Italiya matbuotida “Kalyari”da ishlari yurishmayotgan Eldor Shomurodovga “Jenoa”ning qiziqish bildira boshlagani haqida ma’lumotlar ko‘payib qoldi. Aksariyat manbalar o‘zbek futbolchisining o‘zi porlagan klubga qaytishi sensatsion transfer bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Transfer bozori ekspertlari “Jenoa”ning transfer siyosatini tahlil qilish orqali Shomurodovning Genuyaga qaytish imkoniyatlariga ham baho berdi.
A Seriyaga qaytgan “Jenoa” mavsumni yaxshi o‘tkazmoqda. Alberto Jilardino shogirdlari so‘nggi beshta turda yutqazmaganini inobatga olgan rahbariyat bosh murabbiyni yangi transferlar bilan qo‘llab-quvvatlamoqchi.
Genuyaliklar o‘tgan yoz 9,7 million yevroga xarid qilingan 21 yoshli Radu Dregushinni 11 yanvar kuni “Tottenxem”ga 25 million yevroga transfer qildi. Bundan tashqari, genuyaliklarda yana bir necha chiqish transferlaridan pul keladigan joylari bor.
“Jenoa” rahbariyati “Salernitana”dan Emil Boxinenni keyinchalik sotib olish huquqi bilan ijaraga oldi. Endi navbat hujum chizig‘ini kuchaytirishga. Bu masalani turli manbalar quyidagicha yoritmoqda.
LA GAZZETTA DELLO SPORT:
“Jenoa”da hujumchi pozitsiyasiga asosiy nomzod Mbaye Nyang. Turkiyaning “Adana Demirspor” jamoasi to‘purari 19 dekabrdan beri to‘rtta o‘yinda qatnashmadi. Fransiyalik futbolchi turklar bilan shartnomani bekor qilib, top-ligalarga qaytishni maqsad qilgan.
“Jenoa” sobiq o‘yinchisini qaytarish uchun “Verona” bilan raqobat olib borishi kerak. Eldor Shomurodov hozircha Nyangga o‘rinbosar sifatida tanlangan.
TUTTOCAGLIARI.NET:
Genuyaliklar qiziqish bildirayotgan Eldor Shomurodov “Kalyari”ning ijara o‘yinchisi hisoblanadi va u aslida “Roma”ga tegishli. “Jenoa”da sobiq hujumchisini qaytarish imkoni bor, lekin o‘zbek futbolchisi hozir jarohat olib safdan chiqqanini inobatga olish lozim.
Shomurodov fevralgacha maydonga qayta olmaydi va sport formasini tiklab olishi uchun yana vaqt talab etiladi. Mana shu omil “Jenoa”ning Shomurodovni olishiga xalaqit qiladi va Eldorning sensatsion qaytishiga katta to‘siq bo‘ladi.
Qolaversa, genuyaliklar jamoaga darrov yordam bera oladigan hujumchiga ehtiyoj sezyapti, Shomurodovning yuqori darajada o‘ynay boshlashini kutishga vaqt yo‘q.
SERIEANEWS.COM:
Alberto Jilardino hujum chizig‘ini kuchaytirishi kerak. Jamoa o‘yiniga katta ta’sir o‘tkazib kelgan Radu Dregushin boshqa jamoaga qo‘yib yuborildi. Hujumkor futbolchilardan Jorj Pushkash sakkizta bahsda hali gol ura olgani yo‘q, Kaleb Ekuban 14 ta uchrashuvda bitta to‘p kiritdi. Ularning bo‘sh o‘yini genuyaliklarni yangi o‘yinchilarni olishga majbur qilyapti.
Genuyaliklar asosiy nishon sifatida ilgari “Jenoa”da muvaffaqiyatli o‘ynab ketgan hujumchilarni belgiladi. Birinchi navbatda Mbaye Nyang. U hozir turkiyaliklar bilan yuzaga kelgan ziddiyatlar ortidan “Adana Demirspor”dan ketishga tayyorgarlik ko‘ryapti. Nyangning shartnomasi 2025 yilning 30 iyunigacha tuzilgan. Lekin so‘nggi to‘rtta uchrashuvda qatnashmagani fransiyalik futbolchining klubdan ketishidan darak beradi.
“Jenoa” kutayotgan hujumchiga “Verona”ning ko‘z tika boshlagani genuyaliklarning rejasiga xalaqit qilishi mumkin. Shu bois, genuyaliklar yana bir sobiq hujumchisi – Eldor Shomurodovni olish imkoniyatlarini ham o‘rganib chiqmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring