19:13 / 16.01.2024
1 293

Shomurodovga zo‘r xaridor chiqdi. Bu variant Eldorga ham yoqishi aniq!

Shomurodovga zo‘r xaridor chiqdi. Bu variant Eldorga ham yoqishi aniq!

Eldor Shomurodov murakkab davrni boshdan o‘tkazmoqda. 28 yoshli hujumchi og‘ir jarohat olgan. Klubdagi ishlari yurishmayotgani yetmagidan Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasiga yordam bera olmayapti.

Srechko Katanes boshqarayotgan jamoa Qatardagi musobaqaning birinchi o‘yinida Shomurodovsiz ancha qiynalganini ko‘rdik. Hamyurtlarimiz Suriya terma jamoasi darvozasiga birinchi aniq zarbini ikkinchi bo‘lim oxirlarida yo‘llay oldi xolos.

Anchadan beri “Kalyari” hujum chizig‘iga yangi hujumchi olib kelish masalasini hal qilmoqchi bo‘lib yuribdi. Jamoa bosh murabbiy Klaudio Raneri yangi ijrochi olish uchun avval tarkibdagi biror futbolchidan voz kechish kerakligini ta’kidladi.

Yaqingacha chiqish uchun nomzod Andrea Petanya va Eldor Shomurodov bo‘lib turgandi. Bu ikki o‘yinchi jamoada eng katta maosh olishi ham ular qolganlardan ko‘proq samara keltirishi kerakligini bildiradi.

Andrea Petanya o‘tgan turda kuchli to‘rtlikka kirish uchun kurashayotgan “Bolonya” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining muhim g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi va jamoaga kerak o‘yinchi ekanini isbotlashga kirishdi.

Hozircha, “Kalyari” hujumchilaridan faqat Eldor Shomurodov gollar hisobini ochgani yo‘q. Endi formasini tiklab olgan jarohat olib safdan chiqqani vaziyatni yanada murakkablashtiradi.

Shunga qaramay, Shomurodovni o‘z safida ko‘rishni istaydigan jamoa paydo bo‘ldi. Bu Eldor uchun qadrdon klubga aylanib qolgan "Jenoa"dir.

“Jenoa” ham o‘tgan yili “Kalyari” bilan birga quyi ligadan A Seriyaga ko‘tarilgan edi. Alberto Jilardino jamoasining ishlari sardiniyaliklarnikidan ancha yaxshi. Jamoa 22 ochko to‘plagan holda 12-pog‘onaga joylashgan.

Taniqli insayder Janluka Di Marsioning xabar berishicha, genuyaliklar qishki transferlar vaqtida hujum chizig‘ini kuchaytirishga qaror qilgan. Mavsum oxirigacha ijaraga olinadigan birinchi nomzod sifatida Eldor Shomurodov nomi keltirilmoqda.

“Jenoa” va Eldor Shomurodov o‘rtasida yangi hamkorlik bo‘yicha aloqalar yo‘lga qo‘yilayotganini yana bir necha manba, xususan, romapress.net, skysports.com saytlari hamda  “Il Secolo XIX” nashri ham tasdiqladi.

Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa” Eldor Shomurodovning A Seriyadagi ilk klubi hisoblanadi. Genuyaliklar 2020 yili o‘zbek futbolchisini Rossiyaning “Rostov” jamoasidan transfer qilgan edi. Legionerimizning transferi bu klubga bonuslar bilan birga 9,5 million yevroga tushgan.

Shomurodovning yulduzli onlari ham aynan “Jenoa”da o‘ynagan davrga to‘g‘ri keladi. Italiyadagi ilk mavsumida Eldor A Seriya va Italiya kubogida jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga sakkizta gol va ikkita assist yozdirib qo‘ygan.

O‘zaro hamkorlik genuyaliklarga ham katta foyda keltirgan. Shomurodovning transferi orqali “Jenoa” 18 million yevro ishlab olgan.

Ayni paytda Shomurodov og‘ir jarohatidan davolanyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, 28 yoshli forvard yanvar oyi oxiri yoki fevralning boshida maydonga qaytadi. Agar tomonlar o‘zaro hamkorlik borasida kelishuvga erisha olsa, Genuyadagi futbol ishqibozlarining yoqimtoyiga aylanib qolgan Shomurodov yana “Jenoa”da to‘p tepishi mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodovga zo‘r xaridor chiqdi. Bu variant Eldorga ham yoqishi aniq!