01:39 / 01.01.2024
831

O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng xavfli futbolchisi kim?

O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng xavfli futbolchisi kim?
Osiyo futbol konfederatsiyasi qit’aning eng nufuzli musobaqasi – Osiyo kubogi oldidan ishtirok etadigan jamoalarning yetakchi o‘yinchilari haqida ma’lumot bermoqda.
 
Ma’lumki, navbatdagi qit’a chempionatiga Qatar mezbonlik qiladi. Musobaqa 12 yanvardan 10 fevralga qadar davom etadi.
 
Eldor Shomurodovning “Kalyari” mashg‘ulotlaridan birida og‘ir jarohat olgani va Osiyo kubogi boshlangunga qadar maydonga qaytish ehtimoli juda kamligi aytilmoqda. Bu nafaqat O‘zbekiston milliy terma jamoasi, balki turnir tashkilotchilari uchun ham katta yo‘qotish hisoblanadi. Chunki musobaqada dunyoning eng kuchli ligalarida o‘ynaydigan yulduzlarning to‘p tepishi o‘sha turnir mavqeini oshiradi va unga e’tiborni jalb etadi.
 
Osiyo futbol konfederatsiyasi ekspertlari Shomurodovning musobaqada qatnashishi so‘roq ostida qolayotganini inobatga olib, O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi eng muhim figura sifatida Jaloliddin Masharipovni ko‘rsatdi.
 
Maqolada shunday keltiriladi:
 
- Srechko Katanes jamoasida eng katta tajribaga ega o‘yinchilardan biri sifatida Jaloliddin Masharipov yetakchilikni o‘z qo‘liga oladi va tajriba hamda yoshlik ishtiyoqini uyg‘unlashtirishga harakat qiladi.
 
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixidagi birinchi Osiyo kubogiga ega  chiqish uchun kurashadi.
 
Masharipov O‘zbekiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni va Gretsiyadagi klublarida kuzatilgani kabi qanotlardan hujum uyushtirish orqali jamoa yetakchisi ekanini namoyish qiladi.
 
Hozir Gretsiyaning “Panserraykos” jamoasi sharafini himoya qilayotgan 30 yoshli vinger terma jamoa safida 53 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga 11 ta to‘p kiritgan.
 
O‘zbekiston Superligasida “Paxtakor”, Birlashgan Arab Amirliklari chempionatida “Shabab Al-Ahli”, Saudiya Arabistoni Professional ligasida “An-Nasr” jamoalarida o‘ynagan.
 
O‘naqay vinger terma jamoa bosh murabbiyi Srechko Katanes qo‘l ostida asosan chap qanotda o‘ynaydi. U jarima maydonchasi ichidagi hujumchilarga aniq pas orqali qulay vaziyat yaratib beradi.
 
Masharipov universal futbolchi. Jaloliddin maydon markazida va o‘ng qanotda ham birdek samarali o‘ynay oladi.
 
Masharipov standart vaziyatlarda raqiblarga haqiqiy xavf tug‘diradi. Uning har qanday masofadan yo‘llagan zarbalari darvozaga aniq yetib boradi yoki jamoadoshlariga uzatilgan pas bo‘lib chiqadi. Bu futbolchi burchak to‘plarini ham jamoadoshlariga aniq yetkazib beradi.
 
Jaloliddin Masharipov xalqaro yangilik tarmog‘ida 2023 yilning boshida ancha mashhur bo‘lib ketdi. Chunki o‘zbek futbolchisi “An-Nasr”ga kelgan Krishtianu Ronalduga o‘ziga tegishli bo‘lgan 7-raqamni bo‘shatib bergan.
 
Jaloliddin Masharipov O‘zbekiston milliy terma jamoasining Meksika, Vetnam, Xitoyga qarshi o‘yinlarida sardorlik vazifasini bajardi. Eldor Shomurodovning jarohati tufayli Masharipov Qatardagi Osiyo kubogida ham o‘z mamlakati terma jamoasiga sardorlik qiladi, - deb yozdi Osiyo futbol konfederatsiyasi rasmiy sayti.
 
Eslatib o‘tamiz, hamyurtlarimiz qit’a chempionatining guruh bosqichida Suriya, Hindiston va Avstraliya terma jamoalari bilan kuch sinashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi eng xavfli futbolchisi kim?