Ja’far Irismetov: "O‘zbekiston hujumchisiz o‘ynaydigan eski "Barselona" emas. Bu eng kuchli tarkibimiz"
O‘zbekiston terma jamoasi Osiyo Kubogi guruh bosqichida ikkinchi o‘rin bilan nimchorak finalga yo‘llanma oldi. Avstraliya bilan durang "oq bo‘rilar" uchun keyingi bosqich eshiklarini ochdi.
Kvartetdagi 3ta raqib bilan o‘yin o‘zbek futboli ommasida turlicha taassurot qoldirdi. Suriya bilan durangdan so‘ng xavotirlar uyg‘ongan bo‘lsa, Hindiston ustidan g‘alaba to‘liq xulosa bermasdi. Avstraliyaga qarshi kechgan o‘yinda mag‘lubiyatni durangga aylantirilgani va keyingi bosqich yo‘llanmasi ko‘nglimizga iliqlik olib kirdi, deya olamiz. Xo‘sh, bu borada O‘zbekiston terma jamoasi sobiq hujumchisi Ja’far Irismetov nima deydi?
- Osiyo Kubogidan oldin guruhdan Avstraliya va O‘zbekiston chiqishini taxmin qilgan edim. Aniqrog‘i 1, 2-o‘rin uchun shu ikki terma jamoa kurashishi ma’lum bo‘lgandi. Guruhdagi o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Suriya bilan ehtiyotkor taktika tanlandi. Natija barchaga ma’lum. Hindiston O‘zbekiston uchun kuchli raqib emasdi. Shu kuni tarkib ham yaxshi ko‘rinish oldi. Hujumda Igor Sergeyev harakat qildi. Abbosbek Fayzullayevning tushishi o‘yinni kuchaytirdi. To‘g‘risini aytsam, Avstraliya bilan o‘yinda futbolchilarimizda biroz qo‘rquv hissi ko‘rindi. O‘yindan o‘yinga kuchayib boramiz desam, Avstraliya bilan bahs men kutgandek ko‘rinish olmadi. O‘yindan oldin to‘p nazorati bizda bo‘lishini aytgandim. Umid qilamanki, O‘zbekiston terma jamoasi yana kuchayadi. Keyingi bosqichda Tailand yoki O‘mon tushishi mumkin. Bu raqiblar bilan yaxshiroq o‘yin ko‘rsatishimizga ishonaman. Jarohatlar ham murabbiyning rejalariga ta’sir qilayotganini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Har o‘yindan oldin yo‘qotishlar bo‘lyapti.
- Hujumchisiz o‘yinni boshlash haqida fikr bildirsam, baribir nominal hujumchi bo‘lgani yaxshi. Turlicha eksperimentlar, deylik Abbosbek Fayzullayevning hujumga qo‘yilishi noto‘g‘ri bo‘ldi. Shomurodovning yo‘qligini Katanes bilar edi. Asosiy tarkibga ko‘proq munosibi Igor Sergeyev edi. O‘zingiz ham guvoh bo‘lganingizdek, birinchi o‘yinda Oston, kecha esa Abbos yo‘qolib qoldi. Ular sof hujumchi bo‘lmagani uchun qiynaldi. Bu bilan biz o‘z-o‘zidan 2ta joyni yo‘qotyapmiz. Ular hujumda ham o‘ynay olmayapti va o‘z pozitsiyasida ham kuchli tarafini ko‘rsatishi murakkab kechdi. Avstraliya bilan bahsda Abbosning o‘yini chiqmagani ham shu holat bilan bog‘liq. Hujumchi baribir boshqacha. O‘zbekiston hujumchisiz o‘ynaydigan eski "Barselona" emas-ku? Boz ustiga uslubimiz umuman boshqacha. 3ta hujumchidan nahotki 1tasini asosiy tarkibga qo‘yishning imkoni bo‘lmasa? Bu albatta mening fikrim. Katanetsning o‘z fikri va qarashlari bor, futbolchilarga ko‘proq u yaqinroq. Bu bizning xolis fikrimiz.
- Murabbiylarni tarkib tanlay olmayapti, demagan bo‘lardim. Qanday tarkib tushirishni o‘zlari hal qiladi. Hozirgi kunga kelib tarkibimizda kuchli futbolchilar yig‘ilgan. Faqatgina Aziz G‘aniyevning jalb qilinmagani yangilik bo‘ldi, deb o‘ylayman, chunki Azizni Osiyo Kubogiga borishini kutgandim. Bu eng kuchli tarkibimiz. Shomurodov, Sergeyev jarohat olib safdan chiqdi. Jarohatlarning sababini murabbiy bilsa kerak. Futbolchilar dam olmasdan o‘ynamoqda. Mavsum tugashi bilan terma jamoa yig‘iniga ketishdi. U yerda ham yuklamalar olishgan. Shuning hisobiga jarohatlar ko‘paymoqda. Murabbiylar shtabi barchasini hisobini olishi kerak.
- O‘yinlarda individual mahorat evaziga natija kelyapti. Murabbiyning taktikasi, sxemalari ko‘rinib turibdi. Lekin stabil emas. Himoyada to‘g‘ri o‘ynayapmiz. Hujumda hech qanday yangilik yo‘q. Oldinda o‘yinimiz shakllanmagan. Himoyaga qaytayotganda chiziqlar zo‘r ko‘rinyapti. Tartibli himoyalana olyapmiz. Lekin hali jamoaviy o‘yin ko‘rinmayapti. Balki keyingi o‘yinlarda jamoaviy harakatlarimiz yaxshi chiqar. Nima bo‘lganda ham O‘zbekistonga muxlislik qilamiz. Murabbiylar jamoani ichida. Biz chetdan ko‘rib gapiryapmiz. Yigitlarga omad tilaymiz. Butun O‘zbekiston chempionlikni kutyapti. Chunki 1994 yildan beri milliy terma jamoa bilan sovrin yutmaganmiz. O‘ylashimcha, bu tarkib oxirgi yillarga qaraganda kuchliroq. Chempionlikka harakat qilishlari aniq. Ammo qolgan terma jamoalar ham kuchsiz emas. Eron, Yaponiya, Koreya, Saudiya Arabistoni. Avstraliya bularning fonida unchalik kuchli emas. Umuman olganda yarim finalgacha ajoyib setkadamiz. Yarim finalgacha borishimiz foizini yuqori baholayman. Biz yutadigan raqiblar ro‘baro‘ keladi. O‘yinimizni yaxshi darajaga keltirib olishimiz lozim. Buyog‘i yarim final va final. Yakunda chempion bo‘lib ketsak ajab emas.
- Katanes qolgan o‘yinlarda ham ehtiyotkorlikni saqlab qolsa kerak. Tavakkal qiladigan payt emas. Keyingi bosqich bitta o‘yindan iborat. Hujumchi tushiradimi yoki yo‘q bilmayman. Individual mahoratimiz yana katta sahnaga chiqishini kutyapman. Masalan Jaloliddin Masharipov, Abbosbek Fayzullayev va boshqalar. Terma jamoamizga omad tilaymiz.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring