22:41 / 08.12.2023
780

Shomurodov “Kalyari”da nega o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi

Shomurodov “Kalyari”da nega o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi

Italiya futbolini yoritayotgan tuttocagliari.net  sayti jurnalistlari mamlakatda taniqli shaxs –  Euxenio Giotssidan intervyu oldi. Giotssi ko‘proq Jen Nokki taxallusi bilan tanilgan. Uning asosiy kasbi teleboshlovchi va komik.

Shunga qaramay, Nokki futbolchi ham hisoblanadi va A Seriya klublari bilan professional shartnoma imzolagan.

Nokki 2006-2007 yillarda o‘sha yoshi ellikdan o‘tganiga qaramay, o‘sha davrning ayrim nomdor futbolchilaridan yaxshiroq o‘ynashini va A Seriyada to‘p tepishiga imkon berishlarini talab qiladi. Uning tashabbusini Marchello Lippi va Alessandro del Pero qo‘llab quvvatlaydi. A Seriyadan “Atalanta”, “Torino”, “Siyena” va quyi ligadan “Bolonya” mashhur komik boshlovchiga o‘zini sinab ko‘rishni taklif etadi.

2007 yilning 23 may kuni 52 yoshli  Giotssi o‘zining sevimli jamoasi “Parma” bilan qisqa muddatli professional shartnoma tuzadi.  Unga Italiyada A Seriyaning professional o‘yinchilariga belgilangan eng kam maosh miqdori – 18 ming yevro ish haqi tayinlanadi. Yoshiga moslab 52-raqamni olgan va Nokki taxallusi ostida ro‘yxatdan o‘tgan yangi futbolchining debyuti liganing so‘nggi turida  “Empoli”ga qarshi bahsda bo‘lishi kutilgan edi. Biroq “Parma” yuqori divizionda qolish uchun kurashayotgani bois qariyani maydonga tushirmaydi.

Lekin oradan bir necha kun o‘tib, “Parma” murabbiylar shtabi uni o‘rtoqlik o‘yinida sinab ko‘radi.

Giotssi 2009 yili fevralda A Seriya vakili “Jenoa” bilan yarim yillik shartnoma tuzgan. Jurnalistlar futbolni yaxshi tushunadigan bu mutaxassisdan “Kalyari” haqidagi savollarga javob oldi.

- Siz Kdaudio Raneri boshqarayotgan “Kalyari”ning A Seriyada qolishini qanday baholaysiz? Keyingi uchta uchrashuvda jamoa maqtovga yarasha o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsa-da, atigi bir ochko oldi va xavfli hududga tushib qoldi...

- Men “Kalyari” futbolchilari “Latsio”ga qarshi zo‘r o‘ynaganini ko‘rdim. Agar so‘nggi daqiqada rimliklar darvozaboni Provedel jamoasini qutqarmaganida o‘yin durang bo‘lardi. Sardiniyaliklar Turinda “Yuventus”ga qarshi ham juda yaxshi o‘ynadi. Jamoada quyi ligaga tushib ketishdan qutilib qolish uchun hamma imkon yetarli.

Qolaversa, men Oristanioning muxlisiman. Unda buyuk futbolchi bo‘lish salohiyati bor. Uzoq yillar oldin “Parma” o‘yinchisi bo‘lganman. O‘shanda jamoada Klaudio Raneri ham bor edi. Bu mutaxassis iqtidor egalarini boshqalardan ertaroq aniqlay olishini yaxshi bilaman.

“Kalyari”da undan tashqari Luvumbo va Makumbo kabi istedodlar ham bor. Ana shunday o‘yinchilar bilan ta’minlangan jamoa A Seriyadagi joyini saqlab qolishi kerak.

- Eldor Shomurodovni “Kalyari”dagi eng “sirli hujumchi” deb aytishmoqda. Ayrim holatlarda o‘zbek futbolchisi yuqori saviyali o‘yin namoyish qilmoqda. Lekin Raneri uni ko‘pincha o‘yin oxirlarida maydonga tushiryapti. Sizningcha, Shomurodov markaziy hujumchimi yoki ikkinchi hujumchi nomiga mosmi?

- Menimcha, Eldor ko‘proq ikkinchi hujumchi hisoblanadi. Uning muammosi ko‘proq taktik sxema bilan bog‘liq.

Shomurodov chiziqlarni bog‘lab turadigan o‘yinchi hisoblanadi. Biroq xuddi shu vazifani Viola ham bajarmoqda. Klaudio Raneri bu vaziyatda ulardan birini tanlashiga to‘g‘ri kelyapti. Viola esa, o‘zi boshlang‘ich tarkibda o‘ynagan uchrashuvlarda mahorat ko‘rsata olyapti.

Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov A Seriyada o‘nta uchrashuvda maydonga tushgan bo‘lsa-da, maydonda jami 296 daqiqa harakat qilgan xolos.  Hali gollar hisobini ochmagan hujumchimiz atigi bitta assist bilan cheklanib qoldi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov “Kalyari”da nega o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi