“Nasaf” klubi 2023 yilgi mavsumda Kuboklarni qo‘lga kiritdi, chempionatda “Paxtakor”dan keyin ikkinchi o‘rinni band etdi.
Jamoa safi iqtidorli futbolchilar bilan to‘ldirilganini barchamiz bilamiz. Ulardan biri Suhrob Nurulloyev. Bu o‘yinchi ayniqsa, joriy chempionatda ancha o‘sishga erishdi.
U joriy yilda Superligada 23 ta o‘yinda 1 ta gol urdi. Shuningdek, O‘zbekiston Kubogida 6 ta uchrashuvda maydonga tushdi. Superkubokda ham ishtirok etdi. Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichida muntazam harakat qildi.
Bir so‘z bilan aytganda, Nurulloyev murabbiylar tomonidan berilgan imkoniyatdan foydalandi va o‘z mehnati bilan jamoasining yetakchilaridan biriga aylana oldi.
- Suhrob, "Nasaf" bu yil ajoyib mavsumni o‘tkazdi. Lekin yakunda chempionlikka erisha olgani yo‘q. Boshqa qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlar chempionlik o‘rnini bosadimi? Umuman, chempionat haqida fikrlaringiz?
- Ha, albatta, “Nasaf” bu yil juda yaxshi mavsum o‘tkazdi. Boshqa sovrinlarga erishish ham oson bo‘lmadi. Chempionatda ham oxirigacha kurashdik. Umuman olganda, bu yil hammasi biz o‘ylagandek bo‘ldi.
- Sizga jiddiy takliflar borligini ham eshitmoqdamiz. Legionerga aylanishingiz ham mumkinmi? Bu rejangizda bormi?
- Takliflar bo‘lib turibdi. “Nasaf” bilan gaplashib keyin bir qarorga kelaman.
- Bu mavsumda ancha o‘sishga erishdingiz va muxlislarning mehrini qozondingiz. Qayerdan kuch oldingiz?
- Muxlislarning ishonchi va jamoamdagilar bilan ham bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro tushunib harakat qildik.
- "Nasaf" uchun eng og‘ir va yoqimli o‘yinlar sifatida qaysilarni ayta olasiz?
- “Al-Sadd” bilan o‘z uyimizdagi o‘yin va finalda “Paxtakor”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv, deb o‘ylayman.
- “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasida ham muvaffaqiyatli qatnashib guruhdan chiqa oldi. Jamoa OCHLda qayergacha bora oladi, deb o‘ylaysiz?
- OCHLda anchagina tajribaga ega bo‘ldik. Xudo xohlasa, kattaroq maqsadlar qo‘yilgan va bunga jamoaning potensiali yetadi.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring