Osiyo Chempionlar ligasi, “D” guruhi, 6-turidan o‘rin olgan “Mumbay Siti” – “Navbahor” (1:2) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Samvel Babayan va mazkur o‘yinning eng yaxshi futbolchisi deb topilgan “lochinlar” yarim himoyachisi Jamshid Iskanderovlar ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berishdi.
Quyida ularning fikrlarini e’tiboringizga havola etamiz.
Samvel Babayan: - Bugun “Navbahor” uchun tarixiy hodisa yuz berdi. Biz Osiyoning eng kuchli 16 ta jamoasi qatoridan joy oldik. O‘yindan oldingi matbuot anjumanida ta’kidlaganimdek, “Mumbay Siti” tarkibidan juda kuchli va yaxshi futbolchilar joy olishgan.
Osiyoning eng kuchli 16 ta jamoasi qatoridan joy olganligi bois, “Navbahor” o‘sishi hamda infratuzilmasini rivojlantirishi lozim. Shuningdek, biz nimchorak final bosqichida Namangan shahri va yurtimiz sharafini munosib tarzda himoya qilish uchun sifatli seleksiya ishini olib borishimiz kerak. Bu biz uchun katta natija. Menimcha, bu klub tarixida qoladi hamda “Navbahor” rivojlanishda davom etishi lozim.
Yana shuni ham ta’kidlash joizki, “Mumbay Siti”ning Namanganda va bugungi bellashuvda maydonga tushgan futbolchilari juda kuchli hamda bugun ham ular yaxshi o‘yin namoyish etishdi.
Jamoamizga keladigan bo‘lsak, bu bizning joriy mavsumdagi so‘nggi bahsimiz edi. Uch kun oldin ham shogirdlarim Superliga doirasidagi oxirgi o‘yinni o‘tkazishgani bois, ularda charchoq alomatlari bor edi. Hisobda ortda borayotib, oldinga borish va gol urishdan boshqa variantimiz yo‘q edi hamda yigitlar buni uddalashdi. Shogirdlarimga minnatdorchilik bildiraman. Ular haqiqiy professional ekanliklarini isbotlab, shahar va yurtimiz sharafini munosib tarzda himoya qilishdi.
Biz “Navbahor” futbolchilari bilan faxrlanishimiz kerak. Ular yuqori darajadagi professionallar hamda shahar va yurtimizning haqiqiy vatanparvarlaridir.
Jamshid Iskanderov: - Uchrashuv juda qiyin kechdi. Ayniqsa, o‘z darvozamizdan to‘p o‘tkazib yuborganimizdan so‘ng, qiynaldik. Boisi, bu jamoamizning joriy mavsumdagi so‘nggi o‘yini edi va vaziyatni o‘zgartirish uchun kuch to‘plashimiz oson bo‘lmadi.
Jarima zarbasidan gol urganligimga keladigan bo‘lsak, Superliga hamda O‘zbekiston kubogi bahslarida ham jarima zarbalaridan to‘p kiritgandim. Bugun ham omadim keldi.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring