17:13 / 27.12.2023
877

Abbosbek Fayzullayevga Yevropadan e’tibor bo‘ldi

Abbosbek Fayzullayevga Yevropadan e’tibor bo‘ldi

Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tganidan keyin eng kuchli futbolchilardan biriga aylangan Abbosbek Fayzullayevning faoliyati ko‘pchilikning diqqatini tortdi.

Muxlisu mutaxassislarning aksariyatini mavsumning eng yorqin kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan legionerimizning kelajagi qiziqtirmoqda.

Abbos Rossiya kelganidayoq asosiy maqsadi Yevropaning kuchli ligalarida to‘p tepish ekanini ochiq aytgan edi. Yaqingacha, hujumkor futbolchimizning yanvarda Yevropaga ketib qolishi mumkinligi keng muhokama qilanayotgan edi.

Biroq Fayzullayevning agenti Qahhor Mo‘minov mijozi mavsumni SSKAda yakunlashi, yanvarda transfer takliflari ko‘rib chiqilmasligi, Abbos bor e’tiborini O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatarda bo‘ladigan Osiyo kubogiga qaratishi haqida bayonot berganidan keyin bu masala biroz oydinlashdi.

Shunday bo‘lsa-da, Rossiya futboli tahlilchilaridan tortib, oddiy muxlislargacha Abbosbek Fayzullayev Premer-ligada uzoq qolmasligini yaxshi biladi.

O‘z navbatida, Yevropadagi ekspertlar ham Abbosbek Fayzullayevga e’tibor qarata boshladi. Yaqinda Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi hamyurtimizni yilning eng yaxshi yosh futbolchilari nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikka da’vogar 26 nafar futbolchi ro‘yxatiga kiritgandi. Bu nominatsiya g‘oliblari 1 yanvar kuni aniqlanadi.

Yevropadagi yana bir nufuzli manba –  footmercato.net portali qit’a ligalaridagi klublar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan eng zo‘r yosh futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.

Ushbu nashr Rossiya Premer-ligasida muvaffaqiyatli o‘ynayotgan to‘rt futbolchiga jamoatchilik e’tiborini qaratdi. Bular SSKAning o‘zbekistonlik hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev, “Zenit”ning braziliyalik himoyachisi Robert Rennan, “Dinamo” hujumchisi Konstantin Tyukavin hamda “Krasnodar” himoyachisi Georgiy Arutyunyan.

Ro‘yxatga kiritilgan futbolchilarning bari mavsumning birinchi qismini yuqori darajada o‘tkazdi. Abbosbek Fayzullayev debyut mavsumida 18 ta uchrashuvda ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi. SSKAning sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr  oylaridagi eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi. Rossiya futbol jamoatchiligi Abbosni mavsum kashfiyoti sifatida e’tirof etdi.

Konstantin Tyukavin “dinamochilar” safida 23 ta uchrashuvda raqiblar darvozasini to‘qqiz marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshiga bitta golli pas uzatdi.

“Korintians” tarbiyalanuvchisi Robert Rennan esa, hozirgacha sakkizta uchrashuvda qatnashib, himoyada mustahkam turdi. Bu futbolchi “Zenit”da uzoq ushlanib qolmasligini ta’kidlashmoqda.

Georgiy Arutyunyan esa “Krasnodar” safida to‘qqizta uchrashuvda qatnashib, himoyadagi vazifalarini bajarishdan tashqari  o‘z nomiga bitta gol ham yozdirib qo‘ydi.

Eslatib o‘tamiz, 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lgan, Argentinadagi jahon chempionatida qatnashgan Abbosbek Fayzullayev kuni kecha O‘zbekistonning 2023 yildagi eng yaxshi futbolchisi sovrini bilan taqdirlandi.

Agar 20 yoshli futbolchimiz Osiyo kubogida ham o‘z darajasida o‘ynasa, unga bo‘ladigan takliflar soni keskin oshishi kutilmoqda.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayevga Yevropadan e’tibor bo‘ldi