2024 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogiga o‘tgan haftada qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi Vetnam, Quvayt va Malayziya jamoalari bilan "D" guruhidan o‘rin oldi. Qur’a haqida bosh murabbiy Timur Kapadze hamda jamoa yetakchilari Jasur Jaloliddinov va Abbosbek Fayzullayevlar o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Qaysi guruhda kimlar bilan o‘rin olishimizni ancha kutgan edik. Bu bosqichga yetib kelgan barcha jamoalarni hurmat qilib aytamanki, guruhimizdagi raqiblar kuchli ham, kuchsiz ham emas. Kvartetda o‘rta darajadagi raqiblar yig‘ildi. Vetnam Quvayt va Malayziyaga qaraganda ustunroq ko‘rindi, lekin har bir raqib o‘ziga yarasha kuchga ega. Barcha guruhga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ikkitadan kuchli va o‘rta darajadagi jamoalarni ko‘rish mumkin. Eng asosiysi guruh bosqichidan keyin boshlanadi", - dedi Timur Kapadze.
Jasur Jaloliddinov: "Ochig‘ini aytish kerak, guruh bosqichi bizga qulay raqiblarni taqdim qildi. O‘yindan o‘yinga raqiblarning saviyasi va darajasi ortib boraveradi. Hammamiz muhim turnirga yaxshi tayyorgarlik ko‘rib, oldimizga qo‘ygan maqsadimizga yetishish uchun astoydil harakat qilamiz”.
Abbosbek Fayzullayev: "Yaxshi guruhga tushdik. Har bir terma jamoa o‘ziga yarasha kuchli. Bizni oldinda muhim turnir kutib turibdi. Maqsadlarimiz juda yuqori. Xudo xohlasa, Qatardan nafaqat Olimpiada yo‘llanmasi, balki chempionlikni ham qo‘lga kiritib qaytamiz”.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 15 aprel – 3 may kunlari o‘tadigan mazkur turnirda Parij-2024 Olimpiya o‘yinlarining yo‘llanmalari ham o‘ynaladi. Musobaqada kuchli uchlikdan joy olgan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Olimpiada ishtirokchisiga aylanishadi. To‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoa esa qit’alararo o‘tish bosqichida Gvineya bilan so‘nggi yo‘llanma masalasini hal qiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring