So‘nggi ikki mavsum “Nasaf” sharafini himoya qilgan braziliyalik hujumchi Mateus Lima Kruz rasman klubdan ketgani ma’lum bo‘ldi. Bu xususida jamoa matbuot xizmati xabar tarqatdi.
Lima Kruz qarshiliklar bilan xayrlashgach, Sports.uz jurnalisti braziliyalik hujumchi bilan suhbatda bo‘ldi.
- Dastlab, “Nasaf”dan ketganingiz haqida so‘ramoqchiman. Buni o‘zingiz xohladingizmi yoki...
- Biz jamoa bilan yaxshi vaqt o‘tkazdik. Ikkala tomon ham qarordan va erishilgan yutuqlarimizdan xursandmiz.
- “Nasaf”dagi ikki yillik faoliyatingiz nimasi bilan esda qoldi?
- Birgalikda yutgan 3 ta titulimiz, Kubok finalidagi oxirgi golim, o‘ylashimcha, bu mavsumda bir qancha muhim gollar urishga erishdim.
- Rejangiz qanday? Oldingizda aniq takliflar bormi?
- Hozircha faqat Braziliyada dam olish haqida o‘ylayapman. Keyinroq Xudo menga kelajak uchun nimalarni tayyorlab qo‘yganini ko‘ramiz.
- O‘zbekistonda “Nasaf”dan tashqari yana qaysi jamoada o‘ynashni yoqtirasiz?
- Har qanday klub muhim, men professionalman va jamoalarni ajratib o‘tirmayman.
- Klubdagi eng yaqin do‘stingiz kim va jamoa bilan xayrlashishga ulgurdingizmi?
- Bunday jamoadoshlarim ko‘p. Lekin ayniqsa, legionerlar bilan yaqin edim. Shuningdek, Oybek, Akmal, Aziz va Javohir haqida ham shunday deya olaman. Chunki ular inglizchada gapira olardilar.
- Faoliyatingiz davomida bir qancha klublarda o‘ynagansiz. Ular orasida “Nasaf” nimasi bilan yodingizda qoldi?
- O‘ylashimcha, “Nasaf” men o‘ynagan eng sovrindor klub bo‘ldi. Jamoa bilan bir yil ichida uchta Kubok yutdik.
- Bundan buyon qanday maqsad uchun kurashmoqchisiz?
- Hozircha bilmayman. Agentim keyinroq takliflarni ko‘rib chiqadi va menga ma’lum qiladi. Keyin esa birgalikda qaror qabul qilamiz.
Shuhratbek Jo‘rayev.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring