date
views 178

Fayzullayev o‘zi uchun 2023 yilning eng muhim voqeasini aytdi

Fayzullayev o‘zi uchun 2023 yilning eng muhim voqeasini aytdi
SSKA matbuot ixizmati klub futbolchilaridan yil yakunlari munosabati bilan blis intervyular olib, muxlislar e’tiboriga havola qildi.
Ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini jamoa yetakchisiga aylangan Abbosbek Fayzullayev bilan bo‘lgan savol-javob o‘ziga tortdi.
 
- Yangi yil dasturxoniga qo‘yilishi shart bo‘lgan eng sevimli bayram taomi qaysi?
-  O‘zbekcha norin.
 
- Yangi yil kechasidagi eng yaxshi an’ana?
- Butun oila bilan bir dasturxon atrofida jamlanib, bir-biriga yaxshi tilaklar va niyatlar bildirish.
 
- Yangi yilga bag‘ishlangan eng sevimli film qaysi?
- “Uyda yolg‘iz”.
 
- 2023 yildagi eng esda qolarli voqea?
- 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasida Osiyo chempioni bo‘lish va mamlakat Prezidenti qo‘lidan kubokni qabul qilib olish.
 
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullayev eng muhim voqea sifatida e’tirof etgan 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirokidagi Osiyo chempionati uning faoliyatida katta burilish yasadi.
 
Fayzullayev yoshlar terma jamoasi yetakchisi sifatida hamyurtlarimizning qit’a miqyosidagi musobaqada g‘olib chiqishiga katta hissa qo‘shdi. Turnir tashkilotchisi – Osiyo futbol konfederatsiyasi Abbosbekning xizmatlarini tan olib, uni musobaqaning eng yaxshi futbolchisi sovrini bilan taqdirladi.
 
Iste’dodli hujumkor futbolchimiz aynan mana shu musobaqada xorij klublari mutaxassislari e’tiboriga tushdi.
 
O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qit’a chempioni sifatida Argentinada o‘tkazilgan 20 yoshgacha futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatida ham juda yaxshi o‘yin namoyish qildi. Bu musobaqadan keyin Yevropa klublari o‘zbek futbolchilariga e’tibor qaratdi.
 
Osiyo va jahon chempionatida o‘ynagan yigitlarimiz orasida Abbosbek Fayzullayevdan tashqari Abduqodir Husanov kuchli ligaga yo‘l olib, Fransiya vitse-chempioni “Lans” bilan to‘rt yillik shartnomaga imzo chekdi.
 
Abbosbek Fayzullayev esa, SSKA taklifini qabul qildi. Hozir uning tanlovi to‘g‘ri bo‘lgani  o‘z tasdig‘ini topgan.
 
20 yoshli Abbosbek ekspertlar tomonidan Rossiya Premer-ligasi kashfiyoti, liganing eng kuchli o‘yinchisi, SSKAning eng yaxshi futbolchisi kabi e’tiroflarga sazovor bo‘lmoqda.
 
Qolaversa, Fayzullayevning transfer summasi keskin oshib, to‘rt million yevroga yetdi. Ayni paytda Abbosbek O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida yana bir nufuzli musobaqa – Osiyo kubogida qatnashishga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapti.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev o‘zi uchun 2023 yilning eng muhim voqeasini aytdi