A Seriya debyutanti “Kalyari” yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashmoqda. Sardiniyaliklar 15-turni o‘z maydonida o‘tkazadigan “Sassuolo”ga qarshi bahs bilan yakunlab beradi.
Musobaqa jadvalida xafli hududga tushib qolgan “Kalyari” bosh murabbiyi Klaudio Raneri bo‘lajak o‘yin oldidan o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Sports.uz portali italiyalik murabbiyning fikrlarini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
A Seriyada qolish uchun kurash haqida
Tabiiyki, qolish uchun kurashish juda muhim, lekin men burilish nuqtasi haqida gapirishni yoqtirmayman. Men hozir musobaqa jadvaliga katta e’tibor qaratmayapman. Quyi pog‘onalarda ekanimizni va o‘zimizni tiklab olishimiz kerakligini bilamiz. “Sassuolo” bizdan besh ochko ko‘p jamg‘arganiga qaramay, yana g‘alaba qozonishni istaydi. Biz ham quyi ligaga tushib ketishdan qutilib qolish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bizga ijobiy natija kerak, jamoa yaxshi holatdi, shogirdlarimda o‘zlariga nisbatan ishonch bor.
“Sassuolo” haqida
“Sassuolo”ni mag‘lub etish juda qiyin. Ular “Yuventus” va “Inter”ni ham yer tishlatdi. Bu jamoa o‘z maydonidan ko‘ra, mehmonda ko‘p ochko jamg‘ardi. Bu ulardan kuchli irodani talab qiladi.
“Sassuolo” gol urishga usta raqib hisoblanadi. Ular ancha sifatli o‘ynaydi. Kastilexo – buyuk futbolchi. Raqib safida zo‘r o‘yinchilar ko‘p. Raqib tarkibida kimlar o‘ynashini bilmayman, lekin bu jamoani hurmat qilish kerak. Ular futbol o‘ynashni biladi.
Hujum chizig‘i haqida
To‘rt oylik tanaffusdan keyin Janluka Lapadula darrov yuqori sport formasiga kira olmaydi. Buning uchun vaqt kerak. Uchrashuvda kim bo‘lishidan qat’i nazar ikkita markaziy hujumchini o‘ynatishni o‘ylayapman. Bizga eng yuqori darajadagi tayyorgarlikka ega va o‘zining bor imkoniyatini ishga sola oladigan forvardlar kerak bo‘ladi.
Ibrohim Sulemana haqida
Sulemana mavsumni yaxshi boshladi. Biroq keyinchalik o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. U birinchi xatodan keyin asabiylashadi. Lekin u ham bor imkoniyatini ishga solishga harakat qilayotgani mashg‘ulotlarda ko‘rinib turibdi.
Eldor Shomurodov haqida
Shomurodovda mavsum boshida juda katta muammolar bor edi. Eldorning bu holati tufayli biz kutgan futbolchi emasdi. Chunki u “Spetsiya” va “Rom”da juda kam o‘yin o‘tkazdi.
Yozda transferni amalga oshirganimizda “Jenoa”da o‘ynagan Shomurodovni o‘z safimizda ko‘rishni xohlagandik.
Shomurodov sekin asta o‘sha avvalgi darajasiga qaytyapti. Uni yana yuqori saviyaga chiqishiga turtki beryapman, undan himoyaga qaytib o‘ynashini ko‘p talab qilyapman. Albatta, bu hujumchi ham talablarimga munnosib javob qaytaryapti. Shomurodov hali bizga kerak bo‘ladi.
Tarkib haqida
Men ayni paytda tarkibdan juda mamnunman. Jamoada qiyinchilikni boshidan o‘tkazayotgan futbolchilar bo‘lishi tabiiy hol. Bu vaziyatda bizga biroz vaqt kerak bo‘ladi. Men shogirdlarimning hammasiga ishonaman. Bo‘layotgan tanqidlarga qaramasdan, tarkibda sifatli futbolchilar jamlangan, ular jamoaga yordam bera oladi va vaqti kelib, shogirdlarim buni isbotlaydi.
Eslatib o‘tamiz, “Kalyari” va “Sassuolo” o‘rtasidagi uchrashuv 11 dekabrdan 12 dekabrga o‘tar kechasi 00:45 da boshlanadi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring