Abbosbek Fayzullayev O‘zbekistonda 2023 yilning eng yaxshi futbolchisiga atalgan sovrinni qo‘lga kiritdi.
20 yoshli legionerimizning navbatdagi individual yutug‘i u faoliyat olib borayotgan Rossiya Premer-ligasida ham keng muhokama qilinmoqda.
Sports.uz portali rossiyalik futbol ekspertlarining Abbosbek Fayzullayevning ushbu muvaffaqiyatiga qanday munosabat bildirganini havola etadi.
Valeriy Gazzayev, SSKAning sobiq bosh murabbiyi:
Fayzullayev yoshga nisbatan ancha yetuk futbol namoyish qilmoqda. Uning o‘yinini tomosha qilish juda qiziq. Abbosbek tezkor, texnikasi zo‘r, futbol bo‘yicha yaxshi ta’lim olgan o‘yinchi. U eng yaxshi sifatlarini namoyish qilmoqda va O‘zbekistonda eng yaxshi futbolchi, deb e’tirof etilgani ham bejiz emas.
Biz uning qobiliyati borligini ko‘rib turibmiz, lekin Fayzullayev o‘z iqtidorini rivojlantirishdan to‘xtamasligi kerak. U maydonda katta ishtiyoq bilan o‘ynayapti. Bu SSKA uchun juda zo‘r transfer bo‘ldi.
Vladimir Ponomaryov, SSKA sobiq futbolchisi:
Rossiya Premer-ligasi o‘yinchilarining texnik darajasi past. Fayzullayev bundan mustasno. O‘zbek futbolchisi vaziyatlarni bir o‘zi hal qilishga qodir.
Afsuski, chempionatda individual jihatdan SSKAdan Abbosbek Fayzullayev va “Dinamo”dan Konstantin Tyukavindan boshqa kimnidir ajratib ko‘rsatish qiyin..
Faqatgina Fayzullayev to‘p bilan yugura oladi va dribling qo‘llaydi. Buni boshqa hech kim uddalay olmaydi. Tyukavin esa, to‘pni bexato qabul qilib olishga usta.
Valeriy Masalitin, futbol eksperti:
Fayzullayev O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga munosib. To‘g‘risini aytsam uning terma jamoadagi o‘yinlarini kuzatganim yo‘q. Agar O‘zbekistonda uni eng zo‘ri, deb topishibdimi, demak, Abbosbek bu sovringa loyiq.
Bugungi kunda Fayzullayev SSKAning eng yaxshi futbolchisi. “Armiyachilar” hujumida katta foyda keltiryapti.
Yuriy Syomin, “Lokomotiv” sobiq bosh murabbiyi:
Fayzullayev — iste’dodli futbolchi. Texnikasi kuchli. Hozirgi paytda raqibga qo‘rqmay bostirib boradigan, birga birga vaziyatda yoki bir necha raqibni aldab o‘tib ketadigan o‘yinchilar ko‘p emas. Bu qobiliyat juda qadrlanadi. Fayzullayev to‘pni va to‘p bilan ishlashni yaxshi ko‘rishi shunday ko‘rinib turibdi. Bu borada u Xvicha Kvaratsxeliyaga o‘xshaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!