15:15 / 14.01.2024
201

Suriyaga qarshi o‘yin haqida: Epizodlarda hal qiladigan "qizil yopinchiqli qahramon" topilmadi!

Suriyaga qarshi o‘yin haqida: Epizodlarda hal qiladigan "qizil yopinchiqli qahramon" topilmadi!

Osiyo kubogi 1-turidan o‘rin olgan Suriyaga qarshi uchrashuvda termamiz 0:0 hisobidagi durangga imzo chekdi. Eronga qarshi o‘yindagi ishonchli natija (2:2) yigitlarimizga bo‘lgan ishonchni oshirib yuborgandi. Turnir oldidan final, yarim final, eng kamida chorak finalgacha borishimiz taxmin qilindi. Birinchi uchrashuvda esa... Keling, nima bo‘lgani haqida gaplashamiz.

Suriyaga qarshi Suriya bo‘lib o‘ynadik
Srechko Katanes boshchiligidagi termamiz bitta uslubda o‘ynashga qattiq o‘rganib qolgan ko‘rinadi. 5 himoyachi, 2 tayanch va 3 nafar hujumkor futbolchi. Istalgan raqibga qarshi uchrashuvda mana shu uslubni qo‘llab xato qilyapmiz, chamamda. Sababi, Suriyaning himoyalanishini bilardik. Chuqur himoyalangan jamoaga qarshi biroz tajovuzkorroq va aktivroq futbol o‘ynaganimizda, gol urishni uddasidan chiqardik, balki. Biroq ehtiyotkorlikni Abbosbek Fayzullayev maydonga tushmagunga qadar davom ettirdik. Maydondagi faollikni ertaroq boshlasak ham bo‘lardi. Har holda, raqib hujumdagi potensiali o‘ta yuqori bo‘lmagan Suriya edi. Yaponiya yoki Janubiy Koreya emas.

Tarkib tanlashda xatolar
Hammaning e’tirozi - Abbosbek Fayzullayevning zaxirada qolgani. Biroq Abbosga bog‘liq bo‘lmagan muammo ham bor edi. Bu - Oston O‘runovning hujum markazida ko‘rinish bergani. O‘zi shundoq ham katta turnir oldidan Shomurodov kabi liderini yo‘qotgan termamiz qanotdagi "tulpori"ni ham noto‘g‘ri tanlov evaziga mana shu bahsda yo‘qotib qo‘ydi. Hujumlarning aksari ko‘p hollarda qanotdan to‘pni jarima maydoniga havolatib yetkazib berish elementi bilan yakunlanyapti. Alijonovda kreativ bor va ba’zan u o‘z qanotidan raqib jarima maydoni tomon ajoyib reydlar uyushtirib qoladi. Biroq Sayfiyev ayni dam eplayotgan yagona ish - qanotdan to‘pni jarima maydoniga havolatib yetkazib berish. Shunday holatda markaziy hujumchi kerakmi? Kerak!

Ovutadigan jihat
Bilasiz, 2019 yildagi Osiyo kubogini termamiz Ummonga qarshi uchrashuv bilan boshlagandi. Suriyaga qarshi bellashuvdan so‘ng esimga o‘sha o‘yin tushdi. Ancha qiynalgandik, o‘yin o‘xshamagandi. Shunday bo‘lsa-da, tarkibdagi yetakchilarning (Odil Ahmedov va Shomurodov) say-harakatlari evaziga bir amallab ilk turda 3 ochko qo‘lga kiritishni uddalaganmiz. Bugun ham o‘yin tomonlama o‘sha kartina, faqat epizodlarda hal qiladigan "qizil yopinchiqli qahramon" topilmadi. Albatta, Hindistonga qarshi uchrashuvda jamoamizdan g‘alabadan boshqa hech narsa kutmaymiz. O‘sha bahsdan keyin vakillarimizning o‘yini ochilib ketsa, hech gap emas.

Mundialni yutgan Argentina ham ilk turda Saudiya Arabistoniga yutqazgan, hali hammasi oldinda deyishimiz mumkin. Biroq "bizning Messimiz" bu turnirda afsuslar bo‘lsinki, yordam bera olmaydi! Nima bo‘lsa ham termamizga kelgusi o‘yinlarda omad tilaymiz va ulardan imkon qadar yaxshiroq natija kutamiz.

Xudayqulov Karim


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Suriyaga qarshi o‘yin haqida: Epizodlarda hal qiladigan "qizil yopinchiqli qahramon" topilmadi!