Osiyo kubogi birinchi turidan o‘rin olgan O‘zbekiston - Suriya (0:0) uchrashuvidan so‘ng Suriya terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper matbuot anjumanida qatnashdi.
- Janob Kuper, o‘yin haqidagi fikringiz qanday?
- Juda qiyin raqibga qarshi o‘ynadik. O‘zbekiston bir murabbiy bilan uch yildan beri o‘ynayotgan jamoa hisoblanadi, tarkibda Yevropada o‘ynaydigan o‘yinchilar ko‘p. Men yigitlarimdan faxrlanaman. Ular berilgan topshiriqlarning barchasini zo‘r bajarishdi. Natijadan qoniqdim. Keyingi o‘yinda ochkolar qo‘lga kiritib, keyingi bosqichga yo‘l olamiz deb o‘ylayman.
- Uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi Ahmad Madaniyaning o‘yin haqidagi fikri qanday?
- Hammaga rahmat. O‘zbekiston qanday jamoa ekanini bilardik. Barcha jamoadoshlarimga rahmat aytmoqchiman. Keyingi bosqichga chiqish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.
- Janob murabbiy, Suriya O‘zbekistonga qarshi juda yaxshi futbol o‘ynadi. Birinchi o‘yinligiga qaramay, jamoa yaxshi ko‘rindi. Al Soma Suriyaning eng zo‘r hujumchisi hisoblanadi. Nega Omar Al Soma jamoaga chaqirilmadi?
- Qaysidir o‘yinchilar bizning uslubimizga tez ko‘nikib ketishdi. Ba’zi o‘yinchilar esa yo‘q. Balki, Omar Al Soma aynan shu sabab bilan jamoaga chaqirilmagandir. Men avvalroq bu masalaga to‘xtalgandim. Bu texnik qaror edi. Futbolchi murabbiyning uslubiga tushishi lozim.
- O‘zbekiston termasi maydonda beshta yarim himoyachi bilan o‘ynadi. Siz bu narsani bilishingiz kerak edi. O‘yinning oxiriga qadar siz himoyaviy o‘yin ko‘rsatdingiz. Nega bunday bo‘ldi?
- Har bir murabbiy o‘yindan oldin o‘z rejasini aniqlab oladi. Murabbiy sifatida qisqa vaqt ichida nimanidir o‘zgartirishim qiyin edi. Har bir o‘yinda jamoamiz uslubini to‘liq o‘zgartira olmaymiz. Ularda kuchli o‘yinchilar borligini bilardik. Umuman olganda, men o‘yinimizdan qoniqdim.
- Birinchi turdan keyin guruhdagi vaziyat haqida qanday fikrdasiz?
- To‘rtta jamoada ham imkoniyat bor. Avstraliyaga qarshi o‘yin juda qiyin bo‘lishini bilamiz. Bugungi xatolarimizni ko‘rib chiqamiz va keyingi raqib bilan o‘yinga tayyorlanamiz.
- O‘yinchiga savol. Keyingi raqib Avstraliya. Bu o‘yin haqida nima deya olasiz?
- Avstraliya juda qiyin raqib. Biz keyingi kunlarda ularning Hindistonga qarshi o‘yinlarini qayta tomosha qilamiz va analiz qilamiz. Albatta, bu o‘yinda kerakli natija qayd etishga harakat qilamiz.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring