"Olimpik" jamoasi yangi mavsumga tayyorgarlikni Toshkentda davom ettirmoqda. Jamoa tarkibida bir qator yangi futbolchilar ko‘rikdan o‘tmoqda. Shuningdek, boshqa jamoalarga o‘tishi kutilgan ayrim o‘yinchilar ham ortiga qaytgan. Mazkur mavzu va tayyorgarlik haqida Timur Kapadzega yuzlandik.
"Tayyorgarlikni dekabr oyida boshlaganmiz. 17 yanvar kuni yana Antaliyaga ketamiz. Hammasi reja asosida ketmoqda. Muhimi barcha sog‘-salomat. Tabiiy maydonlar yo‘qligi uchun asosiy e’tiborni jismoniy holatimizni tiklashga qaratganmiz. Yangi futbolchilarni ham sinovdan o‘tkazyapmiz. O‘zini ko‘rsatganlarni olib qolamiz", - deydi Kapadze.
- Mavsum yakuniga yetgach bir nechta futbolchilarga takliflar ko‘paydi. Ularning ayrimlari yangi jamoasi safiga ham borib qo‘shildi. Lekin nima uchun ortga qaytarildi?
- Xorijdan ham takliflar bor edi. Chetdan yaxshi taklif bo‘lsa, ko‘rib chiqamiz dedik. Lekin ketsa ham fevral, mart oyida yig‘inlarimizda nazoratimda bo‘lardi. Klublar, agentlarga oldimizda musobaqa borligini, yig‘inlarimiz ko‘pligini tushuntirdik. Baribir yozgacha taqvim tig‘iz, terma jamoa bilan ko‘p bo‘lishadi. Rahbariyat bilan bir qarorga kelib, futbolchilar shu yerda tayyorgarlik ko‘rishini ma’qul topdik. Har bir futbolchimizga takliflar bo‘layotgani 2-3 yildagi ishimizning samarasi.
- Xorij jamoalarida o‘ynayotgan legionerlarchi? O‘yin amaliyoti bo‘lmayotganlarni "Olimpik"da ko‘ramizmi?
- Ular bilan ham gaplashdim. Yaxshi jamoa bo‘lmasa, yozgacha biz bilan bo‘lishi mumkinligini aytdim. O‘yin amaliyoti beradimi yoki yo‘q bu ham muhim. Birinchidan legionerlarning klubi bilan shartnomasi bor. Bu masalani ham ko‘rib chiqamiz.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring