23:39 / 30.12.2023
305

Mutaxassis Shomurodovning jarohati va qachon safga qaytishi haqida fikr bildirdi

Mutaxassis Shomurodovning jarohati va qachon safga qaytishi haqida fikr bildirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Osiyo kubogi oldidan jarohat oldi. Ayni damda uning aniq qachon safga qaytishi aniq emas. Ba’zi xabarlarda hujumchimiz Osiyo kubogi guruh bosqichidan o‘rin olgan 3-tur o‘yiniga qadar qaytadi, deyilsa, yana ayrim manbalar u terma jamoamizga turnir davomida yordam bera olmasligi haqida yozmoqda.
 
O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi "Tibbiy Qo‘mita" raisi hamda "Lokomotiv" klubi bosh shifokori Abror Pirriyev Eldor Shomurodovning jarohati borasida berilgan bir qator savollarga o‘z munosabatini bildirdi.
 
- Eldor Shomurodovning jarohati haqida fikringiz? Uning qachon safga qaytishi va Osiyo Kubogida qatnasha olish-olmasligi borasida turli qarashlar yuribdi? Bu borada mutaxassis sifatida sizning fikringiz.
- Eldorning jarohat olgani borasidagi ilk xabar tarqalganida uning klubi bergan ma’lumotga tayanib telegramm kanalimda o‘z fikrimni bayon qilgandim. Hali ham o‘sha xulosamda qolaman. Ya’ni, mavjud ma’lumotlarga tayanib aytganda futbolchining o‘ng oyoq ikkinchi kaft suyagi singan. Keyinchalik operatsiya muolajasi o‘tkazilgan.
 
- Bunday holatda futbolchining to‘liq safga qaytishi uchun o‘rtacha 1,5 oylik muddat talab qilinadi. Ammo jarohatning tuzalishidan tashqari uning jismoniy holati haqida ham esdan chiqarmaslik kerak. Bugun tuzalgan futbolchi ertaga maydonga tushib yugurib keta olmaydi, ayniqsa qit’a birinchiligi doirasidagi muhim o‘yinlar haqida gap ketganida.
 
- Eldorning operatsiyasi haqida ma’lumot bera olasizmi?
- Odatda bunday operatsiyalar davomida futbolchining singan suyagiga ko‘mak, ya’ni oddiy qilib aytganda “plastinka” o‘rnatiladi. Ammo bu degani shu bilan ish bitdi degani emas. Baribir suyakning bitishi kutiladi. Qo‘yilgan “plastinka” muddatdan avval maydonga tushish imkonini bermaydi. Balki u bitish jarayonida suyaklarning qayta siljib ketishidan himoyalaydi, bu bilan bitish jarayonidagi kafolatni oshiradi hamda shu bilan birga futbolchi maydonga qaytganida ham o‘sha singan suyak uchun qo‘shimcha tirgak, himoya vazifasini o‘tab beradi. Shunday ekan, to‘liq tuzalish davri o‘tmaguniga qadar ukol bilan yoki boshqa usullar bilan o‘yinga qo‘shilish jarohatni qaytalanish xavfini oshiradi va bu keyinchalik ancha jiddiyroq vaziyatlarga olib kelishi mumkin. Qisqasi, bunday variantni o‘ylash shunchaki noprofessonallik.
 
- U jarohat bilan ham (og‘riq qoldiruvchi vositalar orqali) o‘ynay oladimi? 
- Barchamiz, jumladan mutasaddilar, muxlislar, futbolchilar Osiyo Kubogidek katta musobaqada Eldorning maydonga tushishini chin dildan istaymiz. Ammo tushuning, hohish-istak va hissiyotlar bilan tibbiyot qonunlarini o‘zgartirib bo‘lmaydi. Singan suyakda qayta suyaklanish, reabilitatsion chora-tadbirlar degan narsalar bor. Har qanday holatda ham hozir futbolchining jarohati to‘liq tuzalib, sog‘lom holatda safga qaytishi haqida o‘ylashimiz kerak. Agarda hissiyotlarga berilib noto‘g‘ri yo‘l tanlansa, na jamoa uchun va na futbolchining keyingi faoliyati uchun bu narsa foyda keltirmaydi.
 
- Eldor Shomurodov katta ehtimol bilan Osiyo Kubogining 3-turida 90 daqiqa o‘ynaydi deyishyapti...
- Sizda ham muxlislar kabi hali ham ilinj bor. Tushunaman, siz Eldor salomatligiga mas’ul chet ellik hamkasblarim, operatsiya o‘tkazgan mashhur klinika va tajribali xirurg bergan ma’lumotlarga tayanib o‘ylayapsiz. Men esa futbol tibbiyotida yetarli bilim va tajribaga ega mutaxassis sifatida sizga qayta tushuntiraman. Agarda Eldor Osiyo Kubogining 3-turida 90 daqiqa o‘ynaydigan bo‘lsa, o‘sha kuni siz guruhingiz, kamerachilaringiz bilan kelasiz va men o‘zimning sport tibbiyotiga aloqador barcha diplom va sertifikatlarimni (AFK, UYEFA, FIFA berganlarini ham qo‘shib) ko‘z o‘ngingizda yoqib yuboraman va o‘sha kuniyoq “Kalyari”ga, mo‘jizakor natijaga erishgan shifokorlardan qayta ilm olish uchun uchib ketaman!
- So‘nggi savol...Sizni tushundim. Xullas, ushbu vaziyatda Eldor borasida mutaxassis sifatida qanday xulosa qilgan bo‘lardingiz?
- Avvalombor, ayni ushbu vaziyatda murabbiyu muxlislar, mutasaddilaru futbolchilar fikru istagini bir chetga surib, so‘nggi xulosani faqat shifokor berishi ishga professional yondoshuv bo‘lishini aytib o‘tmoqchi edim. Ushbu xulosadan kelib chiqqan holda esa murabbiylar shtabi qaror qabul qiladi.
 
- Kaminaning xulosasi esa quyidagicha: Eldor Shomurodovning jarohati uning Osiyo Kubogida to‘laqonli qatnasha olishiga imkon bermaydi! Futbolchi tezlashtirilgan tartibda so‘nggi o‘yinlarga tushurilgan taqdirda ham u bor imkoniyati doirasida harakat qila olmaydi va aksincha jarohati jiddiylashib, uni yanada uzoqroq muddatli reabilitatsiyaga giriftor qilingan bo‘ladi.
 
- Murabbiylar shtabi oldida esa 2 ta variant bor: 1. Eldor ro‘yxatga kiritilmaydi va bu bilan futbolchi hech qanday bosimlarsiz to‘liq tuzalib safga qaytishi uchun sharoit yaratiladi. 2. Ruhiy qo‘llov va dalda nuqtayi nazaridan jamoaga chaqiriladi hamda Osiyo kubogi davomida u davolash-reabilitatsion muolajalarini davom ettirib, individual mashg‘ulotlar ila safga qaytish bosqichini o‘taydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mutaxassis Shomurodovning jarohati va qachon safga qaytishi haqida fikr bildirdi