19:58 / 04.01.2024
450

Osiyo kubogi oldidan jiddiy yo‘qotish. Katanes Shomurodovning o‘rnini kimga ishonadi?

Osiyo kubogi oldidan jiddiy yo‘qotish. Katanes Shomurodovning o‘rnini kimga ishonadi?
O‘zbekiston milliy jamoasining Osiyo kubogi uchun tarkibi e’lon qilindi. Jarohati sababli Eldor Shomurodov Qatardagi turnirni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Milliy jamoa sardori va yetakchisining hujum chizig‘idagi o‘rnini Srechko Katanes kimga ishonishi savolligicha qolmoqda. 26 o‘yinchidan iborat ro‘yxatga 3 nafar hujumchi kiritilgan.  
 
Tarkib
O‘zbekiston milliy jamoasining Qatarga yo‘l olgan 28 o‘yinchidan iborat tarkibidan 26talik ro‘yxatga Eldor Shomurodov va Shahboz Umarov kiritilmadi. Shunga qaramay, bosh jamoamiz safida eng ko‘p gol urgan Eldor Shomurodovning Qatardagi Osiyo kubogida ishtirok etishi imkoniyatiga batamom nuqta qo‘yilmagan. Sababi 13 yanvar kuni Suriyaga qarshi ilk bellashuvga 6 soat vaqt qolgunicha tarkib borasida so‘nggi qarorga kelish mumkin. Shundan so‘ng musobaqaning final o‘yiniga qadar tarkib o‘zgarmaydi. Hozircha Shomurodovning musobaqadagi 14-raqamida Jamshid Boltaboyev o‘ynashi ma’lum qilingan.
 
Osiyo kubogi-2023 uchun O‘zbekiston milliy jamoasining tarkibi:
Darvozabonlar: 1. O‘tkir Yusupov («Navbahor»), 12. Abduvohid Ne’matov («Nasaf»), 16. Botirali Ergashev (OKMK).
Himoyachilar: 2. Muhammadqodir Hamraliyev («Paxtakor»), 3. Hojiakbar Alijonov («Paxtakor»), 4. Farrux Sayfiyev («Paxtakor»), 5. Rustam Ashurmatov («Rubin»), 13. Sherzod Nasrullayev («Nasaf»), 15. Umarbek Eshmurodov («Nasaf»), 23. Husniddin Aliqulov («Rizespor»), 25. Abduqodir Husanov («Lans»), 26. Zafarmurod Abdirahmatov («Nasaf»).
Yarimhimoyachilar: 6. Diyor Xolmatov («Paxtakor»), 7. Otabek Shukurov («Fotih Karagumruk»), 8. Jamshid Iskanderov («Navbahor»), 9. Odil Hamrobekov («Paxtakor»), 10. Jaloliddin Masharipov («Panserraikos»), 11. Oston O‘runov («Navbahor»), 14. Jamshid Boltaboyev («Navbahor»), 18. Abdulla Abdullayev («Xorfakkan»), 19. Aziz Turg‘unboyev («Paxtakor»), 20. Hojimat Erkinov («Paxtakor»),  22. Abbosbek Fayzullayev (SSKA).
Hujumchilar: 17. Bobur Abdiholiqov («Ordabasi»), 21. Igor Sergeyev («Patum Yunayted»), 24. Azizbek Amonov («Nasaf»).
 
Shomurodov tiklanishga ulgurishi mumkinmi?
Osiyo kubogi startidan bir oy oldin – 13 dekabr kuni «Kalyari» mashg‘ulotlarida jarohat olib, maydonni tark etgan Eldor Shomurodovning oyoq kafti suyaklari singani ma’lum bo‘ldi. 19 dekabr kuni esa o‘zbekistonlik hujumchi Rimda operatsiya qilingach, futbolchining o‘zi bu haqda «instagram»dagi sahifasida «Yanada kuchliroq bo‘lib qaytaman. Meni so‘nggi kunlarda qo‘llab-quvvatlayotgan barchaga rahmat», - deya yozdi.
Shomurodovning turnir startigacha safga qaytishi haqidagi xabarlarga milliy jamoaning sobiq shifokori Abror Pirriyev o‘z fikrini bildirib, buning amalda iloji bo‘lmasligini aytdi.
 
«Eldor Shomurodovning hali ham Osiyo kubogida ishtirok eta olishidan umidvor muxlislarning ko‘plab savollariga mutaxassis o‘laroq javob tarzda umumlashtirilgan quyidagi fikrni aytishim mumkin: Eldor Shomurodov Osiyo kubogi o‘yinlarida yashil maydonga tusha olmaydi! Agarda murabbiylar shtabi jamoaga dalda bo‘lishini ko‘zlabgina uni tarkibga kiritishsa, Eldor ushbu musobaqaning erkin ishtirokchisiga aylanishi mumkin xolos», - deydi «Lokomotiv» klubi bosh shifokori.
 
Katanes kimga ishonch bildiradi?
Qit’aning eng nufuzli turniri oldidan jamoa sardori va yetakchisining xizmatidan foydalana olmaslik Srechko Katanes uchun ham jiddiy yo‘qotish. Shomurodov jarohat olgach, sloveniyalik mutaxassis faqatgina Qirg‘iziston bilan nazorat bahsini o‘tkazdi. Yakuniy qaydnomaga 3 nafar hujumchi – Igor Sergeyev, Azizbek Amonov, Bobur Abduxoliqov kiritilgan bo‘lsa-da, Katanes bungacha Oston O‘runov va Jaloliddin Masharipovni ham hujumga qo‘yganini eslaymiz. Shu o‘rinda, statistik va jismoniy holatidan kelib chiqib, Eldorning o‘rnini kim egallashi mumkinligini tahlil qilib ko‘rsak:
 
Igor Sergeyev
Joriy mavsumni «Patum Yunayted» safida o‘tkazayotgan 30 yoshli forvard sermahsullik bobida Shomurodovdan ancha yaxshi natija ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, Igor odatda klubi safida o‘zini ko‘proq ko‘rsata oladi, Eldor esa milliy jamoada samaraliroq. Ammo noyabr oyida JCH-2026 saralashi doirasida Eronga qarshi o‘yinda O‘zbekistonni mag‘lubiyatdan qutqarib qolgan gol Igor Sergeyevga ruhan ijobiy ta’sir qilishini kutish mumkin. U yarim yilda Tailand chempionatida 15 bahsda 5ta gol, OCHLda esa 7 o‘yinda 6ta golga mualliflik qildi. Osiyo kubogi-2015dagi tajribasidan kelib chiqilsa, Sergeyev ayni damda Shomurodovning o‘rnini egallash uchun eng munosib nomzoddek gavdalanmoqda. Har holda Fayzullayev, Masharipov, O‘runov, Sayfiyev, Alijonov singari qanotdan yaxshi uzatmalarni yetkaza oladigan futbolchilar bor tarkibda Sergeyevga o‘xshagan bo‘ydor yakunlovchining bo‘lishi yaxshi ustunlik beradi. Igor milliy jamoadagi gollari soni bo‘yicha Eldor bo‘lmagan ro‘yxatda yaqqol yetakchi – 69 o‘yinda 19ta gol.
 
Azizbek Amonov
«Nasaf» hujumchisi 2023 yilgi mavsumni klubi safida yomon o‘tkazmadi. Amonov qarshiliklar bilan Superligada kumush medaliga ega chiqdi, OCHLda 6 o‘yinda to‘p surib, 1/8 finalga yo‘llanma oldi, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritilishiga katta hissa qo‘shdi. Azizbek Ro‘ziqul Berdiyev o‘yin uslubiga mos o‘yinchi, shu bois u klubi safida gohida hujum chizig‘ida, gohida hujumchi ortida harakat qildi. Ammo samaradorlik borasida Superligada 26 o‘yinda 3ta, OCHLda esa 6 bahsda 2ta gol – maqtovga arzigulik emas. Milliy jamoada esa jami 7 o‘yinda bitta gol kiritgan. Shundan kelib chiqilsa, Amonov ko‘proq zaxira varianti sifatida ko‘rilsa, ajabmas.
 
Bobur Abduxoliqov
«Nasaf»ni tark etgach, so‘nggi ikki mavsumda Belarus va Qozog‘iston chempionatida sovrinli o‘rinlarni egallagan Bobur Abduxoliqov 2023 yilda «Ordabasi» safida qo‘shni mamlakat chempionatida 26 o‘yinda 7ta golga mualliflik qildi. Shuningdek, u O‘zbekiston milliy jamoasi safida sentyabr oyida Meksikaga qarshi bahsda (3:3) Eldor Shomurodov o‘rniga asosiy tarkibda maydonga tushib, ajoyib goli bilan hisobni ochgani barchaning yodida. So‘ngi o‘yinlardagi tarkibdan kelib chiqilsa, Katanes Abduxoliqovni Suriyaga qarshi o‘yinda zaxira varianti sifatida ko‘rishi, Hindistonga qarshi bahsda esa unga asosiy tarkibda ishonch bildirishini taxmin qilish mumkin.
 
Masharipov va O‘runov
Srechko Katanes hujum chiziqda sinab ko‘rishi mumkin bo‘lgan yana ikki nomzod – Masharipov va O‘runov sanaladi. Jaloliddin milliy jamoamizning yetakchilaridan biri sanalsa-da, Gretsiyaning «Panserraikos» klubiga o‘tgach eng yuqori sport formasiga kirishga ulgurdi, deyish qiyin. 30 yoshli yarimhimoyachi 7 o‘yinda maydonga tushib, 2ta assistga mualliflik qildi. Milliy jamoada aynan uning chizig‘idagi raqobatchisi Abbosbek Fayzullayev esa SSKA safida so‘nggi yarim yildagi eng yaxshi o‘yinchiga aylandi va Katanes Qatarda chap qanot yarimhimoyasida aynan 20 yoshli futbolchiga ishonch bildirishini taxmin qilish mumkin. Jaloliddin esa Shomurodovning hujumdagi o‘rnini egallashi mumkinligini avvalgi o‘yinlarda ko‘rganmiz. U Qatarga yo‘l olgan tarkibda 53 o‘yinda 10ta golga mualliflik qilgan holda, to‘purarlik bobida Sergeyevdan keyingi 2-o‘rinda bormoqda.
Shomurodovning o‘rnini bilintirmasligi mumkin bo‘lgan yana bir nomzod – Oston O‘runov. «Navbahor» bilan xayrlashgan hujumkor yarimhimoyachi 2023 yilda aksariyat hujumchilar erishmagan to‘purarlik mahoratini ko‘rsatdi. 23 yoshli vinger Superligada 25 o‘yinda 9ta, OCHLda esa 5 o‘yinda 3ta gol va assistga mualliflik qildi. Milliy jamoa safida esa Eron darvozasiga gol kiritib, Katanetsning muhim figuralaridan biriga aylanganini ko‘rsatdi. Jismonan kuchli, individual jihatdan yaxshi texnikaga ega O‘runov universal sifatida ham Srechkoni o‘ylantirayotgan muammolarga yechim bo‘lishi mumkin.
 
Usmon Ibodov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo kubogi oldidan jiddiy yo‘qotish. Katanes Shomurodovning o‘rnini kimga ishonadi?