Katanes g‘alaba, Hindistonning darajasi, yosh futbolchilarimiz va startdagi bosim haqida gapirdi
Bugun O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo kubogi ikkinchi turida Hindiston bilan kuch sinashdi. Ustunlikka erishgan hamyurtlarimiz 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yindan so‘ng tashkil etilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida Srechko Katanes o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"O‘tgan bir yil davomida asosan 3 markaziy himoyachi bilan o‘ynadik. Bunday o‘yinda terma jamoamiz o‘zini yaxshi his qiladi. Hattoki, "Inter" klubi ham 3 ta markaziy himoyachi bilan o‘ynaydi. Farqi ular ko‘proq hujumga intiladi. Men himoyachilarimga hech qachon "faqat orqada turinglar", demayman. Faqatgina Suriyaga qarshi bahsda hujum uyushtirishda qiynaldik.
Masalan, bugun Avstraliya - Suriya uchrashuvining birinchi taymini ko‘rdim. “Kengurular” 4 ta himoyachi bilan o‘ynadi. Bu bilan Avstraliya ko‘plab hujumlar yaratdi demagan bo‘lardim. Ularda imkoniyat kam bo‘ldi. To‘rt himoyachi degani ko‘plab hujumlar tashkil qilishini anglatmaydi.
Biz ozroq sabr qilishimiz kerak. Sababi, tarkibda yosh va bu kabi turnirlarda maydonga tushmagan futbolchilar yetarlicha. Ko‘rib turibsiz, ular jarayonga moslashib olishi bilan hammasi iziga tushib ketmoqda.
Boshida bosim bo‘lishi aniq edi. Ammo hozir yigitlarga osonroq bo‘layotganini his qilib turibman. Biz o‘yindan o‘yinga yaxshilanib bora olamiz, bunga har tomonlama kuchimiz yetadi.
Hindiston FIFA reytingida bizdan pastki pog‘onada turibdi. Ammo ularni juda yomon jamoa, demasdim. Shunchaki, biz yaxshiroq harakat qildik va g‘alabani qo‘lga kiritdik. Mag‘lubiyat - bir jamoaning o‘ta yomon ekanini anglatmaydi. Men bu fikrga qo‘shilmayman.
Yosh futbolchilarimizning harakatidan qoniqish hosil qildim. Ular yaxshi o‘yin ko‘rsata olsa, biz har qanday raqibga qarshi munosib qarshilik ko‘rsata olamiz. Bugungi 3 ochko qo‘lga kiritilishida ularning hissasi katta. Umid qilamanki, yigitlar bosqichma-bosqich rivojlanishda davom etadi.
Men haqimda nima yozishayotgani, qarorlarim borasida qanday fikrlar aytishayotganiga e’tibor qaratmayapman. Men shunchaki o‘z ishimni mukammal bajarishga harakat qilyapman. Jurnalistlarni hurmat qilaman, ammo qaytaraman, ularning nima deyishi mening ish uslubimga ta’sir qilmaydi.
Agar men jurnalistlar fikri bilan ish qilaversam, ertaga mag‘lub bo‘lganimizda ham ular gapirishda davom etadi. Unda bu mag‘lubiyatlar uchun mas’uliyatni ular o‘z bo‘yniga olishga qurbi yetadimi?", - dedi mutaxassis.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring