Abbosbek Fayzullayev joriy yilning avgust oyida “Paxtakor”dan Moskvaning SSKA klubiga ko‘chib o‘tgan paytda ko‘chilikning uning Rossiya Premer-ligasida muvaffaqiyatli o‘ynab ketishiga shubha bilan qaragan edi.
Bo‘y-basti baland bo‘lmagan ixchamgina futbolchining jismonan kuch-quvvatga asoslangan Rossiya Premer-ligasiga kirishib ketishi haqiqatan kutilmagan holat bo‘ldi. Abbosbek Fayzullayev yangi jamoasiga juda tez moslashdi, Premer-liganing asosiy kashfiyoti nomini oldi, ketma-ket to‘rt oy SSKAning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Ochig‘ini aytganda, futbol tarixida hali hech qaysi legionerimiz xorij chempionatlaridagi ishtirokini bu qadar jadal boshlamagan.
SSKA professional futbol klubi tibbiyot departamenti rahbari Eduard Bezuglov Sports.ru saytiga bergan intervyusida Abbosbek Fayzullayev jamoaga qo‘shilishdan oldin maxsus tekshiruvlardan o‘tkazilgani va ularning natijalari juda yuqori bo‘lganini alohida ta’kidladi.
Sports.uz portali ushbu intervyuning Abbosbek Fayzullayevga tegishli qismini o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etadi.
– SSKA jamoaga yangi qabul qilinayotgan futbolchilar bilan shartnoma tuzishidan oldin ularni tekshiruvdan o‘tkazadi. Bu qanaqa jarayon?
– Maydonda o‘tkaziladigan bu testlar kompleks tekshiruv hisoblanib, o‘z ichiga sprintdan tortib, reaktiv va reaktiv bo‘lmagan chaqqonlik imkoniyatlarini o‘rganishni o‘z ichiga oladi. Bular bilan birga mushaklarning kuchi va muvozanatni saqlash qobiliyati ham teshiriladi.
Tekshiruvlar jarayonida biror kamchilik aniqlansa, biz ma’lumotlarni apparat tadqiqot usullari (MRT, MSKT) hamda klinik simptomlar bilan taqqoslab, xulosa chiqaramiz.
– Fayzullayev darrov boshlang‘ich tarkib o‘yinchisiga aylandi va Rossiya Premer-ligasini “yorib tashlayapti”. Uning tekshiruvi natijalari qanday bo‘lgan?
– Abbos SSKA tarixida “VEB Arena”da tekshiruvdan o‘tkazilgan birinchi futbolchi hisoblanadi. Bungacha barcha testlar “Oktyabr” stadionida tashkil etilar edi.
Fayzullayevda reaktiv va reaktiv bo‘lmagan chaqqonlik imkoniyatlarini tekshirganimizda natijalar juda yuqori bo‘lgan va bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha Abbosbek Rossiya Premer-ligasida kuchli o‘nlikka kiradi.
Tezkorlik ko‘rsatkichlarida ham hamma natijalar joyida. Bu natijalar Fayzullayev tezkorlik bobida rossiyaning eng zo‘r yosh futbolchilari bilan raqobatlashishga qodirligini aniq ko‘rsatdi. Bundan tashqari, o‘zbek futbolchisi bu ko‘rsatkichlarini yanada yaxshilash salohiyatiga ega ekanini ham ta’kidlash lozim.
Fayzullayevning yana bir ustun jihati u juda chidamli. SSKAda keyingi ikki-uch yil ichida tezlik va chidamlilikni uyg‘unlashtirgan o‘yinchilar juda kam bo‘lgan. Bundaylarga faqat Kirill Glebov va Yegor Ushakovni misol qilish mumkin xolos.
Abbosbek Fayzullayev SSKAga ko‘chib o‘tganidan buyon Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi. Hamyurtimizning transfer summasi bir necha baravar oshib, bugungi kunda 4 million yevroni tashkil qilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring