16:48 / 19.01.2024
376

Osiyo kubogi. O‘zbekiston terma jamoasi uchun guruhdan nechanchi o‘rinda chiqish qulay?

Osiyo kubogi. O‘zbekiston terma jamoasi uchun guruhdan nechanchi o‘rinda chiqish qulay?

Hindistonga qarshi o‘yindagi g‘alaba tufayli O‘zbekiston o‘z ochkolarini 4 taga yetkazib oldi hamda «B» guruhida kuchli uchlikda bo‘lishni kafolatladi. 24 jamoa ishtirok etayotgan turnirda, odatda, guruhda 4 ochko to‘plagan jamoa keyingi bosqichga chiqadi.

Biz esa 3-o‘rin haqida zinhor o‘ylamasligimiz kerak. Boisi, "B" guruhida 3-o‘rinni egallagan jamoa nimchorak finalda "C" yoki "D" guruhi g‘olibi bilan to‘qnash keladi. Ko‘p ehtimol bilan bu — Eron yoki Yaponiya bo‘ladi. Buni Suriya ham tushunib turibdi. Ular so‘nggi turda O‘zbekistonning mag‘lubiyatini kutgan holda, Hindiston darvozasiga kamida 4 ta gol urishga harakat qilishadi. Bunga shubha yo‘q.

Biz guruhda 1 yoki 2-o‘rinni egallash haqida o‘ylaganimiz yaxshi. 23 yanvar kuni Avstraliyani mag‘lub etsak, guruh g‘olibi bo‘lamiz, durang esa bizga 2-o‘rinni kafolatlaydi.

Guruhdagi o‘rnimizga qarab pley-offda qaysi jamoa(lar)ga to‘qnash kelishimiz mumkinligini tahlil qilib ko‘ramiz.

A) Guruhda 1-o‘rinni egallasak:

Nimchorak finalda — "A", "С" yoki "D" guruhida 3-o‘rinni band etgan klublardan biriga qarshi maydonga chiqamiz. Agar reyting asosida olib qaraydigan bo‘lsak, bu — Livan, Falastin yoki Vetnam bo‘lishi mumkin. O‘rtachadan sal pastroq jamoalar.

Chorak finalda esa 1/8 finalda "F" guruhida 1-o‘rin / "E" guruhi 2-o‘rin g‘olibi bilan to‘qnash kelamiz. Bu, ko‘p ehtimol bilan Saudiya Arabistoni / Iordaniya bo‘ladi.

Yarim finalda esa katta ehtimol bilan Yaponiya raqibimiz bo‘ladi.

B) Guruhda 2-o‘rinni egallasak:

Nimchorak finalda — "F" guruhida 2-o‘rinni band etgan klubga qarshi maydonga chiqamiz. Katta ehtimol bilan, bu — O‘mon yoki Tailand bo‘ladi.

Chorak finalda esa Qatarga qarshi maydonga chiqish ehtimolimiz yuqori. Bu jamoa nimchorak finalda guruhlarda 3-o‘rinni egallagan jamoalardan biriga qarshi maydonga chiqadi.

Bu yo‘ldan yarim finalga ko‘p ehtimol bilan Janubiy Koreya yoki Eron chiqib keladi.

Xo‘sh, qaysi variant sizga ma’qulroq ko‘rinyapti? A yoki B variant?


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Osiyo kubogi. O‘zbekiston terma jamoasi uchun guruhdan nechanchi o‘rinda chiqish qulay?