G‘alaba qozonmasak bo‘lmaydi! Avstraliyaliklar ham, o‘zbeklar ham sensatsiyani ko‘zlayapti
Osiyo kubogining “B” guruhidagi dastlabki ikki turda Hindiston va Suriya terma jamoalarini mag‘lubiyatga uchratgan avstraliyalik futbolchilar muddatidan oldin pley-off bosqichi masalasini hal qilib bo‘ldi.
Hozircha, kvartetdagi oxirgi bahs oldidan qolgan uch jamoada ham musobaqani davom ettirish imkoniyati saqlanib qolgan. Biroq bu imkoniyat O‘zbekistonda ko‘proq, Suriya va Hindiston borini o‘zaro to‘qnashuvga tashlash orqali minimal vaziyatdan foyda chiqarishga urinib ko‘radi.
Lekin kengurular yurti vakillari bundan bo‘shashmoqchi emas va bor e’tiborini guruhdagi so‘nggi uchrashuvda O‘zbekiston terma jamoasini yengishga qaratadi.
Buning o‘ziga xos sabablari bor ekan. Avstraliya terma jamoasi faoliyatini yoritib kelayotgan socceroos.com.au sayti bo‘lajak bahs ahamiyati haqida shunday ma’lumot berdi.
- “B” guruhining uchinchi turidagi o‘yin Avstraliya va O‘zbekistonning o‘zaro beshinchi to‘qnashuvi bo‘ladi. Ular so‘nggi bor 2019 yilgi Osiyo chempionati nimchorak finalida bir biriga ro‘baro‘ kelgandi va o‘shanda avstraliyaliklar penaltilar seriyasida ajoyib tarzda g‘alaba qozongan.
Grem Arnold shogidlari ancha qarshilik ko‘rsatgan Hindistonni 2:0, og‘ir o‘tgan uchrashuvda Suriyani 1:0 hisobida yengdi va to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan “oq bo‘rilar”ga qarshi bellashuvda guruhdagi peshqadamlikni mustahkamlashni maqsad qilgan.
O‘yin bo‘ladigan “Al-Janub” arenasi avstraliyaliklarga begona emas. Ular 2022 yilgi jahon chempionatida guruh bosqichini uchala o‘yinini shu maydonda o‘tkazgan.
Avstraliya terma jamoasi Osiyo kuboklarida qatnashib kelayotganidan buyon hali hech qachon guruh bahslarida 100 foizlik natija qayd etmagan. Bu gal Grem Arnaold shogirdlari uchinchi turda O‘zbekistonni mag‘lubiyatga uchratib, ana shu holatga barham bermoqchi va ilk bor guruh bahslarining hammasida g‘olib chiqqan jamoaga aylanmoqchi, - deb yozdi socceroos.com.au sayti.
Darhaqiqat, avstraliyaliklar Osiyo futbol konfederatsiyasiga 2006 yili qo‘shilganidan buyon qit’a chempionatlarida oltinchi marotaba ishtirok etmoqda. Shu paytga qadar ular 2011 yili Qatardagi Osiyo kubogida kumush, 2015 yili o‘z yurtlaridagi turnirda oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Avstraliya va O‘zbekiston futbolchilari o‘zaro to‘rt marotaba to‘qnash kelgan. Ilk bor 2008 yili jahon chempionati saralash turniri doirasida Toshkentda o‘tkazilgan bellashuv mehmonlarning kichik hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlangan.
2009 yilning aprelida Avstraliyadagi bahsda ham raqibning qo‘li baland kelgan. Yana ikki uchrashuv Osiyo kubogi pley-offlarida o‘tkazildi.
2011 yili Qatardagi Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi zo‘r ishtirok etdi va o‘z tarixida ilk bor yarim finalga chiqdi. Final yo‘llanmasi uchun kurashda hech kim kutmagan natija qayd etildi. Avstraliyaliklar darvozamizga javobsiz oltita to‘p kiritdi.
So‘nggi to‘rtinchi bahs 2019 yilgi qit’a chempionatining nimchorak finaliga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston ilk marotaba raqibning g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymadi. Asosiy va qo‘shimcha vaqtda hisob ochilmagach, penaltilar seriyasida omad Avstraliya terma jamoasiga kulib boqdi.
Ko‘rinib turibdiki, 23 yanvarga belgilangan uchrashuv nafaqat avstraliyaliklar, balki o‘zbek futbolchilari uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etishi mumkin. Raqib guruh bahslaridagi statistikasini o‘nglamoqchi bo‘lsa, hamyurtlarimiz avstraliyaliklarni birinchi marta mag‘lub etish va ushbu raqib darvozasiga ilk marotaba gol urish uchun o‘ynashi kerak.
Qaysi jamoa o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erisha olishini “V” guruhining oxirgi uchrashuvi ko‘rsatib beradi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring