Rossiya Premer-ligasining birinchi davrasi asosiy kashfiyoti bo‘lgan Abbosbek Fayzullayev musobaqaning ikkinchi yarmini ham juda zo‘r boshladi. SSKA maydonida o‘tgan poytaxt derbisida legionerimiz “Dinamo” himoya chizig‘ini ancha qiynab qo‘ydi.
20 yoshli hujumkor futbolchimiz birinchi bo‘limda o‘zi zo‘r gol urdi. Keyin jamoadoshi Anton Zabolotniyga juda aniq pas uzatib, bitta assist ham qayd etdi. Garchi “armiyachilar” 2:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zbek legionerining o‘yini ko‘pchilikka ma’qul keldi.
Uchrashuvdan keyin SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov jamoasining o‘yini va xususan, Abbosbek Fayzullayevning harakatlariga o‘z munosabatini bildirdi.
- Raqib ikkinchi bo‘limda o‘yinini sezilarli darajada kuchaytira oldi. Biz esa, o‘yinni muvaffaqiyatli boshlaganimizga qaramay, bellashuvning ikkinchi yarmida tashabbusni ularga berib qo‘ydik.
Juda oson gollarni o‘tkazib yubordik. Resurslarmiz yetishmadi. Mendes va Davila terma jamoadan yaqinda yetib keldi. Klub murabbiyi sifatida terma jamoalar taqvimiga e’tirozlarim bor.
Biz terma jamoalarga tayyor o‘yinchilarni jo‘natyapmiz. Ular esa horg‘in holda qaytib kelyapti va ularning tiklanishiga vaqt yetishmayapti. Masalan, chililik o‘yinchilarimiz o‘yin oldi mashg‘ulotlariga yetib keldi xolos. Bunaqa yuklamani organizm ko‘tarishi mumkin, lekin samaradorlik pas bo‘ladi.
Bizga o‘yinni tashkil qilishda balans yetishmasligi band bermoqda. Takroran aytaman, raqib ikkita golni osonlikcha urishiga yo‘l qo‘yib berdik. Bu holatni tahlil qilib chiqamiz. Chunki yetarlicha sabablarimiz bor.
Bizga transferlar yetishmayapti. Buni “Dinamo”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv ham ko‘rsatdi. Biz buni hazm qilish va vaziyatdan chiqishga majburmiz. Avvalgi o‘yinlarda buni uddalay olgandik.
Keyingi o‘yingacha vaqt kam. Lekin qo‘limizdan kelganini qilamiz. “Dinamo”ni ham e’tirof etish lozim. Ular muhim vaziyatlarda juda yaxshi o‘ynadi. Tanaffusgacha hisobni yiriklashtirishimiz kerak edi.
Nababkin – bizning jokerimiz. Qaysi pozitsiyani yangilash kerak bo‘lsa, uning xizmatlaridan foydalanamiz.
Fayzullayev jamoaga juda yaxshi kirishib ketdi. Hozir u raqobatdan xoli, ishtiyoq bilan o‘ynayapti. Lekin u o‘zini ko‘rsatgan uchrashuvlarda jamoaning ham harakatlari borligini e’tirof etishim kerak.
Jamoamizda bu o‘yinchi juda tez o‘sayotgani juda yoqimli. Fayzullayevga o‘xshagan transferlarni ko‘proq bo‘lishini istardim, - dedi Vladimir Fedotov.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring