Osiyo chempionlar ligasi 5-tur OKMK - "Al Ittihod" bahsidan avval tashkil etilgan matbuot anjumanida mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov va futbolchi Mirjamol Qosimov ishtirok etishdi.
- Ertaga Olmaliq uchun tarixiy kun. Nufuzli jamoa Olmaliqqa tashrif buyurmoqda. Bizda hech qanday bosim yo‘q, bunga sabab keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlarimiz yo‘q. Biz har doim Olmaliqqa chempionlar ligasini olib kelamiz deb niyat qilar edik. Mana shu kunlar keldi, to‘g‘ri guruhdan chiqa olmadik, ammo Osiyoning top jamoalarini Olmaliqqa olib keldik va ertaga ularga qarshi maydonga chiqamiz. Guruh bosqichidagi o‘yinlarimiz bizga katta tajriba bo‘ldi.
Mirjamol Qosimov: - Ertaga katta o‘yinda ishtirok etamiz. Qiziqarli o‘yin bo‘lishi aniq. Ertaga muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.
- Jarohatidan forig‘ bo‘lmagan va ertaga jamoaga yordam bera olmaydigan futbolchilar bormi?
- Jarohatlar bor. Ruben va Gadoyev ertaga bizga yordam bera olmaydi. Komilov esa qizil kartochka sabab uchrashuvni o‘tkazib yuboradi. Bu futbol, ertaga baribir kuchli raqibga qarshi 90 daqiqa o‘ynashimiz kerak.
- Jamoani bir o‘yinga yaxshi tayyorlay olishingizni bilamiz. OCHLdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokimizga qaramay ertaga katta jamoaga qarshi o‘ynaysizlar. Katta nomlarga qarshi kuchli o‘yin namoyish etish uchun qo‘shimcha motivatsiya yoki mukofot pullari va’da qilindimi?
- Bizda kutilmagan holat ro‘y berdi. Zich taqvim sabab jarohatlarimiz soni ko‘payib ketdi. Asosiy maqsadimiz muxlislarni xursand qilish. Bunday katta futbolchilarni pul berib ham O‘zbekistonga olib kela olmaysiz. Biz ushbu vazifani uddaladik.
- Ertaga Benzemani qo‘riqlash vazifasini qaysi futbolchiga topshirdingiz.
- Jamoam ochiq futbol tarafdori. Ertaga stadionga ko‘p muxlislar kelishi kutilmoqda va yopiq o‘yin ko‘rsatish noto‘g‘ri bo‘ladi. Benzema katta futbolchi va jamoaviy o‘yin namoyish etib uni to‘xtatishimiz mumkin.
- "Al Ittihod"ga qarshi futbolchilar qanday tayyorgarlik ko‘rishdi. Bu oddiy chempionat doirasidagi o‘yin emas masalan.
Mirjamol Qosimov: - Osiyo chempionlar ligasida o‘ynashning o‘zi katta orzu. Biz ertaga yigitlar bilan birdam bo‘lib yaxshi o‘yin namoyish etishni maqsad qilganmiz.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring