Osiyo chempionlar ligasi 5-tur "Navbahor" - "Al Hilol" (0:2) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bugun Osiyoning eng kuchli jamoasiga qarshi o‘ynadik. "Al Hilol" deyarli ideal shakllangan jamoa. Bugun biz himoyada tartibli o‘yin namoyish etib, tezkor qarshi hujumga o‘tishni maqsad qilgandik. Ammo raqib xatoga yo‘l qo‘yishga majbur qildi. Fikrimcha ikkinchi penalti qo‘yilgan vaziyat bahsli edi va so‘nggi qaror hakamga bog‘liq edi va u penalti belgiladi. Guruhdan chiqish imkoniyatlarimiz juda yaxshi va biz ulardan maksimal tarzda foydalanishga harakat qilamiz.
- Bugungi uchrashuvga asosiy tarkibni tanlashda xatoga yo‘l qo‘ymadingizmi. Sababi biz qarshi hujumga tayanib o‘ynadik demoqdasiz, ammo qanotda tezkor Doniyor Abdumannopov bugun zaxirada qoldirildi? Toma Tabatadze ham katta tezlikka ega futbolchi emas.
- Tarkibni bor futbolchilardan tanladim. Qanotda Ismoilov va Sobirjonovlar o‘ynashdi. Abdumannopov shamollab qolgandi va to‘liq tuzalishga ulgurmadi. U maydonga tushganida juda qiynaldi. Keyingi uchrashuvlarga qadar u to‘liq sog‘ayib ketishiga umid qilaman. Yigitlar bugun yaxshi o‘ynashdi va ularga hech qanday e’tirozim yo‘q. Yana bir marotaba takrorlayman, biz Osiyoning eng kuchli jamoasiga qarshi o‘ynadik. "Al Hilol"ga qarshi hujumkor o‘yin namoyish etish ilojsiz narsa. Masalan chempionat doirasidagi so‘nggi uchrashuvda "Al Hilol" 9ta gol urdi. Tasavvur qilyapsizmi 9ta.
- Abror Ismoilov bugun ancha agressiv harakat qildi. Ismoilovga siz ko‘rsatma berganmidingiz yoki u o‘zi shunday o‘yin namoyish etdimi?
- Abror birinchi o‘yinda ham va bugun ham juda yaxshi o‘yin namoyish etdi. Bugun hujumlarni yakunlovchi futbolchi yetishmadi bizga.
- Jamoani bugungi uchrashuvga yaxshi tayyorladingiz, ammo o‘tgan uchrashuvda jamoa mag‘lub bo‘ldi. Jamoaga stabillik yetishmayapti. Bunga sabab nima?
- Bizda o‘yinlar soni juda ko‘p, ayniqsa mavsum so‘ngida. Zaxira o‘rindig‘i ham bizga pand bermoqda. Ko‘proq rotatsiya qilishim kerak, ammo zaxirada sifatli o‘yinchilar yetishmayapti. Futbolchilar ham mavsum so‘ngida charchashgan. Qo‘shimchasiga ko‘p futbolchilar kuzda shamollab qolishdi.
- Rotatsiya haqida gapirdingiz. Lekin bizningcha "Nasaf", "Paxtakor" kabi azaliy raqiblar bilan solishtirsak, "Navbahor"ning zaxira o‘rindig‘i eng kuchlisi. Aynan qaysi pozitsiyalarda sizga o‘yinchilar yetishmayapti.
- Zaxirada yosh futbolchilar o‘tiribdi. Yoshlar jamoasida o‘ynaydigan futbolchilarimiz o‘z musobaqasida so‘nggi o‘rinda borishmoqda. Ular hali chempionlar ligasiga tayyor emas. Chempionlik darajasiga mos futbolchilar jalb etishimiz kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring