23 yoshli yigitning boshi nega 90 darajaga egilib qoldi?

23 yoshli yigitning boshi nega 90 darajaga egilib qoldi?
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Eronlik shifokorlar 23 yoshli yigitda ko‘p yillik giyohvand moddalar iste’moli oqibatida yuzaga kelgan va tibbiyotda avval qayd etilmagan «boshning osilib qolishi sindromi» holatini aniqlashdi.
  • Bemorning bo‘yin mushaklari kuchsizlanib, boshi 90 darajaga egilib qolishiga amfetamin va boshqa moddalar ta’sirida uzoq vaqt noqulay holatda qolishi sabab bo‘lgan.

Eronlik shifokorlar kam uchraydigan va g‘ayrioddiy tibbiy holatni qayd etishdi. 23 yoshli yigitning bo‘yin mushaklari boshini ushlab turish qobiliyatini yo‘qotgani sababli uning boshi 90 darajaga egilib qolgan. Mutaxassislar ushbu holatni bir necha yil davomida giyohvand moddalar iste’mol qilish bilan bog‘lashmoqda.

Eronning Isfahon tibbiyot universiteti shifokorlari tomonidan o‘rganilgan holat Cervical Kyphoscoliosis (CKS), ya’ni «boshning osilib qolishi sindromi» bilan bog‘liq. Bu kasallik bo‘yinni orqa tomondan tik ushlab turuvchi mushaklarning kuchsizlanishi bilan tavsiflanadi. Natijada mushaklar bosh og‘irligini ko‘tarish va uni to‘g‘ri holatda saqlashga qodir bo‘lmay qoladi.

Odatda, mazkur sindrom mitoxondrial miopatiya, tug‘ma miopatiya, harakat neyronlari kasalliklari yoki anatomik nuqsonlar, jumladan, boshning g‘ayrioddiy kattaligi kabi holatlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Biroq Eronlik shifokorlar ko‘p yillik giyohvand moddalar iste’moli oqibatida yuzaga kelgan, avval tibbiy adabiyotlarda qayd etilmagan holatni aniqlashgan.

23 yoshli bemor ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan qiyin sharoitda yashagan. Uning tibbiy tarixida og‘ir depressiv buzilish hamda geroin, opiy va amfetaminlarga qaramlik holatlari mavjud bo‘lgan.

Shifokorlarning qayd etishicha, bemor amfetamin iste’mol qilgan har bir holatdan keyin uzoq vaqt davomida bo‘ynini egilgan holatda saqlab turgan. Bu jarayon muntazam takrorlanishi natijasida uning bo‘yin umurtqalaridagi o‘zgarishlar asta-sekin kuchayib borgan.

Tibbiy tekshiruvlar davomida bosh miya nervlari, mushaklar kuchi va vegetativ asab tizimi faoliyati bilan bog‘liq testlar normal natijalarni ko‘rsatgan. Biroq kompyuter tomografiyasi bemorning C3, C4 va C5 bo‘yin umurtqalarida og‘ir kifoskolioz deformatsiyasi mavjudligini aniqlagan.

Kasallik darajasi baholangach, shifokorlar bo‘yin umurtqalarini tiklash uchun uch bosqichli jarrohlik amaliyotini o‘tkazishga qaror qilishgan. Operatsiya davomida deformatsiyalangan suyak qismi olib tashlanib, bo‘yin to‘g‘ri anatomik holatga keltirilgan.

Jarrohlik muvaffaqiyatli yakunlangan. Oradan bir kun o‘tib, bemor maxsus bo‘yin yoqasi yordamida yura olgan. Uch kundan keyin esa shifoxonadan javob berilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yigit avvalroq turli an’anaviy va o‘simliklardan tayyorlangan vositalar yordamida davolanishga ham harakat qilgan. Biroq ular kasallik belgilarini yengillashtirmagani sababli u tibbiy yordam so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘lgan.

Operatsiyadan keyin bemor bir necha marta psixiatr ko‘rigidan o‘tgan va giyohvand moddalar iste’mol qilishni to‘xtatishga erishgan. Bir yillik kuzatuv natijalari ham ijobiy bo‘lib, bo‘yin umurtqalarining holati va tana tuzilishidagi o‘zgarishlar sezilarli darajada yaxshilangan.

«Biz giyohvand moddalarni suiiste’mol qilish og‘ir va murakkab bo‘yin kifozi rivojlanishiga hissa qo‘shganini aniqladik. Moddalar mushak-skelet tizimidagi o‘zgarishlarga bevosita ta’sir ko‘rsatmaydi. Aksincha, bu jarayon bilvosita sodir bo‘ladi: bemor moddani iste’mol qilganidan keyin uzoq vaqt muayyan holatda qoladi. Bir necha oy davomida bu holat mushak va suyak tizimida o‘zgarishlarni keltirib chiqarib, kifoskoliozga olib keladi», — deb yozishgan eronlik shifokorlar o‘z ilmiy hisobotlarida.

Ta’kidlanishicha, og‘ir giyohvand moddalar qaramligi va boshning osilib qolishi sindromi o‘rtasidagi avval hujjatlashtirilmagan ushbu bog‘liqlikka «intoksikatsiya sindromi» nomi berilgan. Mazkur tibbiy holat giyohvand moddalar iste’molining organizmga nafaqat bevosita, balki uzoq vaqt davomidagi noto‘g‘ri tana holati orqali ham jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini namoyon etadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar