SSKA tarkibida asosiy figuraga aylangan Abbosbek Fayzullayev Rossiya futbolida eng ko‘p muhokama qilinayotgan charm to‘p ustalaridan biri.
Rossiyalik jurnalistlar fikr so‘rab, eng ko‘p murojaat qiladigan mutaxassislardan biri SSKAning sobiq futbolchisi Vladimir Ponomaryov hisoblanadi. Yaqinda undan Abbosbek Fayzullayev haqidagi mulohazalarini bildirishni so‘rashdi.
— Bizning rasvo bo‘lgan futbolimiz fonida Abbosbek Fayzullayevning o‘yini menga juda yoqyapti. Ilgari har bir jamoada unga o‘xshash kamida besh nafar futbolchi bo‘lardi.
Abbosning driblingi zo‘r va hamma darrov uning aynan mana shu jihatiga e’tibor qaratdi. Rossiya futbolida unga o‘xshagan futbolchilar ko‘proq bo‘lishi kerak.
— Fayzullayevni “o‘zbek Messisi” deyishyapti...
— Tabiiyki, Abbos Messi emas. Fayzullayev hozir bizning futbolimizda zo‘r o‘ynayapti. Lekin Yevropada o‘ynab keta olmaydi. Avval Sergey Pinyayevni ham rosa Yevropaga ketadi, deyishgandi.
Biroq Fayzullayev Pinyayevdan ancha qiziqarliroq o‘ynaydi, — dedi Vladimir Ponomaryov.
E’tibor qaratadigan jihati shuki, SSKA o‘z safiga Fayzullayevni qo‘shib olganida, aynan Vladimir Ponomaryov “armiyachilar”ning bu transferini tanqid qilgan va Abbosning Rossiya Premer-ligasida o‘ynab ketishiga shubha bilan qaragan edi. O‘shanda u shunday degan:
— Bu futbolchi 19 yoshida nima qilib bera olardi? Uni qanday qilib yetuk futbolchi deyish mumkin? Undan hali ajoyib o‘yinchi chiqadimi? Axir o‘zimizda ham yaxshi yigitlar borku. Ular tarkibga kirishi, o‘ziga bo‘lgan ishonchni uyg‘otishi kerak. O‘zbekning pozitsiyasida to‘pga egalik qila olish, maydonni yaxshi ko‘rish qobiliyati, yaxshi pas berish, tezkorlik, chidamlilik kabi xislatlarni egallagan futbolchi o‘ynashi kerak. 19 yoshli o‘yinchi bunaqa yuklamalarni ko‘tarishi o‘ta qiyin.
Keyinchalik Abbos Fayzullayevning o‘yinini ko‘rgan mutaxassis legionerimizning iqtidorini tan oldi.
— Fayzullayevga balli. O‘yinlarda raqiblariga g‘ulg‘ula solyapti, to‘p bilan yaxshi yuguryapti, har doim ochilishga harakat qilyapti. Ko‘p mehnat qilayotgani bois muxlislarning ham qalbidan joy oldi. Lekin u mehnat qilishni to‘xtatsa, vaziyat butkul o‘zgarib ketishi mumkin.
Abbosbekning driblingi zo‘r bo‘lishi krak. Bu borada uning qobiliyati juda yaxshi. Tezkorligi ham talab darajasida, biroq yana o‘sishi kerak.
Bir vaqtlar “Spartak”da Xusainov o‘ynagan. Uning ham bo‘yi baland bo‘lmagan, lekin bu uning bosh bilan gol urishiga ham xalaqit qilmagan edi. Har qanday holatda ham, Fayzullayev o‘z ustida ishlashni to‘xtatmasligi kerak va shunda barcha maqsadlariga erishishi mumkin, — degandi Vladimir Ponomaryov.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullayevning barcha muxlislari, aksariyat mutaxassislar uning Yevropa ligalarida o‘ynay olishiga ishonadi. Bunga biroz vaqt kerak xolos.
Eng asosiysi esa, Abbosning o‘zi oldiga katta maqsad qo‘ygan va unga erishish uchun tinimsiz mehnat qilish kerakligini yaxshi biladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring