Abbosbek Fayzullayev yakunlangan 2023 yilda O‘zbekiston va Rossiya futbolining haqiqiy qahramonlaridan bo‘ldi.
Yangi yil arafasida o‘zbek legioneri yana bir individual sovrin sohibiga aylandi. Futbol muxlislari va mutaxassislari mavsumning birinchi qismida SSKA futbolchilari orasida eng zo‘rini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan so‘rovnomada Abbosbek Fayzullayev katta ustunlik bilan birinchi o‘rinni egalladi.
So‘rovnomadagi ovozlar hisob-kitobiga ko‘ra, 20 yoshli hujumkor futbolchimiz SSKAning uzoq yillik sardori Igor Akinfeyev va tajribali hujumchi Fyodor Chalovni ortda qoldirdi.
Abbosbek Fayzullayev ushbu xushxabardan so‘ng, muxlisu mutaxassislarga murojaat yo‘lladi.
- Assalomu alaykum. Menga ovoz berganlarning hammasiga katta rahmat. Bu juda yoqimli bo‘ldi. Bundan keyin ham o‘z o‘yinlarim bilan sizlarni xursand qilish uchun bor kuchim bilan harakat qilaman.
Barchangizni yangi yil bilan qutlayman, do‘stlar, - dedi Abbosbek Fayzullayev.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblangan Abbosbek Fayzullayev SSKAga ko‘chib o‘tganidan beri Rossya Premer-ligasi va mamlakat kubogida 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi.
O‘zbek futbolchisining yuqori saviyadagi o‘yinlari hamon mutaxassislar tomonidan muhokama qilinmoqda.
Vaziyatdan foydalanib, Sports.uz portali o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga rossiyalik ekspertlarning Abbos haqidagi fikrlarini havola qilishni davom ettiradi.
Maksim Demenko, “Spartak” va “Krasnodar” sobiq futbolchisi:
Mavsumning kashfiyoti sifatida kimni e’tirof etish kerak? Agar klublar haqida gapirsak, bu “Krasnodar”. Chunki jamoa birinchi o‘rinda ketyapti va mavsum oxirida chempion bo‘lishi mumkin. Futbolchilarga to‘xtalsak, men Abbosbek Fayzullayevni tanlagan bo‘lardim.
Bu yigit qisqa fursatda SSKAning yetakchi o‘yinchisiga aylandi, u katta salohiyatga ega ekani yaqqol ko‘rinib turibdi. Bu yosh futbolchi menga juda yoqdi, u jamoaga juda tez moslashib oldi va nimalarga qodirligini ko‘rsatyapti.
Maksim Bokov, SSKA sobiq futbolchisi:
Fayzullayev – chempionatning eng zo‘r o‘yinchisi. Boshida Abbos ko‘rinishi bilan hech kimni hayron qoldirgani yo‘q, lekin keyin aqlli o‘yinlari bilan hammani hayratga soldi. Uni tez orada Yevropaga olib ketishadimi yoki yo‘q, buni bilmayman, lekin Fayzullayev SSKAga katta foyda keltirishi aniq.
Fayzullayev “armiyachilar” klubida haqiqiy futbolchi bo‘lib yetishadi. Agar u hozirgi darajadagi o‘yinini namoyish qilishda davom etsa, katta klublar unga e’tibor qaratadi.
Aleksandr Alayev, Rossiya Premer-ligasi rahbari:
Mavsumning asosiy kashfiyotlari Fayzullayev, Saltikov va Sevikyan bo‘ldi.
Aleksandr Grishin, SSKA sobiq futbolchisi:
Yaxshi futbolchilar ko‘p. Har bir jamoada o‘z yetakchilari bor. Eng zo‘rlari sifatida Fayzullayev, Kordoba, Tyukavin va Kasserrani tilga olish mumkin. Bular o‘z jamoasiga natija qilib berayotgan asosiy figuralar hisoblanadi.
Dmitriy Xamuxa, murabbiy:
2023 yilda Fayzullayev juda yaxshi taassurot qoldirdi. U aql bilan o‘ynaydi, texnikasi ham joyida.
Yevgeniy Aldonin, SSKA sobiq futbolchisi:
2023 yilning eng asosiy kashfiyoti Abbosbek Fayzullayev bo‘ldi. U o‘z harakatlari bilan hammani xursand qilyapti, jamoada asosiy rolda o‘zi, xavfli vaziyatlar yaratyapti, gol ham uryapti. Seleksiya nuqtayi nazaridan SSKA juda yaxshi ishladi.
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring