.ru saytiga bergan intervyusida.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi vakillari Indoneziyada o‘tkazilayotgan jahon chempionati guruh bahsida Kanadani 3:0 hisobida yengdi va Ispaniya terma jamoasi bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi.

Nimchorak final bahsida yoshlarimiz chempionlikka da’vogar hisoblangan Angliya yoshlar terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu bahsda g‘alaba to‘pini kiritgan Lazizbek Mirzayevni Rossiya Premer-ligasining bir necha klublar kuzatib borayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilgan edi.

Jamoliddin Rahmatullayev boshqarayotgan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi jahon chempionati chorak finalida Fransiya futbolchilari bilan bellashadi. Bu bahs 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rossiyada o‘zbek futbolchilari soni yanada ko‘payadi